Markaziy Osiyo prezidentlari nega Moskvadagi paradda qatnashdi? Siyosatshunos holatga oydinlik kiritdi
9 may kuni Moskvada, Qizil maydonda prezident Vladimir Putin mezbonligida tashkil etilgan harbiy paradda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Belarus prezidentlari hamda Armaniston bosh vaziri qatnashdi. Bu hol siyosiy tahlilchilar tomonidan kutilmagan holat deb baholandi. Chunki Putin Ukraina urushi sabab xalqaro hamjamiyat tomonidan deyarli yakkalab qo‘yilgan. Qolaversa, o‘tgan yilgi paradda birorta xorijiy davlat rahbari qatnashmagan edi.
Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert, siyosiy tahlilchi Arkadiy Dubnov MDH yetakchilarining harbiy paraddagi ishtirokini sharhlar ekan, buni ayrim ekspertlar «Putinning geosiyosiy g‘alabasi» deya yanglish talqin etayotganini urg‘uladi.
Qayd etilishicha, Xalqaro jinoiy sud Rossiya prezidentini hibsga olish haqida order bergach, uning obro‘si poymol bo‘ldi. Hatto Janubiy Afrika Respublikasi rahbariyati Putinni BRIKS sammitiga kelmaslik, aks holda, uni hibsga olishga majbur bo‘lishlaridan ogohlantirdi. Bularning bari Rossiya rahbarining xalqaro maydonda yakkalanib qolganiga kuchli dalildir. Arkadiy Dubnovga ko‘ra, Putin ushbu fikr noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatish uchun ham MDH davlatlari yetakchilarini harbiy paradda zo‘r berib yig‘ishga urindi.
Tahlilchi fikricha, bir paytlar Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan davlatlar yetakchilari siyosiy-iqtisodiy aloqalar, energetika sohasidagi hamkorlik vajidan Putinning shaxsiy taklifini rad qilmagan. Buni pragmatik qadam deb baholash mumkin. Ammo bu, Belarusni istisno etganda, MDH mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistonning Ukraina urushi borasidagi pozitsiyasi o‘zgarishi, ular Moskva bosqinini qo‘llab-quvvatlash yo‘liga o‘tishini anglatmaydi, deb hisoblaydi siyosatshunos.
«O‘zbekistonda o‘tkazilgan so‘nggi prezidentlik saylovidan keyinoq (Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga doir referendum nazarda tutilmoqda – tahr.) Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga tashrif buyurdi. Tashrif tig‘iz siyosiy va biznes uchrashuvlarini qamradi. Bu – Mirziyoyev o‘z yo‘lidan ketayotgani va u uchun Yevropa hamda AQSh bilan hamkorlik Rossiya bilan hamkorlikdan kam ahamiyat kasb etmasligining yorqin namoyishi bo‘ldi. Bu juda muhim jihat», – deydi A.Dubnov.
Tahlilchi Putinning aksar mehmonlari paradning asosiy ramzi – «georgiy tasmasi»ni taqmaganiga e’tibor qaratgan.
«Bayramda yetakchilarning imo-ishoralari ham teran mazmun tashidi. (Sardor) Berdimuhamedov, (Qosim-Jo‘mart) To‘qayev va (Nikol) Pashinyan ko‘kragiga «georgiy tasmasi»ni taqmadi. (Shavkat) Mirziyoyev, (Sadir) Japarov va (Aleksandr) Lukashenko o‘z mamlakatlari bayrog‘ini taqqan holda ko‘rinish berdi. Faqat (Imomali) Rahmon va (Vladimir) Putin «georgiy tasmasi»ni taqdi. Bu ham mustaqil siyosat namoyishidir», – deb hisoblaydi ekspert.
O‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ham MDH yetakchilari dastlab parad taklifini rad etgani, Putinning shaxsan qo‘ng‘irog‘idan keyingina borganlari haqida yozdi.
«Bu davlat rahbarlari qanday qilib Moskvaga taklif qilingani borasida detallar endi chiqyapti. Boshida Rossiya tashqi ishlar vaziri, vazirligi chiqqan va davlat liderlari «ishimiz ko‘proq edi» deb ignor bergan. Noiloj davlat rahbarlariga Putinni shaxsan o‘zi telefon qilib «iltimos qilgan». Tasavvur qilyapman: Putinni o‘zi telefon qilib, «Og‘ayni, kelmasangiz bo‘lmaydi... Mana bu ukrainlar meni dronda urib tashlamoqchi... Sizlar kelib, meni atrofimda o‘rab o‘tirmasangiz, ahvolim nima bo‘ladi....» deb yig‘lagan bo‘lsa kerak-da», – deya o‘z farazini ilgari surdi K.Rabbimov.
Avval xabar berganimizdek, Ukraina tashqi ishlar vazirligi Markaziy Osiyo prezidentlarining Moskva paradidagi ishtiroki yuzasidan norozilik bildirgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter