Yengilmas Floyd Meyvezerning rejalari

Floyd Meyvezer.
«Men Rossiya fuqarosi bo‘lib, Grozniy shahrida uyim bo‘lishini istayman», deydi boks ustasi Floyd Meyvezer. Albatta, uning bu qarorini ko‘pchilik kutmagani aniq. Ammo so‘nggi yillarda mashhur kinoaktyor va sportchilarning Rossiya fuqaroligini qabul qilishi urf bo‘lganini inobatga olsak, bu ishning amalga oshishi haqiqatga yaqin.
350 million AQSh dollari
Floyd MMA chempioni Konor MakGregor bilan o‘tkazilgan jangdan so‘ng 350 million AQSh dollariga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, u 50 ta jangining barchasida zafar quchib, faoliyati davomida umuman mag‘lubiyatga uchramagan bokschi sifatida rekord o‘rnatdi. Xo‘sh, hozir u nima bilan mashg‘ul? Umuman olganda, 2017 yil Floyd uchun qanday o‘tdi?
Pullar nimalarga ishlatilmoqda?
Floyd Meyvezer «yil jangi»dan so‘ng AQShning Los-Anjeles shahridagi boylar istiqomat qiladigan Beverli-Xillzdan 25,5 million dollarga maydoni 1400 kvadrat metrga teng bo‘lgan yangi uy sotib oldi. Mebellarining o‘ziga 500 ming dollar sarf qildi. Floyd yangi uyining xonalaridan biriga hurmat yuzasidan raqibi MakGregorning ham katta portretini osib qo‘ydi.
«Beverli-Xillzdagi turmush tarzi juda maroqli, sog‘lom va tinch ekanligini aytib o‘tmoqchiman», — deydi u. Ushbu koshonani xarid qilganidan so‘ng Meyvezer avtomobillari kolleksiyasiga yana to‘rt «toychoq»ni qo‘shib qo‘ydi. «Ferrari», «Lamborjini», «Rolls-Roys» va «Bugatti»lar chempionga 4 million dollarga tushdi.
Meyvezer — videoo‘yinlar timsoli!
Floydning ajoyib janglari unga nafaqat ringda, balki sportdan tashqarida ham katta muvaffaqiyat keltiryapti. Noyabr oyida Meyvezer ijtimoiy tarmoqlar uchun o‘yinlar ishlab chiqaruvchi «Playtrex», shuningdek, «Hero Digital Entertainment» bilan uzoq yillik shartnoma imzoladi. Shartnomaga ko‘ra, ushbu brendlar Meyvezerning yuzidan foydalanish huquqini qo‘lga kiritdi. U «Wild Poker» deb nomlangan o‘yinning asosiy timsoliga aylandi.
«Wild Poker»ni ko‘rganimdan so‘ng, men uning bir qismi bo‘lishni juda xohladim. Men boshqa reklamalarda suratga tushishim mumkin. Ammo «Wild Poker» men uchun katta ahamiyat kasb etadi», deya o‘z fikrlarini ma’lum qilgan Meyvezer.
U yana ringga qaytadimi?
40 yoshni qarshi olgan Floyd Meyvezer MakGregor bilan jangdan so‘ng o‘z faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan edi. Biroq, oradan bir muddat vaqt o‘tgandan so‘ng, uning yana ringga qaytishi borasida xabarlar tarqaldi. Unda Meyvezer o‘zining 51-jangiga tayyorgarlik ko‘rayotgani aytilgan. Lekin, sportchining yaqinlari bu xabarni rad etgan. Ammo «shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi», — deyishadi.
MakGregor bilan revansh jangi o‘tkaziladimi?
«Yiqilgan kurashga to‘ymas», — deganlaridek, MakGregor jangda g‘alaba qozonganini, lekin hakamlarning noxolisligi tufayli mag‘lubiyat alamini totganini iddao qilmoqda. Ammo o‘sha jang guvohi bo‘lganlar Meyvezer Konorni juda qiyin ahvolga solib qo‘yganini juda yaxshi bilishadi.
«Agarda yana bir marotaba Floyd bilan jang qilsam, albatta g‘alaba qozonaman. Men o‘shanda unga jang boks qoidalari bo‘yicha bo‘lishini aytgan edim. Shunday ham bo‘ldi. U esa men bilan aralash yakkakurashlarda bellashaman, degan edi. Agarda jang o‘shanda MMA tizimida o‘tkazilganda, albatta uni osongina taslim etardim», deya o‘z so‘zlarini ma’lum qilmoqda MakGregor. Meyvezer esa boshqacha fikrda. «Haqiqatni bilmoqchimisiz? Birinchi jangda men uni imkon boricha avayladim. Chunki Konorga jiddiy shikast yetkazib qo‘yishni umuman istamadim. Uning revansh haqida o‘ylashi umuman aqlga sig‘maydi».
Ikki tomon ham o‘z fikrida sobit turibdi. Lekin, oddiy haqiqat bor. Boks qoidalari bo‘yicha jang o‘tkazilar ekan, Floyd Meyvezerning g‘alabasiga shubha qilishning iloji yo‘q. Floyd va Konor o‘rtasida jang yana tashkil etilishi mumkin. Biroq, bu bahs faqatgina piar uchun o‘tkaziladi va unda foydani faqat ikki sportchi ko‘radi.
Chin yurtiga safar...
Floyd Meyvezer pulni qayerga ishlatishni va qanday topishni yaxshi biladi. U Xitoyga tashrifi davomida birgina panda uchun 15 ming dollardan voz kechdi. Shuningdek, boshqa xarajatlar uchun bokschi bir necha yuz minglab dollarlarni sarf etdi. Lekin u Xitoy, Honkong, Makaoga tashrifi chog‘ida 3 million dollar ishlab topdi.
«Mening hayotim, yashash tarzim va topayotgan pullarim haqida men hech kimga hisobot bermayman. Bu mening ishim», — deydi u.
Meyvezer Rossiya fuqarosi...
Floyd so‘nggi marotaba Rossiyaga tashrif buyurganida, ya’ni joriy yilning mart oyida Rossiya fuqarosi bo‘lishni va bu yerda o‘zining shaxsiy biznesini ochish rejasi borligini ma’lum qilgan edi. «Rossiya fuqaroligini olishni umid qilaman. Menga hattoki o‘zimning yangi uyimni ko‘rishni taklif etishdi. Faqat bunga vaqtim bo‘lmagani uchun bu ishni keyinga qoldirdim. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov menga Grozniy shahridan uy taklif etdi. Bu menga ma’qul keldi. To‘g‘ri, Moskvada ham uylar ko‘p. Lekin Grozniy yoqib qoldi», — deydi bokschi.
Hozircha uning qachon Rossiya fuqaroligini olishi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ammo Rossiya fuqaroligini olgan ko‘plab mashhur insonlar singari Floyd Meyvezer ham yaqin vaqt ichida rossiyalikka aylanib qolishi ham hech gap emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter