Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning faol siyosati tufayli Markaziy Osiyoda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizo omillari bartaraf etilgan

O‘zbekistonning faol siyosati tufayli Markaziy Osiyoda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizo omillari bartaraf etilgan

Tashqi ishlar vazirligi hisobot berdi

Foto: «Sputnik»

Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning Markaziy Osiyo yo‘nalishidagi faol siyosati tufayli mintaqada nizo kelib chiqishi ehtimolligini oshiruvchi omillar deyarli bartaraf etildi, deb hisobot berdi. Bu haqda «Sputnik» xabar tarqatdi.

Bayonotda aytilishicha, 2017 yilda Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarda mutlaqo yangi siyosiy muhitni yaratishga, mintaqadagi siyosiy ishonchni sezilarli darajada oshirishga, hamkorlikning ko‘plab sohalarida yuqori natijalarga erishishga muvaffaq bo‘lingan.

«O‘tgan vaqt mobaynida mintaqa davlatlari rahbarlari bilan 20 dan ziyod uchrashuvlar, oliy darajadagi 10 ta davlat, rasmiy va ishchi tashriflari amalga oshirildi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo yo‘nalishidagi faol siyosati tufayli mintaqada nizo kelib chiqishi ehtimolligini oshiruvchi omillar deyarli bartaraf etildi. Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish, do‘stlik va ahil qo‘shnichilik muhitini yaratish g‘oyalari amaliyotga tatbiq etildi», — deyiladi hisobotda.

Joriy yilda Qozog‘iston bilan strategik hamkorlik yangi iqtisodiy kelishuvlar bilan mustahkamdi, Turkmaniston va Qirg‘iziston bilan strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolandi, Tojikiston bilan hamkorlikda esa ijobiy dinamikaga erishildi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida imzolangan davlat chegarasi to‘g‘risidagi Shartnoma tom ma’noda muhim voqea bo‘lib, bu ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi sababli amalga oshdi, — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faol jalb etilishi Markaziy Osiyoning barqaror va xavfsiz rivojlanishi asoslarining mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Yaqinda Qobul bilan imzolangan savdo, transport, energetika va ta’lim sohalaridagi kelishuvlar ushbu davlat iqtisodiyotini qayta tiklash va uni barqarorlashtirishga muhim hissa qo‘shishi, mintaqa barqarorligini ta’minlash va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish Markaziy Osiyoning investitsion jozibadorligini yuksaltirishga hamda umummintaqaviy darajadagi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring