Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hukumat Andijon shahri hokimini ogohlantirdi

Hukumat Andijon shahri hokimini ogohlantirdi

Vazirlar Mahkamasining navbatdagi Rayosat majlisida Andijon shahri hokimi Bahromjon Haydarov qonun talablarini bajarmagani uchun ogohlantirilgan. Bu haqda hukumat portali xabar berdi.

Majlisda «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi Qonun, Prezidentning «Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi (2019 yil 27 iyundagi PQ–4366-son) qarori ijrosini ta’minlashda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining mas’uliyati to‘g‘risidagi masala muhokama qilingan.

Olib borilayotgan ochiqlik siyosati yuzasidan ishlarni yetarli tashkil etmagani, OAV va jamoatchilik bilan aloqalarni tizimli yo‘lga qo‘ymagani uchun Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi A.Abduvaliyev va Andijon shahri hokimi B.Haydarov ogohlantirilgan.

Andijon shahri hokimi 2019 yilda lavozimga tayinlangan bo‘lib, yaqinda bir murojaatchini bo‘ralatib so‘kkani aks etgan audioyozuv tarqalgandi. Keyinroq shahar matbuot xizmati ovoz hokimga tegishli ekanini tan olgandi.

Majlisda sohaga oid boshqa ko‘plab masalalar ham ko‘rib chiqilgan. Yuqorida qayd etilgan qonun va qaror ijrosi o‘rganilganda, ayrim vazirliklar va idoralar ushbu hujjatlar talablarini bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani aniqlangan.

Jumladan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan davlat dasturlari hamda boshqa dasturlar ijrosi, budjet mablag‘laridan foydalanish, o‘tkazilgan ochiq tanlovlar (tenderlar) va kimoshdi savdolari, ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar rasmiy veb-saytlarda e’lon qilib borilishi kerak. Biroq deyarli barcha viloyatlar hokimliklari (Jizzax viloyatidan tashqari) veb-saytida ochiq ma’lumotlar va jamoatchilikni alohida qiziqtiradigan mavzular bir oydan uch oygacha yangilanmagan.

Shuningdek, veb-saytlarda axborotni yangilab borish davriyligi haftasiga bir martadan kam bo‘lmasligi kerak. Ammo o‘ndan ortiq davlat organi va tashkilotlari, jumladan, Xalq ta’limi vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo, Andijon, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari ochiq ma’lumotlarni o‘n kundan bir oygacha kechiktirib e’lon qilmoqda. 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 35 tasida rasmiy veb-sayti ishlamayapti.

Bundan tashqari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida birinchi marta axborot xizmati tashkil etilib, 90 dan ortiq axborot xizmatlari tegishli maqom va shart-sharoitlari bilan ta’minlanganiga qaramay, haligacha ayrim vazirliklar va idoralar prezident qarori talablarini bajarmay kelmoqda. Misol uchun, 3 ta respublika tashkilotida axborot xizmati rahbari axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchi maqomiga ega emas. 10 ta vazirlik va idorada matbuot kotibi mehnatga haq to‘lash shartlariga ko‘ra tashkilot rahbari o‘rinbosariga tenglashtirilmagan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklarida matbuot kotibi lavozimi vakant. Hududlarda axborot xizmatlariga qo‘shimcha shtatlar ajratilmaganligi sababli o‘tkazilayotgan tadbirlar, yangiliklar tezkorlik bilan sifatli yoritilmayapti.

Majlisda Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyatiga tizimda ochiqlik siyosati qoniqarsizligi, Sirdaryo viloyati hokimligiga Guliston, Yangiyer shaharlari, Boyovut, Sayxunobod, Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlari hokimliklarida axborot xizmati faoliyati yaxshi tashkil etilmagani ko‘rsatib o‘tilgan.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi Rayosatining bayoni qabul qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring