Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Urganchda karantindan qochmoqchi bo‘lgan shaxsni ushlash uchun havoga o‘q uzildi

Urganchda karantindan qochmoqchi bo‘lgan shaxsni ushlash uchun havoga o‘q uzildi

Harbiylar Urganchdagi karantin hududidan bir necha marta qochishga uringan shaxsni ushladi. U panjaradan oshib o‘tayotgan vaqtda havoga ogohlantiruvchi o‘q uzilgan. Bu haqda Mudofaa vazirligi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Xabarda keltirilishicha, 18 may kuni soat 13:30 atrofida Urganch shahrida joylashgan Xorazm viloyati nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazida ehtiyot chorasi sifatida tashkil etilgan yopiq karantin hududida saqlanayotgan, 1976 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan fuqaro I.R. markazdan qochishga urinadi.

Ushbu holatni payqagan Urganch garnizonidan tayinlangan soqchi kichik serjant L.A. fuqaro I.R.ni og‘zaki ogohlantirib, undan orqaga qaytishni so‘raydi va holat bo‘yicha guruh kattasiga ma’lumot beradi. O‘z navbatida, guruh kattasi shu zahoti sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha karantin shtabiga ma’lumotni yetkazadi.

Ammo shu kunning o‘zida, soat 14.10 atrofida fuqaro ikkinchi marta yopiq karantin hududidan qochishga harakat qiladi. U soqchining ogohlantirishiga qaramay, temir panjaradan oshib o‘tishga urinadi.

«Natijada soqchi, maxsus yo‘riqnomaga asosan, shaxsiy qurolidan osmonga qarata ogohlantiruvchi o‘q otishga majbur bo‘ladi. Shoshib qolgan fuqaro I.R. qorovul shaxsiy tarkibi tomonidan tezda qo‘lga olindi», — deyiladi xabarda.

Karantin qoidalarini buzganlik holati bo‘yicha fuqaro I.R. karantin shtabiga topshirilib, unga nisbatan o‘rnatilgan tartibda ma’muriy bayonnoma tuzildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring