Boks nega paysalga solinmoqda? Andijonda yana bir «hangoma»

Joriy yilning 6-mart kuni Asaka tumanida professional boks kechasi o‘tkazilishi kerak edi. Tabiiyki, tashkilotchilar tomonidan musobaqa o‘tkazilishi uchun barcha shart-sharoitlar bekamu-ko‘st bajarilgan bo‘lib, kecha ishtirokchilarining aksariyati ham bir kun muqaddam Andijon viloyatida hozir bo‘lishgan edi. Xalqaro me’yorlarga muvofiq vazn o‘lchash marosimi o‘tkazilayotgan bir vaqtda haqiqiy «hangoma» boshlandi. Bu haqda saytimizga O‘zbekiston professional boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Asakada o‘tkazilishi kerak bo‘lgan boks kechasiga ruxsat berilmadi. Vaholanki, mazkur kecha borasida «afisha»lar bir necha kun muqaddam tumanning eng ko‘zga ko‘ringan joylariga ilib chiqilgan, ishtirokchilar orasida bir necha nafar mahalliy bokschilar borligi bois ishqibozlarning ham qiziqishi yuqori edi.
Tabiiy savol tug‘iladi: nega bunday bo‘ldi?
Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston professional boks federatsiyasining mas’ul xodimlari hamda tashkilotchilar 27-fevral kuni (!) 12:31 da musobaqa nizomini Andijon viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasiga yuborgandi. U yerda Sherzod ismli xodim taqdimnomani qabul qilib olgandi.
Vaziyatga oydinlik kiritish uchun Andijon viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Elyor G‘ulomov bilan bog‘landik. Shu o‘rinda qayd etib o‘tish kerakki, E.G‘ulomov boksga begona emas, o‘z vaqtida havaskor boksda e’tiborli natijalarga erishgan. Biroq uning o‘tkazilayotgan musobaqa haqida hech narsadan xabari yo‘q ekani va musobaqa bo‘layotganini o‘sha kuni eshitganini ta’kidlab o‘tdi.
Vaholanki, musobaqa tashkilotchilari (xususan, murabbiy Abdumannop Ahmadaliyev) bu haqda boshqarma mas’ullarini xabardor qilishganini ta’kidlab o‘tishdi. Kim haq, kim nohaq — bu ularning vijdoniga havola.
Mas’uliyatsizlikmi, bee’tiborlik yoki shaxsiy adovat tufayli bayram arafasi asakalik boks ixlosmandlarini xursand qilishi ko‘zda tutilgan ushbu musobaqa, afsuski, o‘tkazilmadi. Bundan kim yutdi-yu, kim esa yutqazdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter