Prezident byurokratik to‘siqlarni qisqartirish to‘g‘risida qaror qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qildi.
O‘tkazilgan tahlillar vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat tashkilotlarida (keyingi o‘rinlarda – davlat organlari va tashkilotlari) eskirgan byurokratik usullarda ish yuritish, shu jumladan, hujjatlar aylanmasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish darajasining pastligi, qog‘ozbozlik hajmining yuqoriligi, shuningdek, amaliy ahamiyatga ega bo‘lmagan ko‘plab yig‘ilish va majlislar o‘tkazish amaliyoti saqlanib qolayotganligini ko‘rsatdi.
Davlat tomonidan tartibga solish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yanada takomillashtirish, ma’muriy tartib-taomillarni qisqartirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, vazirlik va idoralarning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) 2020-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining alohida funksiya va vakolatlarini tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalariga 1-ilovaga muvofiq o‘tkazish;
b) 2020-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining quyidagilarni nazarda tutuvchi funksiya va vakolatlarini chiqarib tashlash:
texnologik, o‘rmon-melioratsiya, agrotexnik, gidrotexnik, sanitariya-texnik tadbirlarni kelishish;
buzilishi uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan, jamoat tartibini saqlash masalalari, agar ular O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi bilan tartibga solinmagan bo‘lsa, shuningdek, tabiiy ofat va epidemiyalar bilan kurashish masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilish;
atmosfera havosini ifloslantirishning turg‘un manbalari tomonidan atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarish bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasi xulosasida nazarda tutilgan shartlar va talablar buzilishi bilan bog‘liq faoliyatni cheklash, to‘xtatib turish va tugatish masalasida qaror qabul qilish;
o‘rmonlarning holatiga zarar yetkazilgan hollarda tashkilotlar faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish va tugatish bo‘yicha qaror qabul qilish;
bozor faoliyatini to‘xtatib turish bo‘yicha qaror qabul qilish.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
2020-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari 2-ilovada nazarda tutilgan hujjatlarni fuqarolardan talab qilishi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ularning berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari, ularning tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritish faqat elektron ko‘rinishda shakllantiriladi va amalga oshiriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar tegishli davlat organlari va tashkilotlari faoliyati bo‘yicha zarur hisobotlarni real vaqt rejimida tuzish hamda 2021-yil 1-yanvarga kelib qog‘oz ko‘rinishidagi blanklar, shakllar va jadvallarni to‘ldirishdan to‘liq voz kechish imkonini beradigan Barcha davlat organlari va tashkilotlarida hisobot va hujjat aylanishini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
Davlat organlari va tashkilotlari Barcha davlat organlari va tashkilotlarida hisobot va hujjat aylanishini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasida nazarda tutiladigan muddatlarda hisobot yuritishning avtomatlashtirilgan tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishini va uning to‘laqonli ishlashini ta’minlasin.
Belgilansinki, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tegishli davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga hisobot va hujjat aylanishini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish uchun shaxsan javobgar hisoblanadilar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar davlat organlari va tashkilotlarining barcha xodimlari va rahbarlarini belgilangan tartibda elektron raqamli imzolar bilan ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-avgustdagi “Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5527-son Farmoniga muvofiq Adliya vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda amaldagi idoralararo kollegial organlarning faoliyati tahlil qilinganligi va samaradorligi baholanganligi, natijasiga ko‘ra ularni yanada qisqartirish va maqbullashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati hujjatlari bilan tuzilgan 3-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha alohida idoralararo kollegial organlarning ayrimlari vakolatlarini tegishli davlat organlari va tashkilotlariga o‘tkazgan holda, 2020-yil 1-yanvardan boshlab ularni tugatish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar mazkur qarorning 3-ilovasini amalga oshirishga qaratilgan tegishli tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlasin va bunda quyidagilar nazarda tutilsin:
tugatilayotgan idoralararo kollegial organlarning vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari belgilab berilgan normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazish va o‘rganish;
o‘tkazilgan xatlov va o‘rganish natijalariga ko‘ra aniqlangan tugatilayotgan idoralararo kollegial organlarning dolzarb vakolatlarini tegishli davlat organlari va tashkilotlariga o‘tkazishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish.
8. Byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (keyingi o‘rinlarda – Akademiya) ikki oy muddatda vaqtni to‘g‘ri tashkil etish va undan foydalanish samaradorligini oshirish texnologiyalari (time management), byurokratiya, qog‘ozbozlik va yig‘ilishlar o‘tkazish amaliyotini bekor qilish bo‘yicha o‘quv dasturini ishlab chiqib, Akademiya va uning filiallarida davlat organlari va tashkilotlari xodimlari va rahbarlari uchun kurslarni kelishilgan muddatlarda tashkil etsin.
10. Belgilansinki:
Akademiya va uning filiallaridagi o‘quv kurslari pullik asosda olib boriladi va ushbu kurslarda ishtirok etish tasdiqlangan kurslar grafigiga kiritilgan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari va rahbarlari uchun majburiydir;
Akademiya va uning filiallaridagi o‘quv kurslarida o‘qish bilan bog‘liq xarajatlar budjetdan tashqari mablag‘lar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar, shuningdek, xodimlari kurs tinglovchilari hisoblangan davlat organlari va tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
11. Quyidagilarga:
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalariga davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mazkur qaror talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish hamda aniqlangan qoidabuzarliklarni keng yoritish;
«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish respublika markaziga davlat organlari va tashkilotlari xodimlari o‘rtasida mazkur qaror talablariga rioya qilish holati bo‘yicha anonim so‘rovnomalar o‘tkazish tavsiya etilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda uning tarkibiy bo‘linmalari davlat organlari va tashkilotlarida davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida byurokratiyani, qog‘ozbozlikni yanada qisqartirish bo‘yicha aniq va asoslantirilgan takliflarni kiritgan holda mazkur qaror ijrosi bo‘yicha ta’sirchan monitoring va tahlillar olib borsin.
13. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalarini yoritishga oid maqolalar va teleko‘rsatuvlarni tashkil etsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 9-dekabr
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter