O‘zbekiston–Gruziya: savdo ko‘rsatkichlari sezilarli darajada ortdi
O‘zbekiston hamda Gruziya o‘rtasida savdo ko‘rsatkichlari va hamkorlik loyihalari soni ortib bormoqda. Buni 2023-yilda tovar ayirboshlash hajmi 23 foizga oshgani ham tasdiqlaydi.
Gruziya parlamenti raisi Shalva Papuashvili boshchiligidagi delegatsiyaning Toshkentda O‘zbekiston qonunchilik va ijroiya hokimiyati rahbarlari bilan uchrashuvida bu ko‘rsatkichni yanada oshirish yo‘llari muhokama qilindi. Xususan, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda ikki davlatning bor salohiyat va imkoniyatlarini ishga solish, transport-logistika, bank-moliya, turizm kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi, deb xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvni faolashtirish, parlamentlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muloqot chog‘ida xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirishda madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirishga ham e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va Gruziya xalqlarini an’anaviy mustahkam do‘stlik rishtalari bog‘lab turishi, madaniy tadbirlarning tez-tez o‘tkazalishi ruhi va an’analari jihatidan juda yaqin xalqlar munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ikki mamlakat o‘rtasida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning hayotga tatbiq etilishida parlamentlar o‘rtasida muntazam muloqot ham katta ahamiyat kasb etadi.
Muzokara yakunida gender tenglik, hududlar o‘rtasida aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Gruziya parlamenti raisi uchrashuvida ham ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Avval xabar berganimizdek, 2023 yil iyul oyida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Tbilisida Gruziya hukumati rahbari bilan uchrashgan edi. Tashrif yakunida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 2023−2024 yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturi imzolangan.
2022-yil iyul oyida esa Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili yurtimizda mehmon bo‘lgan, oliy martabali mehmonni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qilgan edi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Gruziya mamlakatimizning muhim tashqi savdo hamkorlaridan biridir. Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1994-yil 19-avgustda o‘rnatilgan. O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida 87 dan ortiq ikki tomonlama hujjat imzolangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter