Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taniqli o‘zbek aktyori musulmon e’tiqodiga to‘g‘ri kelmaydigan loyihadagi ishtirokini to‘xtatdi

Taniqli o‘zbek aktyori musulmon e’tiqodiga to‘g‘ri kelmaydigan loyihadagi ishtirokini to‘xtatdi

Foto: «themag.uz»

Taniqli aktyor, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov «Injil»ni ovozlashtirish ishlarida ishtirok etayotganini bildirgani ko‘pchilikning tanqid va e’tiroziga sabab bo‘lgandi. Bunday xatti-harakati musulmon e’tiqodiga to‘g‘ri kelmasligini anglagach, aktyor mazkur loyihada ishtirokini to‘xtatdi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoq orqali quyidagicha ma’lum qildi:

«Assalomu alaykum, aziz dindoshlar! Barchangizga Parvardigori OLAM in’om etgan yangi kun muborak bo‘lsin!

Ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan mavzuda yangi post qoldirmoqchiman.

Ma’lumingizkim, yangi loyiha ustida ish jarayonlari boshlangan edi. Ushbu jarayonni yoritish maqsadida izohli rasm qoldirilgandi. Ammo, avvalambor, bu ish, islomiy jihatdan kufr sanalgani, muqaddas dinimizda ushbu loyiha uchun ruxsat yo‘qligi va muxlislarning fikrlarini inobatga olib, ushbu loyihadagi ishtirokimni to‘xtatganimni rasman e’lon qilmoqchiman!

Men shu paytgacha muxlislarimni tarixiy va zamonaviy obrazlarim bilan xursand qilib kelganman va bundan buyon Parvardigor qancha umr bergan bo‘lsa, xalqimiz uchun ana shunday obrazlarni yaratishga harakat qilaman.

Ushbu masala bo‘yicha o‘zlarining ob’yektiv fikrlarini bildirgan birodarlarimizga Ollohning marhamati va rahmatini tilayman. Tiliga erk bergan, diniy muomala madaniyatini unutganlarga esa Yaratgandan insof so‘rab qolaman!

Barchangizga dunyo va oxirat yaxshilik va saodatini tilab, hammalaringizga hurmat-ehtiromini izhor etib,

Muhammadali Abduqunduzov!»

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring