Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shimoliy Koreya: Kim Chen Inning seriyali qatllari

Shimoliy Koreya: Kim Chen Inning seriyali qatllari

Foto: AiF

2011-yili otasining vafotidan keyin hukumat tepasiga kelgan Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In (aslida uning ismi Kim Jong Un deb o‘qiladi, biroq o‘zbekchaga rus tili orqali Kim Chen In deb o‘qish kirib qolgan va ko‘pchilik uni shu nom bilan taniydi) o‘zining g‘alati fe’l-atvori bilan butun dunyoni lol qoldirib keladi. Uning ahmoqona bayonotlari gohida odamning kulgisini qistatsa, gohida tashvishga solib qo‘yadi. Shimoliy Koreyaning dunyodagi eng shafqatsiz diktatorlar safida turuvchi rahbari qattiqqo‘lligidan nafaqat begonalar, balki o‘zining oila a’zolari va qarindoshlari ham omon qolmaydi. Bugungi maqolamizda Kim Jong Un hokimiyat tepasiga kelaganidan buyon qatl etilgan shaxslar haqida to‘xtalmoqchimiz.

Sobiq ma’shuqaning behayo filmlari

2013-yilning avgust oyida Janubiy Koreya matbuoti shimolliklar rahbari Kim Jong Unning sobiq sevgilisi, qo‘shiqchi Hyon Song Volning qatl etilganini ma’lum qildi. Gap shundaki u bilan birga yana 11 san’atkor hamda uning eri hibsga olingan. Ular behayo filmda suratga tushib, uni sotishga urinishda ayblangan. Shimoliy Koreya qonunlariga muvofiq behayo filmlarni tarqatish jinoyat hisoblanadi. Undan tashqari aybdorlarning oila a’zolari ham mamlakat qamoqxonalariga tashlangan.

Bundan o‘n yillar oldin Kim Jong Un va Hyon Song Vol o‘rtasida ishqiy munosabatlar to‘g‘risida ma’lumotlar tarqalgandi. Ammo o‘sha paytdagi mamlakat rahbari Kim Ir Sen bu munosabatlarga qarshi bo‘lgan va o‘g‘lidan bunga chek qo‘yishni so‘ragan. Yana boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, Kim Jong Unning rafiqasi o‘zining sobiq dushmani ustidan shikoyat qilgani tufayli qatl etilgan. Rasmiy Pxenyan bu iddaoni rad etdi va buni janubiy koreyalik “tentaklar” o‘ylab topganini ma’lum qildi.

Akvapark borasidagi tortishuv

Shimoliy Koreyalik sobiq yuqori lavozimli siyosiy qochqinlardan birining CNN telekanaliga bergan guvohligiga ko‘ra, Kim Jong Un 2014-yilning may oyida o‘z ammasi Kim Kyong va uning turmush o‘rtog‘i Jang Songlarni zaharlashga buyruq bergan. Chunki ammasi va pochchasi unga akvapark va chang‘i platformasi qurish o‘rniga mamlakat iqtisodiyotini ko‘tarishni maslahat beradi. AQSh telekanallarining ma’lum qilishicha, shu kundan buyon ularning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.

To‘pdan otilgan vazir

2015-yilda mamlakat mudofaa vaziri Hyon Yong Chol buyruqlarga bo‘ysunmaganligi uchun zambarakka qo‘yib qatl etilgan. Mudofaa vaziri etib tayinlanganiga bir yil bo‘lgan vazir bir necha marta Kim Jong Un tomonidan berilgan buyruqlarga bo‘ysunmagan va unga qarshilik ko‘rsatishga uringan. Mahkum 2015-yilning aprel oyida Pxenyan shimolida joylashgan harbiy akademiyalardan birida havo hujumidan mudofaa zambaragiga qo‘yib o‘qqa tutilgan. Janubiy Koreya matbuoti xabarlariga ko‘ra, bunday qatl amaliyoti o‘tmishda ham bir necha marta amalga oshirilgan va u asosan yuqori darajali mahkumlarga nisbatan qo‘llaniladi. Inson ruhiyatini sindirish uchun dahshatli usul, shunday emasmi?!

Qatl etilgan murabbiy

Bu Kim Jong Un hukumat tepasiga kelganidan buyon amalga oshirilgan eng mash’um qatllardan biri. Rasmiy Pxenyan rejimining ikkinchi raqamli kishisi deb hisoblanadigan Kim Jong Unning amakisi va murabbiyi Chang Song  2013-yilning dekabr oyida xiyonatda ayblanadi va qatl etiladi. Siyosiy byuroda qo‘lga olingan va maxsus harbiy sudda sudlangan Chang Songga hukumatni ag‘darib tashlashga urinish aybi qo‘yiladi va shu zahoti o‘limga hukm etiladi.

Yomon televideniye

Faraz qiling, xorijiy telekanallarni ko‘rganingiz uchun sizni o‘limga hukm qilishsa? Ishonish qiyin, shunday emasmi? Ammo, Shimoliy Koreyada 2014-yilning oktyabr oyida 50 kishi, jumladan, hukmron partiya a’zolari xorijiy televideniyeni tomosha qilishgani uchun qatl etilgan. Mamlakatda faqatgina mahalliy kanallarga ruxsat berilgan.

Ushbu ma’lumotlar «Independiyent» nashri tomonidan janublik manbaalarga tayangan holda e’lon qilingan va ularning haqqoniyligini aniqlash mushkul. 2013-yilda ham xuddi shu ayblov bilan 80 kishi qatl etilgan.

Uxlab qolgan Bosh vazir o‘rinbosari

2016-yilning avgust oyida Kim Jong Un rahbarligida o‘tkazilayotgan navbatdagi majlis chog‘ida uxlab qolgani uchun mamlakat ta’lim vaziri va bosh vazir o‘rinbosari Kim Yong Jin qatl etilgan. Unga nisbatan davlat rahbariga hurmatsizlik qilish aybi qo‘yilgan. Undan tashqari yana ikki xodim axloq tuzatish ishlariga yuborilgan.

Zaharlangan o‘gay aka

2009-yili Makaoda yashab yurgan paytida bir ota, ammo boshqa onadan bo‘lgan akasi Kim Jong Namga nisbatan suiqasd uyushtiriladi. Suiqasd buyurtmachisi esa aynan Kim Jong Unning o‘zi edi. Keyinchalik unga nisbatan 2012-yilda yana bir bor suqasd uyishtiriladi. Bu safar ham omon qolgan Jong Nam ukasiga «bu ishlarni bas qilishini, qizi va o‘zini tinch qo‘yishini, yashirinadigan joy qolmaganini, qutulishning yagona yo‘li o‘z joniga qasd qilish ekanini» aytib xat yozadi. Ammo zolim uka o‘z maqsadidan qaytmaydi. 2017-yilning fevral oyida Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur poytaxtida Kim Jong Nam zarin gazidan zaharlab ketildi va 15-20 daqiqadan so‘ng tez yordam mashinasida vafot etdi.

Bu olti yillik hukmronligi davomida Kim Jong Un zulmiga uchraganlarning ayrimlari haqida qisqacha ma’lumot edi, xolos. Janubiy Koreyaning Yonxap agentligi ma’lumotlariga qaraganda, uning hukmronligi davomida 100 nafardan ortiq partiya a’zolari qatl etilgan.

Jahongir Ostonov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring