Ispaniyadagi O‘zbekiston elchisi o‘z missiyasini yakunlayapti
O‘zbekiston elchisi Jahongir G‘aniyev diplomatik missiyasi yakunlanishi munosabati bilan Ispaniya tashqi ishlar vazirligining tashqi va global ishlar bo‘yicha davlat kotibi Anxeles Morena Bau bilan uchrashdi.
Bu haqda «Dunyo» AA muxbiri ma’lum qildi.
Uchrashuv chog‘ida so‘nggi yillar davomida O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik yangi, ko‘p qirrali bosqichga ko‘tarilgani va juda samarali mohiyat kasb etgani ta’kidlandi.
Ispaniya tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi o‘zbekistonlik diplomatga ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi va ularga barqaror o‘suvchanlik bag‘ishlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning yanada muvaffaqiyatli rivojlanishi va ilgari erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishiga ishonch bildirdilar.
Eslatib o‘tamiz: Jahongir G‘aniyev 2017-yildan buyon O‘zbekistonning Madriddagi elchixonasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. U, dastlab Muvaqqat ishlar vakili, 2018-yilda Favqulodda va Muxtor Elchi, Jahon sayyohlik tashkilotidagi (YuNVTO) doimiy vakil, 2020-yili o‘rindoshlik asosida Vatikandagi elchi etib tayinlangan, shuningdek, Xalqaro zaytun kengashidagi vakil etib tasdiqlangan. Unga qadar, 2007-2012 yillarda O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi va bir vaqtning o‘zida Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi (IFAD) va Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) huzurida doimiy vakil bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter