Mirziyoyev tomonidan maqtalgan Cherchillning dunyoga mashhur nutqi
Shu yilning 22-dekabr kuni Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda bir yillik faoliyati bo‘yicha xalqqa hisob bergan davlat rahbari 2017-yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini 2018-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan murojaatnomasini o‘qib eshittirdi.
O‘zbekiston rahbari o‘z murojaatnomasida britaniyalik taniqli siyosatchi Uinston Cherchillni yodga olgan edi: «Cherchillni ko‘proq o‘qigan odam kam bo‘lmaydi, u hayotimizga mos gaplarni aytgan. Men sizlarga uning tadbirkorlar haqida jaydari tilda aytgan gapini misol keltirmoqchiman: «Ba’zilar tadbirkor deganda sog‘in sigirni, ba’zilar og‘ir aravani tortayotgan mehnatkash otni tushunadi». Cherchill bekorga aytmagan bu gaplarni. Yakka hokimlikka hech kimning haqqi yo‘q».
Shavkat Mirziyoyev tomonidan maqtalgan Uinston Cherchilni dunyoga mashhur qilgan narsalardan biri 1946-yil 5-martdagi nutqidir. AQShning Missuri shtatidagi Fulton shahrida joylashgan Vestminster kollejida so‘zlagan mazkur nutq butun dunyoda sovuq urushning boshlanishiga turtki bo‘lgan. Quyida Hasan Karvonli tomonidan o‘zbekchalashtirilgan ushbu nutni e’tiboringizga havola etamiz.
* * *
Bugun Vestminster kollejiga kelganimdan va siz menga ilmiy daraja berganingizdan baxtiyorman. «Vestminster» nomi ba’zi bir narsalarni yodimga soladi. Uni qayerdadir eshitgandayman. Axir men siyosat, dialektika, ritorika va boshqa sohalarda nimaiki o‘rgangan bo‘lsam, ularning katta qismini aynan Vestminsterda o‘rganganman-ku. Aslida sizu biz bir xil yoki o‘xshash o‘quv yurtlarida ta’lim olganmiz.
Shuningdek, davlat ishlari bilan band bo‘lmagan kaminadek bir kishi uchun akademik auditoriyada Qo‘shma Shtatlar prezidenti bilan birga hozir bo‘lish ulkan sharafdir. Bu sharaf kamdan-kam odamga nasib etadi. Prezidentning ishi, tashvishi boshidan oshib yotganiga qaramay, u tashvishdan qochmaydi, sizu bizning bugungi uchrashuvimizda ishtirok etish, uning ahamiyatini ta’kidlash uchun yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib bu yerga keldi va menga ushbu qardosh mamlakatga, okeanning naryog‘idagi vatandoshlarimga, ehtimol, yana ba’zi mamlakatlarga murojaat etish imkoniyatini berdi.
Prezident sizga o‘z istagini, ya’ni ushbu notinch va alg‘ov-dalg‘ov zamonda sizga bemalol o‘zimning to‘g‘ri va haqqoniy maslahatimni berishimni xohlashini aytdi, sizning ham xohishingiz shu ekaniga aminman.
Men bu iltifotdan jonim bilan foydalanaman, buning ustiga yoshlik yillarimda nimaiki orzu qilgan bo‘lsam, o‘y-niyatlarimning barchasi allaqachon ortig‘i bilan ro‘yobga chiqqani uchun o‘zimni shunga haqliman deb hisoblayman. Ammo shuni qat’iy ta’kidlashim kerakki, bunday nutq so‘zlashim uchun menga hech kim rasmiy topshiriq ham bergani yo‘q, rasmiy topshiriq berishlari uchun men biron-bir rasmiy lavozimni ham egallab turganim yo‘q. Shunday ekan, gapirsam faqat o‘z nomimdan gapiraman.
Hayotda ko‘p yaxshi-yomon kunlarni ko‘rdim. Shu bois men hayotiy tajribamga tayanib jang maydonlarida to‘liq g‘alabaga erishganimizdan so‘ng darhol bizni qurshab olgan muammolar haqida fikr yuritishga hamda insoniyatning kelajakdagi shon-sharafi va xavfsizligi uchun shuncha qurbonlar va azob-uqubatlar evaziga qo‘lga kiritilgan narsaning saqlanib qolishini ta’minlashga bor kuchim bilan urinishga haqliman deb hisoblayman.
Hozir Qo‘shma Shtatlar dunyodagi eng qudratli davlat hisoblanadi. Bugun Amerika davlati uchun tantanali kundir, chunki kuch-qudratdagi ustunlik bilan birga u kelajak oldidagi haddan ziyod ulkan mas’uliyatni ham zimmasiga oldi. Atrofga boqib siz nafaqat bajarilgan burch hissini, balki sizga ishonganlarning hafsalasini pir qilib qo‘yishdan xavotirlanish tuyg‘usini ham tuyushingiz kerak. Qulay imkoniyatlar mavjud va buni bizning har ikkala mamlakatimiz ham to‘la tushunib turibdi. Ularning qadriga yetmaslik, ularni e’tiborsiz qoldirish yoki boy berish kelajakda had-hisobsiz ta’na toshlari ostida qolish bilan tengdir.
Fikrlashdan to‘xtamaslik, qunt-matonat bilan maqsadga intilish va har qanday masalaning juda oson yechimini topa olish xuddi urush vaqtida bo‘lgani kabi tinchlik vaqtida ham inglizzabon mamlakatlarga xos xususiyatlar bo‘lishi kerak. Biz bu qat’iy talabni bajara olishimiz shart, menimcha bu qo‘limizdan keladi.
Amerika harbiylari biron-bir jiddiy vaziyatga duch kelsalar odatda «umumiy strategik konsepsiya» nomli direktiva qabul qiladilar. Buning o‘ziga yarasha hikmati bor, chunki bunday konsepsiyaning mavjudligi aniq-ravshan fikrlashga yordam beradi. Bugun biz amal qilishimiz kerak bo‘lgan umumiy strategik konsepsiya barcha mamlakatlardagi barcha xonadonlar, barcha odamlarning xavfsizligi va xotirjamligi, erkinligi va taraqqiyotini ta’minlash konsepsiyasi bo‘lishi shart. Men avvalo millionlab kottejlar va ko‘p kvartirali uylarni nazarda tutayapman, ularda yashovchilar turmush qiyinchiliklari va mashaqqatlariga qaramasdan oila a’zolarini muhtojlikdan himoya qilishga, xudodan qo‘rqadigan, odob-axloqli qilib tarbiyalashga intiladilarki, hayotda bu xususiyatlar muhim rol o‘ynaydi. Bu had-hisobsiz uy-joylarning xavfsizligi ta’minlanishi uchun ular ikkita asosiy ofat — urush va tiraniyadan himoyalangan bo‘lishi lozim. Mehnat qilib, turmush qiyinchiliklarini yengib oila boqadigan kishi boshiga urush balosi soya solganda har qanday oila chekadigan og‘ir iztirob barchaga ma’lum. Ko‘z oldimizda o‘tmishdagi barcha qadriyatlari bilan birga vayron qilingan Yevropa va Osiyoning kattagina qismining xarobalari yastanib yotibdi. Yovuz niyatli odamlarning kirdikorlari yoki qudratli davlatlarning tajovuzkorona maqsadlari dunyoning ko‘p joylarida sivilizatsiyali jamiyat asoslarini yo‘q qilib tashlaganda oddiy odamlar yengib bo‘lmas qiyinchiliklarga duch keladilar. Ular uchun hamma narsa aralash-quralash bo‘lib ketgan, buzilgan yoki umuman yer bilan yakson qilingan bo‘ladi.
Bu yerda, shunday sokin kunda qarshingizda turarkanman, real hayotda millionlab odamlar qanday yashayotganini va butun yer yuziga ocharchilik balosi yopirilsa ularga nima bo‘lishini o‘ylaganimda meni qaltirovuq bosadi. Hech kim «inson chekkan behad azob-uqubatlar»ning hisobiga yeta olmaydi. Bizning asosiy vazifamiz va burchimiz — oddiy odamlarning oilalarini yana bir urushning dahshatlari va musibatlaridan asrashdir. Bu borada hammamiz yakdilmiz.
Bizning amerikalik harbiy hamkorlarimiz «umumiy strategik konsepsiya»ni belgilab olib, barcha resurslarni hisoblab chiqqanlaridan so‘ng hamisha keyingi bosqichga o‘tishadi — uni amalga oshirish vositalarini qidirishadi. Bu masalada ham umumiy yakdillik mavjud. Allaqachon bosh maqsadi urushning oldini olish bo‘lgan jahoniy tashkilot tuzilgan. Millatlar ligasidan farqli ravishda AQSh va boshqa davlatlar ham a’zosi bo‘lgan, mazkur tashkilotning vorisi bo‘lmish BMT allaqachon o‘z ishini boshladi. Bu faoliyat soxta emas, haqiqiy bo‘lishi, bu tashkilot shunchaki nomigagina ishlamasdan, qudratli ta’sir kuchiga ega bo‘lishi, shunchaki olamshumul Bobil minorasiga emas, ko‘plab mamlakatlarning jangovar qalqonlari osig‘liq turadigan asil Tinchlik qasriga aylanishi uchun biz mazkur faoliyatning muvaffaqiyatini ta’minlashimiz shart. O‘z-o‘zimizni himoya qilish maqsadida milliy qurolli kuchlarimizni saqlab turish zaruratidan xalos bo‘lishdan oldin biz qasrimiz bilqillama qumloq yoki botqoqlik emas, mustahkam qoya ustiga qurilganiga amin bo‘lishimiz kerak. Oqil odamlar yaxshi biladiki, bizning yo‘limiz uzoq va mashaqqatli bo‘ladi, ammo agar birinchi va ikkinchi jahon urushi mobaynida tutgan (afsuski, ikki jahon urushi oralig‘i bundan mustasno) yo‘limizdan zarracha ham og‘ishmay harakat qilsak, oxir-oqibat ko‘zlagan umumiy maqsadimizga erisha olishimizga ishonaman.
Bu borada ishga kirishish uchun mening amaliy taklifim ham bor. Sudlar sherif va konstebllarsiz ishlay olmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotini ham darhol xalqaro qurolli kuchlar bilan ta’minlashni boshlash kerak. Bu ishimiz asta-sekin amalga oshadi, biroq harakatni hozirdan boshlashimiz lozim. Taklifim shuki, hamma davlatlarga BMT ixtiyoriga ma’lum miqdorda harbiy havo kuchlari eskadrilyasini berish taklif qilinsa. Ushbu eskadrilyalar o‘z mamlakatlarida tayyorlansa, ammo rotatsiya tartibida bir davlatdan boshqasiga o‘tkazilsa. Uchuvchilar o‘z mamlakatlarining, ammo farqlash belgilari boshqa bo‘lgan harbiy formalarini kiyib yursalar. Ulardan o‘z yurtiga qarshi harbiy harakatlarda qatnashishni talab qilish mumkin bo‘lmasa, lekin boshqa barcha ish va munosabatlarda ularga BMT rahbarlik qilsa. Bunday qo‘shinni tuzishni kichik-kichik bo‘linmalardan boshlash va o‘rtadagi ishonch oshishiga mos ravishda kuchaytirib borish mumkin. Bu ish Birinchi jahon urushidan so‘ng qilinishini xohlagan edim, bu niyatimni hozir ham ro‘yobga chiqarish mumkinligiga astoydil ishonaman.
Ammo hozirgi vaqtda faqat Qo‘shma Shtatlar, Buyukbritaniya va Kanadagina egalik qilayotgan atom bombasini yaratish tajribasi va unga oid maxfiy ma’lumotlarni hali endigina atak-chechak qilayotgan BMTga ma’lum qilish noto‘g‘ri ish va ehtiyotsizlik bo‘lur edi. Hali uyushmagan va alg‘ov-dalg‘ov dunyoda bu qurolni tarqatib yuborish jinoyatkorona ahmoqlik bo‘lur edi. Ushbu bombani yaratish uchun kerak bo‘ladigan bilimlar, vositalar va xomashyolar ayni paytda asosan Amerika qo‘lida jamlanganidan hech bir mamlakatdagi hech bir insonning tinchlik-xotirjamligiga ziyon yetgani yo‘q. Mabodo vaziyat aksincha bo‘lib, ushbu dahshatli qurolga qandaydir kommunistik yoki neofashistik davlat ma’lum muddat yakka o‘zi egalik qilganida biz hozirgidek xotirjam yashay olardik deya olmayman. Uning oldidagi qo‘rquvning o‘ziyoq totalitar tuzumlarga erkin demokratik dunyoning bo‘yniga bo‘yinturuq solib olish uchun yetarli bo‘lgan bo‘lur edi. Buning mudhish oqibatlari inson tasavvuriga sig‘masligi aniq. Xudoning xohishi bilan bunday bo‘lmadi va shunday xavf paydo bo‘lgunga qadar uyimizni tartibga solib olishimiz uchun hali vaqtimiz bor. Ammo hatto bor kuch-g‘ayratimizni ayamasak ham boshqa mamlakatlar atom bombasini qo‘llashiga yoki qo‘llash bilan tahdid qilishiga qarshi ularni tiyib turuvchi samarali vositalarimiz bo‘lishi uchun biz baribir yetarlicha katta ustunlikka ega bo‘lishimiz kerak. Pirovardida, odamlarning haqiqiy birodarligi qandaydir Jahoniy Tashkilot shaklida ro‘yobga chiqadigan va u barcha zarur amaliy vositalarga ega bo‘ladigan bo‘lsa, faoliyati samarali bo‘lishi uchun unga shunday vakolatlarni berish mumkin bo‘ladi.
Ana endi oddiy odamlar va oilalarga soya solayotgan ikkinchi xavf-xatar, ya’ni tiraniya haqida gapirmoqchiman. Biz Britaniya imperiyasining butun hududida fuqarolar foydalanayotgan erkinliklar ko‘plab mamlakatlarda mavjud emasligidan ko‘z yuma olmaymiz; ularning ayrimlari juda qudratli mamlakatlardir. Bu davlatlarda har teshikka burnini suqadigan zo‘ravon hukumatlar oddiy odamlarga hukmini o‘tkazib, ularni o‘z yo‘rig‘iga solib olgan. Davlat hokimiyati hech bir cheklovsiz diktatorlar yoki chambarchas uyushgan bir to‘da oligarxlar tomonidan imtiyozga ega bo‘lgan partiya va siyosiy politsiya yordamida amalga oshiriladi. Oldimizda qiyinchiliklar hali juda ko‘p bo‘lgan hozirgi vaqtda biz bilan urush holatida bo‘lmagan mamlakatlarning ichki ishlariga zo‘rlik bilan aralashish majburiyatini zimmamizga ololmaymiz. Biz inglizzabon dunyoning umumiy merosi bo‘lmish inson huquqlari va erkinliklarining ulug‘vor prinsiplarini tinmay, dadillik bilan olg‘a surishimiz kerak. Buyuk xartiyada, Huquqlar haqidagi billda, Xabeas korpus qonunida, maslahatchilar sudida va ingliz umumiy huquqida aks etgan ushbu prinsiplar Mustaqillik deklaratsiyasida o‘zining yorqin ifodasini topgan. Ular har qanday mamlakat xalqi konstitutsiyaviy yo‘l bilan, yashirin ovoz beriladigan va soxtalashtirilmagan erkin saylov o‘tkazish orqali davlatni boshqarish shakli va xususiyatini tanlash va o‘zgartirish huquqi va imkoniyatiga ega bo‘lishi; so‘z va matbuot erkinligi hukmronlik qilishi; ijro hokimiyatidan mustaqil bo‘lgan va biron-bir partiyaning ta’siriga berilmaydigan sudlar aholining katta qismi tomonidan ma’qullangan qonunlar va vaqt sinovidan o‘tgan urf-odatlarni hayotga tatbiq qilishi lozimligini anglatadi. Bular har bir uyda bilishlari shart bo‘lgan erkinlikka taalluqli huquqlardir. Britaniya va Amerika xalqlarining butun insoniyatga murojaati shunday. Qani keling, biz nima qilsak, shuni targ‘ib etamiz, nimani targ‘ib etsak, shuni qilamiz.
Shunday qilib men odamlarning xonadonlariga tahdid solayotgan ikkita asosiy xavf-xatarni ta’rifladim. Odamlarni ko‘pincha hamma narsadan ko‘p tashvishlantiradigan kambag‘allik va yetishmovchiliklar haqida gapirganim yo‘q. Ammo agar urush va tiraniya xavfi bartaraf etilsa, ilm-fan va hamkorlik yaqin yillarda, uzog‘i bilan bir necha o‘n yil ichida urushning bor jabr-sitamlarini boshidan kechirgan dunyoga insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan farovonlik keltirishi shubhasiz. Hozir, ushbu qayg‘u-hasratli bir pallada bizni buyuk muhorabamizdan so‘ng boshlangan ochlik va umidsizlik qiynamoqda. Biroq bu kunlar ham o‘tadi, ehtimol, o‘ylaganimizdan ham tezroq o‘tar, shunda barcha mamlakatlar to‘kin-sochin, farovon yashashiga odamlarning ahmoqligi va vahshiyona jinoyatlaridan boshqa hech narsa xalaqit bera olmaydi. Bundan ellik yil burun gapga chechan irland do‘stim, amerikalik buyuk notiq Berk Kokran shunday degan edi: «Hammaga hamma narsa yetarli. Yer — saxiy ona. Agar farzandlari totuv bo‘lib, unga haqqoniy ishlov berishsa, yer ularga to‘kin-sochin, to‘q yashashlari uchun zarur bo‘ladigan hamma narsani beradi». O‘rni kelganda men ko‘pincha uning shu so‘zlarini esga olaman.
Alqissa, biz hozirgacha to‘la yakdilmiz. Shu tobda, bizning umumiy strategik konsepsiyamiz metodikasidan foydalanishda davom etish asnosida sizga aytmoqchi bo‘lgan asosiy fikrimni bayon qilmoqchiman. Inglizzaban xalqlarning qardoshlarcha ittifoqisiz effektiv ravishda urushning oldini olishga ham, BMTning ta’sir doirasini uzluksiz kengaytirishga ham erishib bo‘lmaydi. Bu Britaniya hamdo‘stligi va Britaniya imperiyasi va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi munosabatlar alohida ahamiyatga ega ekanligini bildiradi. Ezmalanib o‘tirishga vaqtimiz yo‘q, shu bois men gapning lo‘ndasini aytmoqchiman. Qardoshlarcha ittifoq qardosh jamiyatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni kuchaytirishnigina emas, balki harbiylarimiz o‘rtasidagi qalin munosabatlarni davom ettirishni ham taqozo qiladiki, bular yashirin xavf-xatarlarni birgalikda o‘rganishga, qurol-yarog‘ va harbiy nizomlarni moslashtirishga, shuningdek harbiy-texnik kollejlarning ofitser va kursantlarini almashishga olib kelishi kerak. Bu yana barcha harbiy-dengiz floti va harbiy-havo kuchlari bazalarini birgalikda istifoda qilish yo‘li bilan ikkitaraflama xavfsizlikni ta’minlash uchun bundan keyin ham mavjud vositalardan foydalanishda davom etishni anglatadi. Ehtimol bu Amerika floti va aviatsiyasining harakatchanligini ikki barobar oshirgan bo‘lur edi. Bu Britaniya imperiyasi qurolli kuchlarining harakatchanligini ancha oshirgan, shuningdek, dunyo qay darajada tinchishiga qarab ancha pulni tejash imkonini ham bergan bo‘lur edi. Allaqachon biz ko‘pgina orollardan birgalikda foydalanayapmiz; yaqin kelajakda boshqa orollarni ham birgalikda istifoda qilishimiz mumkin. AQSh Britaniya hamdo‘stligi va imperiyasiga juda sodiq bo‘lgan Kanada dominioni bilan mudofaa to‘g‘risida doimiy bitim tuzgan. Bu bitim aksariyat hollarda rasmiy ittifoq doirasida tuziladigan juda ko‘p shartnomalardan ko‘ra foydaliroqdir. Ushbu prinsipni to‘la tenglik asosida Britaniya hamdo‘stligining barcha mamlakatlariga tatbiq qilish kerak. Nima bo‘lmasin, biz faqatgina shu tariqa, birgalikda xavfsizligimizni ta’minlashimiz hamda o‘zimiz uchun ardoqli bo‘lgan va hech kimga ziyoni tegmaydigan katta-kichik maqsadlar yo‘lida mehnat qilishimiz mumkin. Eng oxirgi bosqichda balki umumiy fuqarolik g‘oyasi ham amalga oshar (menimcha, bu g‘oya hozirdanoq ro‘yobga chiqmoqda), ammo mazkur masalani butkul taqdir hukmiga havola etsak bo‘ladi, chunki bu borada bizga tole yor bo‘lishini ko‘pchiligimiz aniq sezib turibmiz.
Ammo biz o‘zimizga berib ko‘rishimiz kerak bo‘lgan bir muhim savol bor.AQSh va Britaniya hamdo‘stligi o‘rtasidagi qalin munosabatlar ayni paytda ularning Jahoniy Tashkilotga sodiq qolishlariga xalal bermaydimi? Mening javobim shu: bunday munosabatlar, aksincha, mazkur tashkilotning maqomi va qudratini oshirishning, ehtimol, birdan-bir chorasidir. AQSh, Kanada va Janubiy Amerika respublikalari o‘rtasida o‘ziga xos munosabatlar mavjud. Biz ham Rossiya bilan hamkorlik va o‘zaro yordam ko‘rsatish to‘g‘risida 20 yillik shartnoma tuzganmiz. Men Buyukbritaniya tashqi ishlar vaziri janob Bevinning gapiga qo‘shilaman, uning fikricha, agar xohlasak bu shartnomani 50 yilga ham tuzishimiz mumkin. Bizning yagona maqsadimiz o‘zaro yordam ko‘rsatish va hamkorlik qilishdir. Bizning Portugaliya bilan ittifoqimiz 1384 yildan beri amal qiladi va o‘tgan urushning og‘ir damlarida ancha foyda berdi. Ushbu bitimlarning hech biri jahon miqyosidagi murosai madoraning umumiy manfaatlariga zid emas. Aksincha, ular BMT ishiga ko‘maklashishi mumkin. «Ollohning uyida hammaga joy yetadi». Birlashgan Millatlar o‘rtasidagi biron-bir mamlakatga qarshi qaratilmagan va Birlashgan Millatlar Tashkilotining nizomiga mos kelmaydigan rejalarni o‘z ichiga olmagan alohida munosabatlar nafaqat zararsiz, balki, menimcha, foydali va kerakli hamdir.
Men Tinchlik qasri haqida gapirgan edim. Bu qasrni barcha mamlakatlarning mehnatkashlari barpo etishlari kerak. Agar ushbu binokorlarning ikkitasi bir-birini juda yaxshi bilsa, eski do‘stlar bo‘lsa, agar ular quda-anda bo‘lib ketgan bo‘lsalar, o‘tgan kuni qayerdadir ko‘zim tushganidek «agar ular bir-birlarining maqsadlari ro‘yobga chiqishiga, kelajagi porloq bo‘lishiga ishonsalar, bir-birlarining yaxshisini oshirib, yomonini yashirishga urinsalar», unda nega umumiy maqsad yo‘lida do‘st va hamkor sifatida birgalikda ishlay olmas ekanlar? Nega ular ish qurollaridan birgalikda foydalanib, bir-birlarining mehnat qobiliyatini oshira olishmas ekan? Ular nafaqat shunday qila olishadi, balki shunday qilishlari shart, aks holda qasr barpo bo‘lmaydi yoki no‘noq shogirdlar tomonidan qurilgan taqdirda ham tezda qulaydi va biz yana, taassufki, uchinchi marta urush jabr-sitamlarini boshdan kechirishga majbur bo‘lamiz. Unda kechagina tugagan urushning mashaqqatlari bu galgisining oldida holva bo‘lib qoladi.
O‘rta asrlar davri qaytishi mumkin, ilm-fanning yarqiroq qanotlarida tosh asri qaytib kelishi mumkin, insoniyatga hozir behisob moddiy boylik keltirishi mumkin bo‘lgan narsa uning butkul yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun sizni ogoh bo‘lishga da’vat etaman. Ehtimol, vaqt juda oz qolgandir. Keling, juda kech bo‘lmasidan mudhish voqealar yuz berishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Modomiki, biz men hozirgina gapirib o‘tganimdek ikkala mamlakatimizning ham qudratini oshiradigan va xavfsizligini ta’minlaydigan qardoshlarcha ittifoq bo‘lishini xohlar ekanmiz, keling, shunday qilamiz, bu ulug‘ ish butun dunyoga ma’lum bo‘lsin va tinchlikni mustahkamlashga xizmat qilsin. Kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan ma’qul.
Dunyoning ittifoqchilar g‘alabasidan so‘ng yaqindagina yorishgan yuziga yana soya tushdi. Sovet Rossiyasi va uning xalqaro kommunistik tashkiloti yaqin kelajakda nima qilmoqchi ekanini va ularning bosqinchilik va buzg‘unchilikka intilishlarining cheki bor-yo‘qligini hech kim bilmaydi. Men shavkatli rus xalqiga va urush davridagi do‘stim marshal Stalinga tan beraman va ularni juda hurmat qilaman. Angliyada — bu yerda ham shundayligiga shubham yo‘q — Rossiyaning barcha xalqlariga chuqur hamdardlik bilan, yaxshi niyat bilan qaraydilar va mustahkam do‘stona munosabat o‘rnatish uchun ko‘plab kelishmovchilik va ziddiyatlarni yengib o‘tishga tayyordirlar. Biz Rossiya Germaniya yana tajovuz qilishidan xavfsirashini, shu bois o‘zining g‘arbiy chegaralari xavfsizligini ta’minlashi zarurligini tushunamiz. Biz uni o‘z o‘rnida — jahonning yetakchi davlatlari orasida ko‘rishdan xursandmiz. Biz dengizlarda uning kemalarini ko‘rsak olqishlaymiz. Eng avvalo biz Atlantikaning har ikkala tomonidagi xalqlarimiz va rus xalqi orasidagi doimiy, qalin va mustahkamlanib boruvchi aloqalarni ma’qullaymiz. Biroq men sizga Yevropadagi hozirgi ahvol haqidagi ba’zi faktlarni bayon qilib berishni o‘z burchim deb bilaman. Siz ularni menga qanday taqdim etishsa shunday hikoya qilib berishimni xohlayotganingizga aminman.
Qit’ada Boltiq dengizi sohilidagi Shtettin shahridan to Adriatika dengizi bo‘yidagi Triyest shahrigacha temir parda tortildi. Markaziy va Sharqiy Yevropadagi qadimiy davlatlarning barcha poytaxtlari — Varshava, Berlin, Praga, Vena, Budapesht, Belgrad, Buxarest, Sofiya pardaning u tomonida. Ushbu mashhur shaharlarning hammasi va ularning tevarak-atrofidagi aholi sovet ta’sir doirasi deb ataladigan hududda qolib ketishdi, ularning barchasi u yoki bu shaklda nafaqat sovet ta’siri, shuningdek Moskvaning salmoqli va tobora kuchayib borayotgan nazorati ostidadirlar. Faqat abadiy shon-sharafga burkangan Afinagina Britaniya, Amerika va Fransiya kuzatuvchilari ishtirokida saylovda o‘z kelajagini o‘zi erkin belgilay oladi. Ruslar hukmronligidagi Polsha hukumati Germaniyaga qarshi ulkan va adolatsiz suiqasdga gijgijlanayapti, bu esa millionlab nemislarning ommaviy ravishda o‘ta achinarli va misli ko‘rilmagan ko‘lamda quvg‘in qilinishiga olib kelmoqda. Sharqiy Yevropaning ushbu davlatlaridagi kamsonli kommunistik partiyalar a’zolari soniga mutlaqo nomutanosib bo‘lgan favqulodda kuchga ega bo‘lib, hamma joyda totalitar nazorat o‘rnatishga intilmoqdalar. Mazkur davlatlarning deyarli barchasi zo‘ravon hukumatlar tomonidan boshqarilmoqda, shu kungacha ularda haqiqiy demokratiya yo‘q, Chexoslovakiya bundan mustasno. Turkiya va Eron ularga Moskva hukumati tomonidan bildirilayotgan e’tiroz va ko‘rsatilayotgan bosimlardan chuqur xavotir va tashvishga tushib qolishgan. Berlinda ruslar bosib olingan Germaniyaning sovet zonasida so‘l nemis rahnamolari guruhlariga maxsus imtiyozlar berish orqali kvazikommunistik partiya tuzishga urinishmoqda.
Bultur iyun oyidagi janglardan so‘ng Amerika va Britaniya armiyalari ilgari erishilgan kelishuvga muvofiq deyarli 400 milga cho‘zilgan front bo‘ylab g‘arbga, ba’zi joylarda 150 milgacha ichkariga chekindilar. Kelishuvga ko‘ra g‘arb davlatlari egallagan bu keng hudud bizning rus ittifoqchilarimiz ixtiyoriga o‘tdi. Agar hozir sovet hukumati birtomonlama xatti-harakatlari bilan o‘z zonasida kommunistparast Germaniya davlatini tuzishga urinsa, bu Britaniya va Amerika zonalarida yangi jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi hamda mag‘lubiyatga uchragan nemislarga sovetlar va g‘arb davlatlari o‘rtasida o‘yin qilish imkonini beradi. Bularning bari bor gaplar, ulardan qanday xulosa chiqarmaylik, Yevropa uning uchun biz kurashgan va ozod etgan o‘sha ozod Yevropa, mustahkam tinchlik o‘rnatish uchun zarur shart-sharoitga ega Yevropa bo‘lmasligi aniq.
Dunyoning xavfsizligi Yevropada yangi hamjihatlikka erishishni taqozo qiladi, undan hech bir tarafni batamom chetga surib qo‘yish kerak emas. Yevropadagi ushbu qudratli ikki asosiy irq o‘rtasidagi nizolar tufayli ilgari qancha qirg‘inbarotlar bo‘lgan, ko‘z o‘ngimizda jahon urushlari bo‘lib o‘tdi. Umrimiz mobaynida ikki marta Qo‘shma Shtatlar o‘z xohishi va an’analariga xilof ravishda, yaqqol ko‘rinib turgan dalillarga qarshi o‘laroq dahshatli xunrezliklar va yo‘qotishlarga qaramay haq ishning g‘alabasini ta’minlash uchun yengib bo‘lmaydigan kuchlar tomonidan ushbu urushlarga jalb etildi. Ikki marta Qo‘shma Shtatlar o‘zining millionlab yoshlarini Atlantika okeanining naryog‘idagi urushga jo‘natishga majbur bo‘ldi. Biroq hozirgi vaqtda har qanday mamlakat, mag‘ribu mashriqning qayerida joylashganidan qat’i nazar, urush balosiga yo‘liqishi mumkin. Biz shubhasiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida, uning nizomiga muvofiq Yevropani yalpi tinchitishdek ulug‘ maqsad yo‘lida harakat qilishimiz kerak. Bu, mening fikrimcha, nihoyatda muhim ahamiyatga ega siyosatdir.
Yevropani ko‘ndalangiga ajratib qo‘ygan «temir parda»ning boshqa tarafida xavotirlanish uchun boshqa sabablar bor. Italiyada kommunistik partiyaning faoliyati kommunistlar ta’limini olgan marshal Titoning Adriatika markazidagi Italiyaning sobiq hududiga qilayotgan da’vosini qo‘llab-quvvatlash zarurati tufayli tang ahvolga solib qo‘yilgan. Shunga qaramay Italiyadagi vaziyat noaniqligicha qolmoqda. Bundan tashqari, tiklangan Yevropani qudratli Fransiyasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Umr bo‘yi men dunyoda qudratli Fransiya mavjud bo‘lishining tarafdori bo‘lib keldim, hatto eng og‘ir kunlarda ham uning kelajagi porloq bo‘lishiga ishonganman. Bunga hozir ham ishonaman. Lekin Rossiya chegaralaridan olisda joylashgan ko‘pgina mamlakatlarda kommunistik beshinchi kolonnalar tuzilgan. Ular batamom hamjihatlikda, kommunistik markazdan olinadigan ko‘rsatmalarga to‘la bo‘ysungan holda ish qiladilar. Kommunistik partiyalar yoki beshinchi kolonnalarning xristian sivilizatsiyasiga solayotgan xavf-xatari va tahdidi tobora kuchayib bormoqda, kommunizm hali go‘daklik pallasida bo‘lgan Britaniya hamdo‘stligi va Qo‘shma Shtatlar bundan mustasno. Bularning bari tinchlik va demokratiya uchun qo‘lda qurol bilan yelkama-yelka kurashib birgalikda erishilgan g‘alabadan so‘ng ko‘p vaqt o‘tmay aytishga to‘g‘ri kelayotgan noxush faktlardir. Ammo hali vaqt borida ularni payqamaslik o‘taketgan kaltafahmlik bo‘lur edi. Uzoq Sharqdagi, ayniqsa Manchjuriyadagi vaziyat ham kishida xavotir uyg‘otadi. Yaltada erishilgan kelishuv, unga men ham doxilman, Rossiya uchun nihoyatda maqbul bitim bo‘lgan edi. Ammo u hech kim urush 1945 yilning yozida yo kuzida tugaydi deb ayta olmaydigan va Yaponiya bilan bo‘ladigan urush Germaniyaga qarshi urush tugaganidan so‘ng 18 oy ichida kechishi kutilayotgan bir paytda tuzilgan edi. Siz Uzoq Sharqda bo‘layotgan ishlardan juda yaxshi xabardorsiz va Xitoyning sodiq do‘sti hisoblanasizki, mening u yerdagi ahvol haqida gapirib o‘tirishimga hojat yo‘q.
Men sizga G‘arbda ham, Sharqda ham butun dunyoni qoplayotgan ko‘lankani tasvirlab berishga o‘zimni burchliman deb bildim. Versal shartnomasi tuzilayotganda men vazir hamda Buyukbritaniyaning Versaldagi delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan janob Lloyd Jorjning yaqin do‘sti edim. U yerda erishilgan shartlashuvlarning ko‘piga qo‘shilmagan bo‘lsam ham menda o‘sha davrdagi vaziyat haqida yorqin taassurot qolgan edi. Uni hozirgisi bilan taqqoslash men uchun juda og‘ir. U davr qalblarni boshqa urush bo‘lmaydi va Millatlar ligasi har narsaga qodir kuchli tashkilotga aylanadi degan ulkan orzu-umidlar va cheksiz ishonch hissi qamrab olgan davr edi. Bugun men dunyomizning horg‘in chehrasida shunday ishonch va orzu-umidlarni ko‘rmayapman ham, sezmayapman ham.
Ikkinchi tomondan, men yangi urush muqarrar, buning ustiga u yaqin orada boshlanadi degan fikrni xayolimdan quvaman. Shuning uchun quvamanki, taqdirimiz o‘z qo‘limizda ekanligiga, urushning oldini ola olishimizga ishonaman. Qulay fursat va imkoniyat tug‘ilgan ekan, ushbu masala bo‘yicha fikr bildirishni o‘z burchim deb bilaman. Men Rossiya urushni xohlashiga ishonmayman. U nimani xohlayotgan bo‘lsa, bu urushning hamda o‘z qudrati va ta’limotini keng yoyishning natijalaridir. Ammo biz bu yerda bugun, hali vaqt borida urushning abadiy oldini olish va barcha mamlakatlarda iloji boricha tezroq erkinlik va demokratiya qaror topishi uchun shart-sharoit yaratish haqida o‘ylashimiz shart. Agar qiyinchilik va xavf-xatarlarni ko‘rib ko‘rmaslikka olsak yoki nima bo‘lar ekan deb kutib o‘tirsak yoxud yarashtirish siyosatini yuritsak, ular o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketmaydi. Biz ularni hal qilishga erishishimiz kerak, bu qancha ko‘p vaqtni olsa shuncha qiyin kechadi va oldimizdagi xavf-xatarlar yanada dahshatli tus oladi. Urush davridagi ittifoqchilarimiz bo‘lmish rus do‘stlarimizning xatti-harakatlarini kuzatib shunday xulosaga keldimki, ular hech nimani kuch-qudratni qadrlaganchalik qadrlamaydilar va hech nimaga harbiy zaiflikka qaraganchalik nopisandlik bilan qaramaydilar. Shu sababga ko‘ra endilikda kuchlar tengligiga asoslangan eski doktrina yaroqsizdir. Biz ozgina qo‘limiz ustun-ku degan fikrdan kelib chiqib harakat qilishni o‘zimizga ep ko‘ra olmaymiz, chunki bu kuchni sinab ko‘rish vasvasasini keltirib chiqaradi. Agar g‘arb davlatlari birgalikda Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomi prinsiplariga qat’iy sodiqligicha qolsalar, ularning ushbu prinsiplar rivojiga ko‘rsatadigan ta’siri juda katta bo‘ladi va hech kim ularning barqarorligiga putur yetkaza olmaydi. Biroq ular tarqoq bo‘lishsa yoki o‘z burchini bajara olishmasa va ushbu hal qiluvchi yillarni o‘tkazib yuborishsa, unda rostdan ham hammamiz falokatga yo‘liqamiz.
O‘tgan safar, voqealarning xuddi shunday rivojlanishini kuzata turib, men bor ovozim bilan vatandoshlarimni va butun dunyoni xavfdan ogohlantirmoqchi bo‘ldim, ammo hech kim gaplarimga quloq solishni istamadi. 1933-yilgacha, hatto 1935-yilgacha ham Germaniyani boshiga tushajak dahshatli qismatdan asrab qolish mumkin edi, shunda Gitler insoniyat boshiga baxtsizligu kulfatlar yog‘dira olmagan bo‘lardi. O‘z vaqtida chora ko‘rilganda kechagina tugagan, yer yuzining katta qismini vayronaga aylantirgan urushning osongina oldini olish mumkin edi, tarixda hali bunaqasi bo‘lmagan. Aminmanki, bitta ham o‘q otmasdan uning oldini olsa bo‘lardi, Germaniya esa bugun qudratli, gullab-yashnayotgan va obro‘yli mamlakatga aylanardi; ammo o‘shanda meni eshitishni istamadilar va dahshatli girdob bizni birin-ketin o‘z domiga tortib ketdi. Biz bu hol takrorlanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Hozir bunga faqat bugun, 1946 yilda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining umumiy rahbarligida hamma masalalar bo‘yicha Rossiya bilan til topishib, hamjihat bo‘lib, ushbu ezgu tushunchani inglizzabon dunyoning butun kuch-qudrati va u bilan bog‘liq barcha-barchaga suyangan holda uzoq yillar mobaynida himoya qilib erishish mumkin. Toki hech kim Britaniya imperiyasi va hamdo‘stligining buyuk kuchiga nopisandlik bilan qaramasin. Bizning orolimizda 46 million kishi oziq-ovqatdan qiynalayotganini, 6 yillik urushning cheksiz mashaqqatlaridan so‘ng bizda sanoatimiz va eksport savdosini tiklashda qiyinchiliklar mavjudligini ko‘rib turgan bo‘lsangiz ham bizni bu yo‘qchiliklarni urush mashaqqatlarini sharaf bilan yengib o‘tganimizdek yengib o‘tolmaydi deb, yoki bizni yarim asrdan so‘ng yer yuzining hamma hududlarida yashovchi va an’analarimizni, turmush tarzimizni hamda siz bilan biz amal qiladigan umumbashariy qadriyatlarni himoya qilish ishida yakdil bo‘lgan 70-80 millionlik xalqqa aylanmaydi deb o‘ylamang. Agar Britaniya hamdo‘stligi va Qo‘shma Shtatlar aholisi havoda, dengizda, ilm-fan va iqtisodiyotda chinakam hamkor bo‘lib, birgalikda harakat qilsalar, kuchlar nisbatining jizzakilikka yoki avantyurizmga undaydigan xavotirli o‘zgarishiga yo‘l qo‘ymaydilar. Aksincha, xavfsizlikka bo‘lgan ishonch to‘kis bo‘ladi. Agar biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomiga vijdonan amal qilsak va birovlarning yerlari va boyliklariga da’vo qilmasdan, odamlarning maslaklari ustidan asossiz nazorat o‘rnatishga intilmasdan, xotirjamlik va ziyraklik bilan olg‘a qadam bossak, agar Britaniyaning barcha ma’naviy va moddiy kuchlari sizlarniki bilan qardoshlarcha ittifoqqa birlashsa, nafaqat biz uchun, balki hamma uchun, nafaqat hozir, balki kelgusida ham kelajak sari keng yo‘l ochiladi.
* * *
«BBC» O‘zbek xizmati jurnalisti, «bbcuzbek.com» muharriri Pahlavon Sodiq O‘zbekiston Milliy axborot agentligining rasmiy saytida e’lon qilingan intervyusida «ayrimlar Shavkat Mirziyoyevning nutqini Uinston Cherchillning 1946 yildagi Fulton nutqiga qiyoslashdi. Men bu kabi muqoyasa qilishga shoshmagan bo‘lardim. Cherchillning nutqi «Fulton nutqi»ga aylangunicha oradan bir necha o‘n yil vaqt o‘tgan, bungacha uning o‘zi «shuhratparast» va «hayotdan uzilgan» rahbar, deya iste’foga majburlangan. Faqat vaqt Cherchillning nutqiga baho berdi. Shunga o‘xshab, Shavkat Mirziyoyev Murojaatiga ham eng yaxshi hakam vaqtdir», deb aytib o‘tgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter