«Chimgan challenge» qishki sport o‘yinlari yakunlandi
Bo‘stonliq tumanidagi «12-chashma» tog‘ chang‘isi bo‘yicha havaskorlar klubida ilk bor «Chimgan challenge» qishki sport o‘yinlari bo‘yicha yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. Festival O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha respublika oliy sport maktabi hamkorligida tashkil etildi.
Avvalroq, festival boshlangani haqida ma’lum qilingandi. Ikki kunlik festivalda 500 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi.
Shu tariqa 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar festivaliga start berildi. Ular sportning voleybol, chang‘i uchish va «Snowboarding» turlari bo‘yicha qizg‘in bahsga kirishdi. Saralash bosqichlaridagi eng tezkor, eng ilg‘or va eng kuchlilar finalga yo‘l oldi.
Festivalning ikkinchi kuni chang‘i uchish bo‘yicha 16 nafar yosh sportchilar o‘zaro bellashdi. Har ikki sportchidan qay biri marraga birinchi bo‘lib yetib kelsa, keyingi raqib bilan kuch sinashdi. Mag‘lublar esa maydonni tark etdi. Shu yo‘sinda kechgan musobaqada 37 sekundda 300 metrlik masofaga yetib kelgan «uchar sportchi» Arman Gayupov ushbu yo‘nalishda 14-19 yosh toifasi bo‘yicha mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Voleybol bo‘yicha musobaqada birinchi o‘rinni «Chirchiq-1» jamoasi, ikkinchi o‘rinni Chirchiq-2 jamoasi, uchinchi o‘rinni esa «Yangiyo‘l» jamoalari qo‘lga kiritdi.
3 ta yo‘nalishning 3 ta yosh toifasi bo‘yicha 27 nafar g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
«Chimgan Challenge» festivali har yili qishki mavsumda doimiy ravishda o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter