«Tolibon» O‘zbekistonga talab qo‘yishga haqlimi?
Bundan uch yil avval Afg‘onistonda hokimiyat o‘zgarishi va talato‘plar payti O‘zbekistonga hududiga o‘tgan vertolyot va samolyotlar taqdiri siyosiy bahslar mavzusiga aylandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yil avgust oyida, Afg‘oniston davlati tepasiga Tolibon» harakati kelishi arafasida afg‘on uchuvchilari boshqaruvidagi 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot O‘zbekiston havo hududini kesib o‘tgan. Bu AQSh hukumati tomonidan Afg‘onistonga taqdim etilgan harbiy texnikalar edi.
Kobul bir necha yildan beri Toshkentdan mazkur harbiy samolyot va vertolyotlarni qaytarishni talab qilib keladi.
Bu boradagi bahs bir necha kun avval yana qayta boshlandi. Gap shundaki, 26 avgust kuni AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik «Kun.uz» nashriga bergan intervyusida ushbu aviatexnikalarning keyingi taqdiri bo‘yicha kelishuvga erishilgani, harbiy texnikalar O‘zbekistonda qolishi, tomonlar bu borada allaqachon qo‘shma dasturni amalga oshirishga kirishganini ma’lum qildi.
Afg‘oniston islom amirligi mudofaa vazirligi Jonatan Henikning ushbu bayonotiga munosabat bildirib, «O‘zbekistondagi afg‘on vertolyotlari va samolyotlari taqdiriga oid har qanday kelishuvni qabul qilib bo‘lmasligi»ni qayd etdi. «Tolibon» ma’muriyati «AQSh afg‘on xalqining mulkini berishga yoki musodara qilishga haqqi yo‘qligi»ni ta’kidlab, O‘zbekiston hukumatini «yaxshi qo‘shnichilikni hisobga olgan holda oqilona qaror qabul qilish va harbiy havo kuchlari samolyotlarini qaytarishda Afg‘oniston bilan hamkorlik qilish»ga chaqirdi.
O‘zbekiston hukumati bu bayonotga munosabat bildirganicha yo‘q. Ammo o‘zbekistonlik tahlilchilar «Tolibon» ma’muriyatining Amerika texnikasiga egalik qilishga haqqi yo‘qligini aytmoqda.
«Tolibon» vakillari ushbu texnikani afg‘on xalqiga tegishli deb ta’kidlasa-da, u AQShning harbiy yordam dasturi doirasida Afg‘onistonga taqdim etilganini yodda tutish kerak. Shunday qilib, texnika qonuniy ravishda Qo‘shma Shtatlarning mulki sanaladi va uni keyinchalik ishlatish yoki boshqa davlatlarga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqi Amerika tomoniga tegishli. AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henikning texnikani O‘zbekistonga topshirish to‘g‘risidagi bayonoti bu huquqni tasdiqlaydi», – deb yozadi Telegramdagi «Strategic Focus: Central Asia» kanali.
Ta’kidlanishicha, «Tolibon»ning harbiy texnikani talab qilishga bo‘lgan har qanday urinishlari xalqaro yordam doirasida yetkazib berilgan mol-mulkni o‘zlashtirishga urinish sifatida qaralishi mumkin va xalqaro huquq normalariga mos kelmaydi.
«Dunyodagi geosiyosiy beqarorlik sharoitida texnikaning O‘zbekistonda saqlanishi mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka hissa qo‘shishga xizmat qiladi. Bu esa ham O‘zbekiston, ham xalqaro hamjamiyat manfaatlariga mos keladi», – deb xulosa qiladi muallif.
Afg‘onshunos olim Suhrob Bo‘ronov ham «Tolibon» Toshkent va Vashington harbiy texnika borasida kelishuvga erishganidan norozi bo‘lishga hech bir asosga ega emas deb hisoblaydi.
AQSh hukumati 2022 yildayoq Afg‘onistondan olib o‘tilgan samolyot va vertolyotlarni O‘zbekistonda qoldirish niyatini bildirgan edi.
Avval xabar berganimizdek, Qo‘shma Shtatlar uch yil avval Afg‘onistondan qo‘shinini olib chiqish payti qiymati 7 milliard dollardan ortiq bo‘lgan harbiy texnikani «Tolibon» ixtiyorida qoldirishga majbur bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter