Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudova tadbirkorlik bo‘yicha takliflar bildirdi
«Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Robaxon Maxmudovaning saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuvi Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tdi.
Navoiy shahrida tashkil etilgan uchrashuvda Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili Rustam Hayitov saylovchilarga nomzodning tarjimai holi va faoliyati to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudova so‘zga chiqib, o‘z Saylovoldi dasturining maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlarini saylovchilar e’tiboriga havola etdi.
Robaxon Maxmudova so‘zlagan nutqi davomida parlamentarizm va parlament demokratiyasini yanada rivojlantirish yo‘lida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni taklif etdi:
- tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘shimcha xarajatlar yuklaydigan barcha qoidalarni faqat qonunlar orqali qabul qilinishiga erishish;
- qonunlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan mexanizmlar bilan qabul qilish, bu borada parlament qo‘mitalari ishini kuchaytirish;
- parlament faoliyatida tadbirkorlik sub’yektlari ishiga aralashmaslik, ularga oid masalalarni ijro organlaridan talab qilish;
- deputatlarning ish vaqtining yarmini o‘z saylovchilari yonida o‘tkazishini belgilovchi tartibni joriy etish.
Ta’kidlanganidek, nomzod dasturida ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, mamlakatimizni adolatlilik, birdamlik, ijtimoiy himoya va mas’uliyat tamoyillari hukmronlik qiladigan davlatlar qatoriga qo‘shilishiga erishish kabi vazifa va maqsadlar nazarda tutilmoqda.
Qolaversa, dasturda mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlash, jamiyatning innovatsion, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish va inson kapitalini rivojlantirish kabi masalalarda izchil takliflarning ilgari surilayotgani yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuv yakunida saylovchilarni qiziqtirgan barcha savollarga nomzod tomonidan batafsil javob berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Robaxon Maxmudovaning saylovchilar bilan uchrashuvlari davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter