Prezidentning ikkita maslahatchisi lavozimi birlashtirildi
Prezidentning tegishli farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi.
Ushbu yangi lavozim avvalgi ikkita maslahatchi lavozimini birlashtirish orqali tashkil etilgan.
Bunda Prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi (bunga qadar Tursinxon Xudaybergenov maslahatchi edi) hamda Prezidentning davlat xizmati masalalari bo‘yicha maslahatchisi (bungacha vakant edi) lavozimlari tugatilib, ularning negizida yangi lavozim joriy etilgan.
Farmonda bundan maqsad davlat va fuqarolar o‘rtasida hamkorlikning yangi tizimini tashkil etish, davlat organlarida murojaatlarni ko‘rib chiqishning zamonaviy yondashuvlarini joriy etish va joylarda muammolar hal etilishi ustidan ta’sirchan nazoratni o‘rnatish ekanligi qayd etilgan.
Shuningdek, so‘nggi paytlarda Xalq qabulxonalari faoliyati yetarli samara bermayotgani, joylardagi muammolarni hal qilishda sustkashlikka yo‘l qo‘yib, asosan sansalorlik bilan shug‘ullanayotgani aholining haqli e’tirozlarini keltirib chiqarayotgani sababli Xalq qabulxonalari institutini kuchaytirish yuzasidan ayrim vazifalar belgilandi.
Jumladan, Xalq qabulxonalari xodimlariga ta’sirchan chora sifatida davlat organlari va tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari bo‘yicha qonunbuzilishlar yuzasidan ma’muriy bayonnomalar tuzish va sudga yuborish huquqi berilmoqda.
Hududlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va joylardagi vaziyatdan kelib chiqib, tezkor choralar ko‘rib borish maqsadida Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi tashkil etilayotgan Administratsiya rahbari yordamchilari muvofiqlashtirib boradi va ular bevosita hududlarda o‘z faoliyatini amalga oshiradi. Bunda Administratsiya rahbari yordamchilari shtatlari mavjud shtat birliklarini qisqartirish evaziga tashkil etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter