Shavkat Mirziyoyev Asqar Maminni qabul qildi
25-fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikkinchi O‘zbekiston-Qozog‘iston hududlararo hamkorlik forumi doirasida mamlakatimizga kelgan Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Maminni qabul qildi.
Asqar Mamin O‘zbekiston Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev va Prezident Qasim-Jomart Toqayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda, avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-kommunikatsiya, energetika, agrar tarmoqlarda, ta’lim, madaniyat sohalari va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tovar ayirboshlashdagi yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, mamlakatlarimiz yetakchi kompaniyalari ishtirokida kooperatsiya va infratuzilmani rivojlantirish loyihalarini ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qo‘shma dasturlar asosida gumanitar va turizm sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
«Uchrashuv so‘ngida keng ko‘lamli O‘zbekiston-Qozog‘iston sherikligi doirasida yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlashga kelishib olindi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter