Chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga mas’ul bo‘lgan shaxslar va ularning majburiyatlari belgilandi
2018-yil 28-iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi ish boshlagani haqida xabar bergan edik.
Senatorlar tomonidan «Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko‘rib chiqildi. Qonunning maqsadi jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekish keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, chekmaydigan fuqarolar huquqlari himoyasini ta’minlash va tamaki tutuni bilan zararlanishning oldini olish, chilim va elektron sigaretalar chekish natijasida kelib chiqadigan kasalliklar hamda guruh bo‘lib chekish oqibatida yuqish xavfi bo‘lgan xastaliklar tarqalishining oldini olishdir.
Qonunga ko‘ra, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning mansabdor shaxslari (ma’muriyati), shu jumladan o‘z tasarrufida (mulkida, egaligida, foydalanishida) hududlar, binolar (xonalar), inshootlar va jamoat joylarida joylashgan boshqa ob’yektlar, shuningdek transport vositalari bo‘lgan shaxslar jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar sifatida belgilandi.
Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarga quyidagi majburiyatlar berildi:
— jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini bajarishi;
— chilim va elektron sigaretalar chekayotgan shaxslarni jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirishi, huquqbuzarlik davom ettirilgan taqdirda esa ichki ishlar organlariga xabar berishi;
—hammaga ko‘rinarli joyga, shu jumladan binolarga (xonalarga) kirish joylariga, transport vositalariga va boshqa ob’yektlarga jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantiruvchi lavhalarni joylashtirish.
Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter