Saudiya elchisi prezident Mirziyoyevning tashrifi davomida erishilgan asosiy natijani ochiqladi
O‘zbekiston Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilmoqda. Saudiya tomoni ham bunga javoban viza borasida yengillik berishi mumkin. Bu haqda podshohlikning O‘zbekistondagi elchisi Yusuf al-Utaybiy 6 sentyabr kuni Toshkentda o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Avval xabar berganimizdek, prezident Shavkat Mirziyoyev Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan 17-18 avgust kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
Saudiya elchisi O‘zbekiston yetakchisining tashrifini tarixiy ahamiyatga molik voqea deb atadi.
«Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining Saudiya Arabistoniga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik tarixida yangi sahifa ochdi. Tashrif yakunida o‘zaro hamkorlikka doir 14 hujjat – bitim va anglashuv memorandumlari imzolandi. O‘zbekiston–Saudiya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi ham muvaffaqiyatli o‘tdi. Buni energetika, kimyo, elektrotexnika, infratuzilmani rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va transport sohalarida umumiy qiymati 12,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuv va shartnomalar imzolangani ham tasdiqlaydi», – dedi Yusuf al-Utaybiy.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidenti hamda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud o‘rtasidagi muzokaralarda hamkorlikka doir muhim masalalar muhokama etilgan.
«Men O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasida keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qilinganini alohida ta’kidlashni istar edim. Qo‘shma bayonotda ikki tomon ham ko‘plab xalqaro va mintaqaviy masalalarda mushtarak yondashuv va qarashga ega ekani qayd etildi. Jumladan, Afg‘oniston, Yaman, Ukrainadagi vaziyat yuzasidan nuqtai nazarlar bayon etildi», – dedi diplomat.
Elchining ta’kidlashicha, o‘zaro saydo aylanmasi ko‘rsatkichlari ikki mamlakat salohiyati va imkoniyatlariga javob bermaydi. Shunga ko‘ra hozir savdo-tijorat munosabatlaridagi transport, logistika kabi muammolarni hal etish choralari ko‘rilmoqda. Diplomat joriy yil 15 sentyabrdan Saudiyaning «FlyNas» aviakompaniyasi Jidda–Toshkent–Jidda yo‘nalishida muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yayotganini bu boradagi muhim yangilik sifatida qayd etdi.
O‘zbekiston prezidentining 16 avgustdagi farmoniga ko‘ra 2023 yil 1 yanvardan boshlab Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilinmoqda. Yusuf al-Utaybiy ushbu qulaylik uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik izhor qildi. Ayni choqda, Saudiya tomoni ham O‘zbekiston fuqarolari uchun viza borasida yengillik joriy etishiga umid bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter