Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YI O‘zbekistonga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi

YI O‘zbekistonga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi

Qo‘mita yig‘ilishiga L.Devin va B.Obidov raislik qildi.

Joriy yilning 10 oyida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36 foizga o‘sdi va 4,8 milliard dollarni tashkil etdi. Mazkur raqamlarni yanada oshirish imkoniyati mavjud.

Bu haqda 5 dekabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi hamkorlik qo‘mitasining 19-yig‘ilishida qayd etildi.

Tadbirga O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Badriddin Obidov va Yevropa tashqi faoliyat xizmati Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari Lyuk Devin hamraislik qildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, B.Obidov Yevropa tomoniga O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida mamlakatni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini aytib o‘tgan.

Strategiyada 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish, shuningdek, 110 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish kabi vazifalar belgilangan. Yevropa tomoni mamlakatimizga o‘z maqsadlariga erishishda har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirgan.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston 2021 yil aprel oyidan YeIning GSP+ tizimiga a’zo bo‘ldi. Shu tariqa mamlakatimiz Yevropa bozoriga 6200 dan ortiq tovar pozitsiyalarini bojsiz eksport qilish imkonini qo‘lga kiritdi.

Umumiy imtiyozlar tizimi (GSP+) benefitsiari maqomi tufayli ikki tomonlama savdo sezilarli darajada oshmoqda. Joriy yil 22 noyabr kuni esa Bryussel GSP+ muddatini kelgusi to‘rt yilga, ya’ni 2027 yil 31 dekabrga qadar uzaytirishga qaror qildi.

O‘zbekiston – YeI hamkorlik qo‘mitasining 19-yig‘ilishida GSP+ afzalliklaridan foydalangan holda savdo tartib-qoidalarini liberallashtirish chora-tadbirlariga ham alohida e’tibor qaratildi.

2030 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining energiya sig‘imini 1,5 barobarga kamaytirish va energiya samaradorligini 20 foizga oshirish maqsad qilib qo‘yilgan. YeI bu borada ham, xususan, “yashil energiya” loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ko‘mak ko‘rsatadi.

Tomonlar GSP+ afzalliklaridan foydalangan holda savdo qoidalarini yana liberallashtirishga kelishdi.

Bryussel, shuningdek, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirish orqali O‘zbekistonning transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan.

Uchrashuvda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari, 2024 yilga mo‘ljallangan siyosiy sheriklik holati ham ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa tashqi faoliyat xizmati Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari Lyuk Devin o‘tgan yili ham yurtimizga tashrif buyurgan edi.

Yevropalik yuqori martabali diplomat o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring