«Kamdan-kam nasib etadigan omad». Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi xayrlashuv maktubi yozdi
Fransiyaning O‘zbekistonda faoliyatini yakunlayotgan favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor xonim mamlakat rasmiy va norasmiy doiralari hamda do‘stu hamkorlarga xayrlashuv maktubi yo‘lladi.
«Ulkan o‘zgarishlar va mamlakatning jahon hamjamiyati tomon mislsiz ochilishi ro‘y berayotgan bir davrda fransuz-o‘zbek aloqalariga o‘z hissamni qo‘shish imkoniyati yaratilgani men uchun omad bo‘ldi. Bunday imkoniyatlar kasbiy faoliyatimizda kamdan-kam uchraydi», – deya yurtimizdagi uch yillik faoliyatiga baho berdi elchi xonim.
Diplomat taraqqiyot yo‘lida ulkan islohotlarni amalga oshirishdan qo‘rqmaydigan buyuk davlat arboblari bilan uchrashish sharafiga muyassar bo‘lganini mamnuniyat ila qayd etdi.
Xayrlashuv nomasida oliy darajadagi uchrashuvlar, Fransiya fuqarolari uchun O‘zbekistonda qisqa muddatli vizasiz rejim joriy etilgani, fransuz tili ta’limi hamda akademik hamkorlikka yengilliklar yaratilgani, Toshkentda Fransiya taraqqiyot agentligi bo‘limining ochilgani, ikki davlat ishbilarmonlari klubi ta’sis etilgani, o‘zbek osori atiqalarini Luvr muzeyida namoyish qilish imkoni yaratilgani katta yutuqlar sifatida sanab o‘tilgan.
Diplomat imkoniyatdan foydalanib hamkorlik darvozalarini keng ochgani uchun O‘zbekiston hukumatiga, shuningdek, rasmiy-norasmiy davralarda mehmonnavozlik ko‘rsatgan barcha o‘zbekistonliklarga tashakkur izhor etgan.
Maktubda, shuningdek, xorijiy diplomatik korpus vakillari, chunonchi, Fransiya elchixonasi jamoasiga alohida minnatdorlik bildirilgan.
Xayrlashuv nomasida ma’lum qilinishicha, Fransiyaning yurtimizdagi yangi elchisi lavozimiga ham ayol diplomat – Izabel Servoz-Galluchchi nomzodi tasdiqlangan.
Violen de Vilmor xonim 2016-yil 17-sentyabrda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida ish boshladi. Uning yurtimizdagi faoliyati sermahsul kechdi. Elchi xonim ikki mamlakat prezidentlari va tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlari hamda turli darajada delegatsiyalar almashuvini tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 22-avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizda faoliyatini yakunlayotgan Violen de Vilmor xonimni qabul qilib, uning elchilik faoliyatiga yuqori baho bergan edi.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter