Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyo e’tiboridagi tashabbuslar

Dunyo e’tiboridagi tashabbuslar

So‘nggi yillarda mamlakatimiz ichki siyosatida kuzatilayotgan keng qamrovli sa’y-harakatlar, ochiqlik va yangilanishlar tashqi siyosatda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Zero, o‘tgan davrda O‘zbekiston tashqi siyosati batamon yangi xarakterga va yangi mazmunga ega bo‘ldi.

Buni o‘tgan ikki haftada bo‘lib o‘tgan xalqaro siyosiy tadbirlar ruhida ham sezish mumkin. Prezidentimizning Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining navbatdagi maslahat uchrashuvi hamda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari yig‘ilishi, BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi, Markaziy Osiyo va AQSh yetakchilarining “C5+1” formatdagi sammitidagi ishtiroki, nufuzli xalqaro moliyaviy va boshqa tizimlar rahbarlari bilan uchrashuvlari dunyo hamjamiyati tomonidan yuksak baholanmoqda va keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Markaziy Osiyoda yangi siyosiy muhit yaratildi

O‘zbekiston dunyodagi barcha, avvalo, yon-atrofimizdagi mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik, hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib, ularni umumiy farovonlik yo‘lida birlashtirishga harakat qilmoqda. Zero, “Yon qo‘shni – jon qo‘shni”, “Qo‘shning tinch – sen tinch” maqollari bejiz aytilmagan.

Markaziy Osiyo hatto qadimgi davrlarda ham Osiyoning yuragi sifatida alohida e’tiborga molik hudud bo‘lgan. Dengiz yo‘llari ochilgunga qadar mintaqamiz orqali Buyuk ipak yo‘li va boshqa xalqaro kommunikatsiyalar o‘tgan.

Lekin shunday davrlar bo‘ldiki, qon-qardosh, quda-anda qo‘shni xalqlar hatto to‘yu ma’rakada ham bir-birinikiga bora olmay qoldi. Bu muammolardan xalq zada bo‘ldi, ko‘ngli og‘ridi, norozilik kayfiyati kuchaydi.

Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridanoq, birinchi navbatda, ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratdi. Qo‘shnilar bilan aloqalarni tubdan yaxshilashga kirishdi. Markaziy Osiyo muammolarini hal etishni tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi, deb e’lon qildi.

Shu tariqa yurtimizning Markaziy Osiyo mintaqasi va jahon miqyosidagi siyosiy o‘rni va nufuzi keskin oshdi. Qo‘shni davlatlar bilan iliq munosabatlar o‘rnatilib, og‘riqli masalalarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch, manfaatlarni hisobga olish va oqilona murosa asosida hal etish uchun zarur kelishuvlarga erishildi. Pirovardida dunyoda yangi O‘zbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilish maqsadlari kuchaydi.

O‘zbekistonning dunyoga ochilishi mintaqa tashqi siyosatidagi vektorlarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Hozir Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlar uning bir mintaqa sifatida birikish tomon siljiyotganini, global siyosat va iqtisodiyotda yakdillikka intilayotganiga dalolatdir.

So‘nggi yillarda mintaqa mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti 40 foiz ko‘paydi. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo hajmining barqaror o‘sishi kuzatilib, tovar aylanmasi 2,5 barobardan ziyod oshdi. O‘zaro investitsiyalar hajmi qariyb 6 karra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi esa 45 foiz o‘sdi.

O‘zbekiston yetakchisi tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari esa bugun mintaqada xavfsizlik, barqarorni ta’minlash, o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

O‘tgan yillar davomida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtta maslahat uchrashuvi – 2018 yilda Qozog‘iston poytaxtida, 2019 yilda Toshkentda, 2021 yilda Turkmanistonning “Avaza” sayyohlik hududida va 2022 yilda Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Natijalar ko‘rsatib turibdiki, ushbu tashabbus amalda to‘la o‘zini oqlamoqda.

Bu yil Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan beshinchi maslahat uchrashuvi butunlay yangicha ruhda o‘tgani bilan katta ahamiyatga egadir. Zero, unda Prezidentimiz ilgari surgan aniq taklif va amaliy tashabbuslar o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklikka asoslangan munosabatlarni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kuchaytirish yo‘lidagi intilishlarni yaqqol namoyon etdi.

Mazkur uchrashuv Markaziy Osiyoda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga kuchli turtki berishiga shubha yo‘q. Zero, u mintaqaviy hamkorlik uchun qulay muhitni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

Uchrashuv doirasida Markaziy Osiyo davlatlari yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitim imzolanishi yangi O‘zbekiston uchun yoshlar masalasi eng ustuvor vazifalardan bo‘lib kelayotgani va kelgusida ham shunday bo‘lib qolishidan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbarining yoshlar bilim va malakasini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish, malakali kadrlar qilib tayyorlash va bandligini ta’minlash maqsadida Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va salohiyatini ro‘yobga chiqarish markazini tashkil etish taklifi ham mintaqa yoshlarining farovon va osoyishta hayotini ta’minlashga xizmat qilishi aniq.

O‘zbekiston — AQSh munosabatlarining yangi sahifasi

AQSh iqtisodiy jihatdan jahondagi yetakchi davlat. Dunyo yalpi ichki mahsulotining to‘rtdan bir qismi aynan shu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Aholisi daromadlari yuqoriligi bo‘yicha ham ushbu davlat yetakchilar qatorida turadi.

2016 yildan buyon ikki tomonlama munosabatlarda faollashuv kuzatildi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash borasida katta ishlar amalga oshirildi. Bunda O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasida 2002 yilda imzolangan strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiya hal qiluvchi rol o‘ynadi.

Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri savdo-iqtisodiy sheriklikdir. Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni doimiy ravishda kengaytirishga intilib, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga harakat qilmoqda. Madaniy-gumanitar sohalarda ham aloqalar kengayib boryapti.

O‘zbekistonning AQSh bilan ko‘p va ikki tomonlama muloqotga sodiqligi katta e’tiborga molik. “C5+1” formatining tarixiy rivojlanish yo‘nalishi va Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yilda AQShga tashrifi chog‘ida qo‘yilgan mustahkam poydevor mamlakatimizning strategik qarashlaridan hamda o‘zaro hamkorlikka sodiqligidan dalolat beradi.

Shu yil 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarda yangi davrni boshlab berish barobarida O‘zbekiston — AQSh sherikligi rivojiga kuchli turtki bo‘ldi.

Ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan muzokaralar chog‘ida inson huquqlari, gender tenglik sohalarida hamda farovonlikni ta’minlashning boshqa yo‘nalishlarida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

AQSh Prezidenti mamlakatimiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hamda yangi O‘zbekistonda muqarrar tus solgan islohotlarni qat’iy qo‘llab-quvvatladi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston milliy manfaatlariga asoslangan holda ochiq, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat yuritayotganini anglatadi.

O‘zbekiston rahbari har bir xorijiy safari davomida ishbilarmon doiralar, yirik biznes vakillari bilan uchrashishi an’anaga aylangan. Tashrif doirasida dunyoning yirik xalqaro kompaniyalari bilan uchrashuvlar, jumladan, ishbilarmonlik tadbirlari davomida “Air Products” kompaniyasi boshqaruvi raisi, prezidenti va bosh ijrochi direktori Seyfi Gasemi bilan muloqot kompaniyaning O‘zbekiston uchun qiymati 10 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yangi investitsiya dasturini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani bilan samarali bo‘ldi. Bu AQShning yetakchi kompaniyasi bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirish, ko‘zda tutilgan loyihalarni hayotga samarali tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sirasini aytganda, Prezidentimizning AQShga safari juda samarali yakunlandi. Ushbu tashrif O‘zbekistonning tinchlikparvar, ochiq, progressiv tashqi siyosatda sodiq ekanini, jahon hamjamiyati bilan hamkorlik qilishga tayyorligini yana bir bor namoyish etdi.

Aniq taklif va amaliy tashabbuslar

O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridan xalqaro hamjamiyatning teng huquqli suveren vakili sifatida BMTga a’zo bo‘ldi. Mamlakatimiz ushbu nufuzli xalqaro tashkilot va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan turli sohalarda samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

2016 yildan boshlab BMT bilan munosabatlarimizda yangi tendensiyalar ko‘zga tashlandi. O‘zbekistonning sa’y-harakatlari BMT rahbariyati va Tashkilotga a’zo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Rasmiy Toshkent tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar tashkilotning umumbashariy maqsadlariga, jumladan, sayyoramizda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashga qaratilgan barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladi. Shu bilan birga, davlatimiz BMT ustavi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro shartnomalardagi maqsad va prinsiplarga sodiq bo‘lib, o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni og‘ishmay bajarib kelmoqda.

O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasi BMT bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘riladi. Bugun mamlakatimizda demokratiyaning zamonaviy va inson huquqlari mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizimi barpo etilgan, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi organlari va barcha darajadagi sud hokimiyati faol ishlamoqda. Jamiyatda Konstitutsiyaga va mamlakat qonunlariga hurmat qaror topmoqda.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tizimini tashkil etdi, Parlament ombudsmani, Bolalar ombudsmani, Biznes ombudsman va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz ushbu tizimga kiradi.

BMTning fuqaroligi yo‘q shaxslar sonini qisqartirish borasidagi chaqiriqlariga muvofiq, 2020 yilda “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonidan olqishlandi. Uning 2020 yil 24 fevral kuni ilgari surgan “Yuksak intilish: inson huquqlari uchun harakatga chaqiriq” tashabbusi O‘zbekistonning ayni sohalardagi islohotlari bilan hamohang. Zero, inson huquqlarini ta’minlamasdan turib, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar taraqqiyoti yo‘lidagi muammolarini yechish qiyin.

Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasidagi nutqi va unda ilgari surilgan aniq tashabbuslar, shubhasiz, mamlakatimiz bilan BMT o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.

Puxta o‘ylangan, uzoq istiqbolga yo‘naltirilgan, ijobiy yuksalishga qaratilgan ushbu nutqni nafaqat yetakchi siyosatchilar, balki xalqaro ekspert va kuzatuvchilar ham e’tirof etmoqda. Chunki davlatimiz rahbari bashariyat farovonligi va taraqqiyoti yo‘lidagi to‘siqlar yechimini taklif etish bilan birga, so‘nggi yetti yilda yangi O‘zbekistonda amalga oshirilgan izchil islohotlarga jahon hamjamiyati e’tiborini qaratdi.

Ko‘tarilayotgan muammolar va ularning yechimiga qaratilgan amaliy takliflarni tahliliy o‘rganib chiqsak, sessiyadan sessiyagacha bo‘lgan davrda bildirilgan tashabbuslar O‘zbekiston tomonidan o‘z vaqtida bajarib kelinayotgani, davlat o‘z zimmasiga olayotgan xalqaro kelishuvlarga jiddiy yondashib, ijrosida faollik ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘lamiz.

Inson qadri va manfaati hamma narsadan ustun

Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadiriyatdir. U ertaga yoki uzoq kelajakda emas, balki bugun orzu-istaklarimga yetay, yaxshi sharoitda farzandlarimiz bag‘rida tinch-totuv, baxtli hayot kechiray, oilamga, mahalla-ko‘yga, qishlog‘imga, yurtimga foydam tegsa, deydi.

Lekin bir necha yillar oldin O‘zbekistonda inson huquqlari holati xalqaro hamjamiyat va tashkilotlar tomonidan tanqid qilinar, bu esa nafaqat yurtimiz nufuziga, balki iqtisodiy rivojiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatardi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda insonni e’zozlash, uning huquq va erkinliklarini himoya qilish, aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, qonun ustuvorligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratildi. Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi. Insonga bo‘lgan munosabat ham, e’tibor ham butunlay o‘zgardi. Uning haq-huquqlari hamma narsadan ustun qo‘yildi.

Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va o‘ziga xos tizimi yaratilib, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimi joriy etilgani bugun o‘z natijasini berayotganini hammamiz ko‘rib, his qilib turibmiz.

Demokratik islohotlar natijasida odamlar hayotdan rozi bo‘lib chinakamiga qadr topa boshladi, ko‘p yillik maqsadlariga erishdi. Uzoq yillar davomida aholini o‘ylantirib kelayotgan masalalar qisqa fursatda hal etila boshlandi. Mamlakatimizda majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi.

Ilgari yurtimizda millionlab insonlar, shu jumladan, o‘qituvchi va shifokorlar, tadbirkorlar, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab o‘quvchilari va talabalar ham yilning to‘rtdan bir qismini paxta dalasida o‘tkazar edi. Hosilni yig‘ib olish uchun kattayu kichik, keksayu yosh dalaga safarbar qilinardi. Buning natijasida o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilinib, mamlakat yillar davomida “qora ro‘yxat”larda bo‘lib keldi.

Bugun bularning barchasi o‘tmishga aylangan. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod bo‘ldi. Buni butun dunyo olqishladi. Yangi Konstitutsiyamizda majburiy mehnat taqiqlanishi kafolatlab qo‘yilgani ushbu siyosiy qaror abadiy ekanini ko‘rsatadi.

Bu orqali aholining kayfiyati, dunyoqarashi va hayotga munosabati o‘zgardi, mamlakatdagi islohotlarga ishondi, har bir fuqaro davlatimiz himoyasida ekanini bildi. Bularning hammasi ushbu masalasiga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham inson huquqlariga oid normalar 3,5 barobar oshgani millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi prinsiplariga sadoqatimizni yana bir bor tasdiqladi. Kelgusi yetti yilga mo‘ljallangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi ham BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un bo‘lib, mamlakatimiz o‘z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni to‘liq bajarmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha erishilgan natijalarga to‘xtalar ekan, majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashni butun dunyo miqyosida kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Bu tashabbus dunyo hamjamiyati tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi. Zero, O‘zbekiston tajribasi bunga chek qo‘yish imkoni borligi ko‘rsatdi.

Ushbu sa’y-harakatlar dunyo miqyosida etirof etilib, mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rni ancha yaxshilandi. Bu, o‘z navbatida, investitsiyalar jalb qilish, iqtisodiyot va ijtimoiy soha rivojlanishiga xizmat qilayotir.

Kuchli davlatni salohiyatli kadrlar quradi

Inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash – O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan strategik vazifalardan biri. Bugun qaysi sohani olmaylik, yetuk kadrlarni tarbiyalamasdan turib biror natijaga erishib bo‘lmasligi kundek ravshanlashmoqda.

Shu bois, yurtimizda kreativ fikrlaydigan kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash maqsadida ta’lim tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu bejiz emas. Zero, buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat aytganidek, “Har bir mamlakatning tolesi va taraqqiyoti yoshlarga qanday ta’lim va tarbiya berilishiga har tomonlama bog‘liqdir”.

O‘tgan qisqa davrda yurtimizda ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlashga katta kuch va mablag‘ yo‘naltirildi. Yosh avlod kamolini ko‘zlab sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlarning amaliy ro‘yobi, samarasi esa barchamizning ko‘z o‘ngimizda yaqqol namoyon.

Bugun yurtimiz qanday katta yutuq va marralarga erishganining tasdig‘ini anglash uchun hududlarda yangidan ko‘rkam va muhtasham maktablar bunyod etilgani, mavjudlari kapital ta’mirdan chiqarilib, taraqqiyot asri talablariga hamohang qulaylik va shart-sharoitlar yaratilgani, ma’rifat maskanlarining moddiy-texnik bazasi yildan yilga mustahkamlanib, takomillashtirib borilayotganida e’tibor qaratish o‘rinlidir.

Ilgari yoshlarning orzu-istaklari bilan ko‘p ham qiziqilmagan. Ta’lim sohasi e’tibordan chetda qolgani uchun yoshlar maktabni tamomlashi bilan oliy o‘quv yurtida o‘qishni davom ettirish o‘rniga xorijga ketishga majbur bo‘lardi. Sababi, kvotalar kam, qabul imtihonlarida turli muammolar bor edi. Qisqa davrda ta’lim sohasida ulkan islohotlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi sessiyalarida ham yoshlarga masalasiga alohida to‘xtalib, yigit-qizlar manfaatlariga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Masalan, 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasida yoshlar huquqlari bo‘yicha konvensiya qabul qilish tashabbusini ilgari surish orqali davlatlarni yoshlar taqdiri va kelajagi borasida mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishga chaqirdi.

Izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar natijasida maktabgacha ta’limdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizga yetdi. Oliy ta’lim muassasalari soni qariyb uch barobar oshirildi va 210 taga yetkazildi. 2030 yilga qadar har bir bolaning bog‘chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri esa oliygohda o‘qishi uchun imkoniyat yaratiladi.

O‘zingiz ayting, so‘nggi yillarda mamlakatda bo‘layotgan yangilanishlar, hayotimizning barcha jabhalarida jonlanish, o‘sishlarni ko‘rib, buni e’tirof etmay bo‘ladimi?! Axir ko‘z o‘ngingizda ro‘y berayotgan bu o‘zgarishlarni tan olmaslik haqiqatdan ko‘z yumish emasmi?! Bunday o‘zgarishlarni ko‘rib, o‘n yillab hal bo‘lmagan masalalarni, mana, qisqa fursatda hal qilsa bo‘lar ekan-ku, deysiz.

Mamlakatimizda yoshlar siyosatiga oid tizimli ishlar natijasida tashabbuskor, islohotlarni amalga oshirish va joylardagi muammolarni hal etishga qodir yosh kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Hozir aynan shunday yoshlarga ishonch bildirilib, mas’ul lavozimlarga tayinlanmoqda.

Yoshlarga oid bunday islohotlar to‘xtab qolmaydi, aksincha, farzandlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga yanada ko‘proq imkoniyat va sharoitlar yaratish borasida yangicha yondashuvlar asosida keng ko‘lamli islohotlar davom etadi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish, boshqa mintaqalarning ilg‘or tajriba va yutuqlarini o‘rganishdan manfaatdormiz, deya ta’kidlar ekan, tashkilot huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish va uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish tashabbusi ayni muddao bo‘ldi. Ushbu dastur mintaqamiz davlatlari tomonidan yaqinda imzolangan Yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari haqidagi bitim samaradorligini oshirish, BMT va uning ixtisoslashtirilgan tuzilmalari bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda boshqa mitaqalarning ilg‘or tajriba va yutuqlarini o‘zlashtirgan holda, ularni muvaffaqiyatli amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.

Umuman, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi sessiyasidagi nutqi va AQShga tashrifi jo‘shqinligi, kun tartibi dolzarbligi va har bir uchrashuvning amaliy natijalarga erishishga qaratilgani bilan e’tiborli bo‘ldi.

Ushbu yuksak minbardan turib jahon hamjamiyati e’tiboriga havola etilgan barcha masalalar hayotiyligi, tashabbuslar o‘z vaqtida ilgari surilgani bilan ahamiyatli bo‘lib, insoniyat oldida turgan o‘ta muhim vazifalarni ko‘rsatib berayotgan bu takliflar butun mintaqamiz xavfsizligini ta’minlashga, xalqlarning tinch-farovon hayot kechirishiga xizmat qiladi.

 Salohiddin ISOMIDDINOV,

jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring