«Boko harom» Nigeriyada 2013-yildan buyon mingdan ortiq bolani o‘g‘irladi
13-aprel kuni BMTning bolalar tashkiloti UNICEF Nigeriyadagi «Boko harom» terrorchi tashkiloti tomonidan 2013-yildan buyon mingdan ortiq bola o‘g‘irlanganini ma’lum qildi. Bu haqda Fransiyaning «Le Monde» nashri xabar bermoqda. Ulardan 276 nafari 2014-yilda Shibok shtatidagi litseydan o‘g‘irlab ketilgan qizlardir.
Tashkilotning Nigeriyadagi vakili Muhammad Malik Falning aytishicha, «bolalarga nisbatan qilinayotgan bunday hujumlar haqida o‘ylashning o‘zi qo‘rqinchli».
Nigeriyada xalifatga asoslangan hukumat tuzishni maqsad qilgan «Boko harom» (xausa tilidan tarjima qilganda «g‘arbcha ta’lim harom» ma’nosini beradi) 2009-yildan buyon mamlakatda 20000 insonning o‘limiga sababchi bo‘ldi. Uning harakatlari natijasida 2,6 million odam darbadarlikka mahkum etildi. UNICEF hisob-kitoblariga qaraganda, dunyoviy ta’limning har qanday ko‘rinishini rad etuvchi ushbu terrorchi guruh Nigeriyadagi asosan dunyoviy ta’lim beriladigan maktablardagi 2295 nafar o‘qituvchini qatl etib, 1400 dan ziyod ta’lim dargohini vayronaga aylantirdi.
2015-yilda Nigeriyada hukumat tepasiga Muhammadu Buxoriy kelganidan keyin olib borilgan janglar natijasida guruh o‘zining katta hududlarini boy berdi. Ammo, kuchsizlanganiga qaramasdan, guruh asosan tinch aholi vakillariga nisbatan hujumlarni davom ettirdi. Shu yilning fevral oyida Dapshi viloyatida 111 nafar maktab o‘quvchisining o‘g‘irlanishi butun mamlakatni karaxt ahvolga solib qo‘ydi. O‘quvchilar keyinchalik qutqarilgan bo‘lsa-da, ushbu hodisa o‘sha mash’um 2014-yilni esga solib yubordi.
2009-yilda tashkil etilgan ushbu guruh 2015-yilning mart oyida Iroq va Suriyada faoliyat olib boruvchi «Islom davlati» terrorchi guruhi tarkibiga kirganini ma’lum qildi va nomini «Islom davlatining G‘arbiy Afrika viloyati» deb o‘zgartirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter