Ko‘cha san’atidan iqlim muhofazasiga qadar. Germaniya O‘zbekistonda o‘nlab tadbirlar o‘tkazadi
Joriy yil 12 sentyabrdan 30 sentyabrgacha O‘zbekistonda Germaniya haftaliklari o‘tkaziladi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Germaniyaning yurtimizdagi elchisi, doktor Tilo Klinner ma’lum qildi.
«Germaniya va O‘zbekistonni yaqin do‘stlik va hamkorlik rishtalari bog‘laydi. Boy madaniy merosga ega har ikki davlat ilm-fan, tadqiqot, san’at hamda madaniyat sohalarida atoqli siymolarga beshik bo‘lgan. Germaniya O‘zbekistonning iqtisodiyoti, taraqqiyotga yo‘naltirilgan hamkorlik, madaniyat, ta’lim kabi sohalarida ishtirok etib kelmoqda. Germaniya haftaliklaridan ko‘zlangan maqsad esa mamlakatlarimiz o‘rtasidagi robitalar nechog‘li serqirra ekanini yana bir karra namoyish qilishdir», – dedi elchi T.Klinner matbuot anjumanida.
Haftaliklar davomida yurtimiz bo‘ylab ko‘cha san’ati festivalidan ovozsiz kino namoyishiga qadar, ta’lim ko‘rgazmasidan mahorat darslariga qadar, iqlim muhofazasiga doir ma’ruzadan qishloq xo‘jaligi seminariga qadar – o‘nlab yirik tadbirlar uyushtiriladi.
Toshkentdagi Gyote instituti direktori o‘rinbosari Valter Sabiyelga ko‘ra, haftalik doirasida institutda 16 sentyabr kuni ochiq eshiklar kuni o‘tkaziladi, olmon madaniyati, tili va ta’limi haqida ko‘proq ma’lumot berishga qaratilgan ilmiy, badiiy loyihalar amalga oshiriladi. Jumladan, mashhur olmon pop-art rassomi va illyustratori Jim Avignon Toshkent, Buxoro va Qashqadaryoda o‘z ijodiy tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.
Haftalik davomida ikki davlat ta’lim muassasalari o‘rtasida bitimlar imzolanishi ham ko‘zda tutilgan.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakolatxonasi rahbari Yoaxim Fritsning ma’lum qilishicha, u boshchilik qilayotgan tuzilma poytaxt Toshkent hamda viloyatlarda qishloq xo‘jaligi, kasbiy ta’lim, to‘qimachilik kabi yo‘nalishlarda ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etadi.
Elchi T.Klinner joriy yil ikki davlat hamkorligi borasida muhim hodisalarga boy bo‘lganini qayd etdi.
May oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida iqtisodiyot, savdo, moliya, ta’lim, fan va innovatsiya sohalarida 16 ta hukumatlararo va idoralararo hujjat imzolandi.
Mart oyida esa O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan Germaniyada bo‘lib, biznes-forumda ishtirok etdi.
Germaniya elchisi ta’kidicha, qariyb 3 hafta davom etadigan tadbirlar o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Haftalik Germaniya elchixonasi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda. Yirik loyihani ro‘yobga chiqarishda Germaniya tashqi savdo palatasi (AHK), Germaniya akademik almashinuv xizmati (DAAD), Germaniya savdo-sanoat palatasi (DIHK), Germaniya xalq universitetlari uyushmasining Xalqaro hamkorlik instituti (DVV International), DW akademiyasi, Germaniya iqtisodining Markaziy Osiyo bo‘yicha delegatsiyasi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Gyote instituti, Hanns Zaydel jamg‘armasi (HSS), Tashqi aloqalar instituti (IfA), Germaniya taraqqiyot banki (KfW), Xorijdagi olmon maktablari bo‘yicha markaziy idora (ZfA) va olmon kompaniyalari ishtirok etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter