«Navbat O‘zbekistonga keldi» – siyosatshunoslar jiddiy xatardan ogohlantirmoqda
Rus propagandachi-amaldori Zaxar Prilepinning O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish haqidagi da’vosi mamlakatimiz ahlining keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Provokatsion bayonot ortidan Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Oleg Malginov O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.
Kurakda turmaydigan iddaoga sobiq va amaldagi deputatlarimiz munosabat bildirib chiqdi.
Prilepin oddiy bir qalamkash bo‘lganida, ehtimol, uning tahdidi bu qadar jiddiy qabul qilinmasdi. Ammo u «Spravedlivaya Rossiya – za pravdu» partiyasi hamraisi, «Rosgvardiya»ning muhim vazifalar bo‘yicha polki komandiri o‘rinbosari sanaladi. Qolaversa, bu shaxs «Putin komandasi»ning a’zosi deb ta’riflanadi.
Shu bois ham bu boradagi muhokama, munozaralar davom etmoqda. Ayrim tahlilchi va siyosatshunoslar Prilepin lafzida yangragan bosqinchilik da’vosi Putinning asl maqsad-muddaosi ekani, Kreml imperiyachilik g‘oyasidan voz kechmasligi, binobarin, shunga muvofiq ravishda kerakli choralar ko‘rish kerakligini ta’kidlamoqda. Quyida uch siyosatshunosning mulohazalari e’tiboringizga havola etilmoqda.
Rus siyosatchilari agressiya bilan do‘st orttirib bo‘lmasligini anglashi zarur
Bobur Bekmurodov, «Yuksalish» harakati raisi, Oliy Majlis deputati:
«Zaxar Prilepinning «O‘zbekistonni bosib olish» tahdidi – mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Rus siyosatchilarining bunday qarashlari, shubhasizki, o‘zbekistonliklar orasida Rossiya Federatsiyasiga salbiy munosabatni kuchaytirmoqda. Uning tobora kamayib borayotgan nufuzini yanada pasaytirmoqda. Rus siyosatchilari agressiv kayfiyat va so‘zlar bilan do‘st orttirib bo‘lmasligini anglab yetishi zarur. Aynan shunday agressiv harakatlari do‘stona munosabatdagi mamlakatlar bilan aloqalarning yomonlashishiga sabab bo‘lmoqda.
Ikkinchidan, Zaxar Prilepinni bunday harakat O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi haqida qat’iy ogohlantiramiz.
Uchinchidan, Prilepin va boshqa rus siyosatchilari ilgari surayotgan bunday qarashlar illyuziyadan boshqa narsa emas. Kimgadir yoqadimi, yoqmaydimi, O‘zbekiston mustaqil, mustahkam suverenitetga ega mamlakatdir.
Qolaversa, qariyb 60 ming a’zoga ega bo‘lgan Harakat nomidan Rossiya rasmiylarini ittifoqchi mamlakatga nisbatan bunday agressiv bayonotlarga e’tibor qaratishga va batamom chek qo‘yishga chaqiraman.
Prilepin bu gaplari bilan Rossiya Konstitutsiyasining o‘zga davlatlar bilan tinch hayot kechirish, ichki ishlariga aralashmaslikni nazarda tutuvchi 79.1- moddasiga qarshi chiqmoqda».
Prilepinning bayonoti Kremlning qarashi bo‘lishi ehtimoli yuqori
Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:
«O‘zbekistonni bosib olishni taklif va targ‘ib qilayotgan Zaxar Prilepin bir vaqtlar muxolifatda bo‘lgan. Qrim bosib olinganidan keyin Putinga munosabati o‘zgargan, ijobiylashgan. Ukraina urushiga qadar, Prilepin juda ko‘p marta «Ukrainani bosib olish kerak!» degan chaqiriqlar bilan chiqqan. Shuning uchun Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushgan. Bugun esa Prilepin Kremlga yaqin siyosatchi sifatida Markaziy Osiyoni, O‘zbekistonni bosib olish kerak degan fikrni oldinga surmoqda.
Prilepin – rasmiy siyosatchi, rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan partiya lideri va «Spravedlivaya Rossiya» bilan birga tuzilgan koalitsiyada liderlardan biri. Ya’ni Prilepinning bayonoti – Kremlning qarashi, loyihasi, kayfiyati bo‘lishi ehtimoli yuqori. Prilepin emotsiyaga berilib gapirmadi. O‘ylanib, so‘z izlab gapirdi. Davlat uchun jiddiy signal!
Hali Ukraina yengilgani yo‘q, hali urush davom etyapti. Lekin rossiyalik imperiyachilar, propagandachilar boshqalarga tajovuz qilishni boshlab yuborishdi. Sababi – ular «Ukrainani yutdik, endi navbat qolganlarga!» degan xulosaga kelib bo‘lishdi. Agar Rossiya Ukrainani to‘liq va oson yutganida edi, bugun urush boshqa davlatlarda kechayotgan bo‘lardi. Men bunga ishonaman. Balki urush gibrid shaklida kechardi. Lekin Putin Rossiyasi imperiyachilikdan voz kechmaydi. Bu kayfiyat kuchayishi mumkin, pasayishi mumkin, lekin yo‘qolmaydi».
Qon hidini olgan odamxo‘r
Faxriddin Nizomov, siyosatshunos:
«2014 yilda Qrim anneksiya qilinishi va o‘tgan yil fevralida Ukrainaga ahmoqona bahonalar bilan bostirib kirilishidan ancha oldin Rossiya axborot makonida go‘yo Qrim Ukrainaga noto‘g‘ri berib yuborilgani haqida turli gap-so‘zlar bolalab ketgan edi va ular nima bilan tugaganini bugun ko‘rib turibmiz.
Putinning Qozog‘istonda davlatchilik bo‘lmagani haqidagi iddaolari ortidan Rossiyaning millatchi shovinistlari uning shimolidagi hududlar go‘yo ruslar yeri ekani xususida ochiqcha gapira boshladi.
Endi navbat O‘zbekistonga keldi. Ukrainadagi urushda qatnashib, qon hidini olgan odamxo‘r Prilepin mehnat migrantlari bahonasida O‘zbekistonni Rossiyaga qo‘shib olish haqida ochiq gapiryapti.
Jamoatchilik ijtimoiy tarmoqlar, nodavlat internet resurslari orqali uning iddaolarini tanqid qilyapti, hatto ayrimlar uni o‘ldirishga ham da’vat etyapti. Lekin gap Prilepinda emas. Rus shovinistlarining SSSRni tiklashday yovuz va odamxo‘rlik g‘oyasi u qulagandan beri mavjud va borgan sari keng tarqalib bormoqda.
Toki O‘zbekiston Rossiya axborot makonidan chiqib ketmas va Rossiya telekanallarini taqiqlamas ekan, o‘sha g‘oya vatandoshlarimiz ongiga chuqurroq ildiz otaveradi. Afsuski, hokimiyat buning yo‘liga to‘siq qo‘yish borasida deyarli hech ish qilayotgani yo‘q.
Vaziyat tobora tahdidli tus olayotganini to‘g‘ri baholay olishimiz va javob choralarini ko‘rishimiz, ya’ni xalqni mustaqillikni himoya qilishga tayyorlashimiz shart. Qo‘lidan hech ish kelmaydigan ikki-uch deputatni Prilepinga qarshi gapirtirgan bilan hech narsa o‘zgarmaydi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter