Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Stalin jallodining qismati

Stalin jallodining qismati

Stalin zamonidagi doimiy jallod Vasiliy Mixaylovich Bloxinning ism-sharifi har kimga ham tanish emas. Uning imzosi bilan otuvga hukm qilinganlar ustidan ijroni bajarish bo‘yicha Lubyanka arxivida juda ko‘plab hujjatlar saqlanmoqda. Mazkur manbalarga ko‘ra, Lubyankaning bosh jallodi shaxsan o‘zi o‘n ming nafardan ko‘p kishini otgan...

Dehqon o‘g‘li

Bloxinning jallodlik hunaridan bexabar kishilar bu ishiga guvoh bo‘lgach, karaxtlanib titroqqa tushishgan. Kalinin viloyati UNKVD boshlig‘i Dmitriy Tokaryov 1940 yilning bahorida Bloxin boshchiligida Kalininga kelgan NKVDning yuqori martabali xodimlari guruhi haqida hikoya qilgan. O‘sha kuni Ostashkovskiy lagerida saqlanayotgan polyak mahbuslari otilishi kerak edi. Tokaryovning aytishicha, birinchi otuv uchun hamma ish tayyor bo‘lgach, Bloxin ularning huzuriga kirib, «Qani, ketdik...» degan. «Biz unga ergashdik va men dahshatga guvoh bo‘ldim...»

Bloxin o‘zining maxsus kiyimini tarang qilib kiyib yurardi – unda malla charm kepka, uzun mallarang charm etak, yana malla tusdagi qo‘nji tirsagidan uzun qo‘lqoplar bo‘lardi. Bu menda ulkan taassurot qoldirdi – men jallodni ko‘rdim!»

Birinchi kecha Bloxin rahbarligidagi maxsus qism 343 nafar kishini otdi. Keyingi kunlari esa Bloxin kamida 250 mahbusni otish haqida farmoyish berdi. 1940 yilning bahorida uning rahbarligi va bevosita ishtirokida Kalininda polyaklarning 6311 nafar harbiy mahbusi otib o‘ldirildi. Aytish mumkin, bunday «zarbdor» xatti-harakati tufayli u shaxsan qatl qilgan mahbuslari sonini ikki baravarga oshirdi.

Otuvda bevosita ishtirok etmagan Tokaryovga nisbatan Bloxin professional jallod sifatida takabburona «oliyhimmatlik» ko‘rsatdi. U o‘zi qo‘l urgan ishga har kim ham qodir emasligini yaxshi tushunardi. Otuvda ishtirok etganlarni mukofotlash uchun tuzilgan ro‘yxatga UNKVD boshlig‘i Tokaryovni ham qo‘shdi.

Stalinning qator hukmlarini ijro etgan bu odam kim edi?

Tarjimai holidagi uncha yetarli bo‘lmagan ma’lumotga ko‘ra, u 1895 yili Ivanovskiy viloyati Suzdal rayoni Gavrilovskiy qishlog‘ida kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan. 1905 yildan e’tiboran o‘qish bilan birga cho‘ponlik ham qildi. Keyin tosh yo‘nuvchi bo‘ldi, otasining xo‘jaligida ishladi.

1915 yilning 5 iyunidan Vladimirdagi 82-piyoda polkida oddiy askar bo‘lib xizmat qila boshladi. Kichik unter-ofitserlikkacha xizmatni o‘tadi. 1917 yil 2 iyunidan – 218-Gorbatovskiy piyoda polkida katta unter-ofitser bo‘ldi, Germaniya frontida xizmat qilish asnosida jarohatlandi. 29 dekabrgacha Polotskdagi gospitalda davolandi.

Keyin 1918 yilning oktyabriga qadar siyosiy bo‘hronlardan chetda bo‘lib, otasining xo‘jaligida dehqonchilik qildi. O‘sha yilning 25 oktyabridan Suzdal rayonining Yanovskiy volosti harbiy qismiga ko‘ngilli bo‘lib xizmatga kirdi. Oradan ko‘p o‘tmay Bloxin o‘zining siyosiy yo‘lini tanladi – 1921 yilning aprelida kommunistik partiya safiga kirdi va 25 mayda Stavropoldagi VChK askarlarining 62-bataloniga qabul qilindi.

Endi uning chekistlik faoliyati kamol topa boshladi. 1921 yilning 24 noyabridan VChK kollegiyasi qoshidagi maxsus otryad vzvodning komandiri yordamchisi, 1922 yil 5 maydan vzvod komandiri bo‘lib tayinlandi. 1924 yilning 16 iyulidan OGPU kollegiyasi qoshidagi 61-alohida diviziya komandirining yordamchisi sifatida ishlay boshladi. Ko‘p o‘tmay, o‘sha yilning 22 avgustidan esa, Bloxin mazkur kollegiya maxsus bo‘linmasining alohida topshiriqlar bo‘yicha komissari lavozimiga munosib ko‘rildi. Endi kundalik ishlaridan tashqari, otuv hukmini ijro etish ham uning vazifasiga kirardi.

Mansab pillapoyasi

1925 yilning bahoridan boshlab Bloxinning imzosi otish aktlarida muntazam ravishda uchraydigan bo‘lgan. Ehtimol, bundan keyin ham u faqat otish bilan shug‘ullanib yurishi mumkin edi. Biroq kutilmaganda yuqori lavozimga bo‘sh ish o‘rni ochildi. 1926 yilning 3 mart oyidan Bloxin OGPU komendanti vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lib tayinlandi (ishdan bo‘shatilgan K.I.Veys o‘rniga). O‘sha yilning 1 iyunidan esa Bloxinni shu lavozimga tasdiqladilar.

Bu vazifada avval ishlagan Karl Keysning taqdiri yaxshi bo‘lmadi. OGPUning Yagoda tomonidan imzo chekilgan 1926 yil 5 iyuldagi 131/47 raqamli buyrug‘ida uning komendantlikdan bo‘shatilgani sabablari va sud hukmida shunday deyilgan edi: «OGPU kollegiyasining 1926 yil  31 maydagi qaroriga ko‘ra, VChK/OGPU komendanti Veys Karl Ivanovich chet el vakolatxonasi xodimlari, ochiqdan-ochiq josuslar bilan aloqa bog‘laganlikda ayblanib, o‘n yil ozodlikdan mahrum qilinsin, jazo qattiq tartibli rejimda o‘tkazilsin. Veysga tegishli ishda uning chekist va kommuna a’zosi bo‘lsa-da, burchiga mas’uliyatsiz qaragani ma’lum bo‘ldi. Bu esa Davlat Siyosiy Boshqaruvi Birlashmasi xodimi bo‘lsa-da, mazkur idorani obro‘sizlantirishga urinishdir».

Veysdan farqli o‘laroq, Bloxin o‘zini risoladagidek tutdi va komendant lavozimida pensiyaga chiqquniga qadar uzoq yillar ishladi.

U OGPU idorasida faoliyat ko‘rsatar ekan, o‘zi mustaqil tayyorgarlik ko‘rib, oliy o‘quv yurtiga sinovlarni topshirdi. Keyin esa muhandis-texnik ishchilar malaka oshirish instituti qurilish fakultetining 3-kursini tamomladi.

Bloxin qo‘l ostidagi otuv qo‘mondonligi yoxud hujjatlarda nomlanganidek, «maxsus guruh» turli bo‘linmalarga ega xodimlardan tashkil etilgan edi. 1920 yil oxiri – 1930 yillarning boshida mazkur qo‘mondonlikda sovet dohiylari va shaxsan Stalinni qo‘riqlash bilan shug‘ullanuvchi OGPU kollegiyasi qoshidagi maxsus bo‘lim mavjud bo‘lgan. Ya’ni, dohiylarni qo‘riqlash muntazam ravishda «xalq dushman»larini otishda ishtirok etish bilan uyg‘unlashtirilgan edi.

OGPU markaziy idorasi shtatida quyidagilar «alohida farmoyishlar uchun komissarlar» sifatida qayd etilgan: A.P.Rogov, I.F.Yusis, F.I.Sotnikov, R.M.Gabalin, A.K.Chernov, P.P.Pakaln, Ya.F.Rodovanskiy. Boshqa ijrochilar qismi OGPU komendaturasida xizmat qilgan. Bular – Bloxinning o‘zi, P.I.Mago va V.I.Shigalev. keyinroq «maxsus guruh»ga I.I.Shigalyov (V.I.Shigalyovning akasi), P.I.Yakovlev (hukumat garaji boshlig‘i, so‘ng OGPU avtobo‘limi rahbari), I.I.Antonov, A.D.Dmitriyev, A.M.Yemelyanov, E.A.Mach, I.I.Feldman, D.E.Semenixin edilar.

Aqldan ozishlar

Jallodlarning taqdiri oson kechmagan. Oilada ularni kamdan-kam ko‘rishar, «ish»dan kelganlaridan so‘ng esa ko‘pincha mast holda bo‘lishardi. Bunday vahshiyona mashg‘ulotdan so‘ng qanday ichishmasin? O‘lim ijrochilarining muddatidan oldin hayotdan ko‘z yumgani yoki aqldan ozganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Grigoriy Xrustalyov – 1930 yilning oktyabrida, Ivan Yusis – 1931 yili, Pyotr Mago – 1941 yili, Vasiliy Shigalyov – 1942 yili, ukasi Ivan Shigalyov – 1945 yili o‘z ajali bilan vafot etishdi. Ko‘pchilik shizofreniya (ruhiy kasallik) tufayli nogiron bo‘lib, pensiyaga chiqdi yoki Ernst Mach kabi asab-ruhiy tizimi buzilishi oqibatida ishdan bo‘shatildi.

Darvoqe, qatag‘on dahshati otuv ijrochilarining o‘zlarini ham chetlab o‘tmagan. Ularning ma’lum qismiga daxldor hujjatlar Bloxinning qo‘liga tushar, keyin esa bu mahkumlar qurbonlar sifatida otish muassasasiga yuborilardi. Shu tarzda, 1937 yili Grigoriy Golov, Pyotr Pakaln, Ferdinand Sotnikovlar otib tashlandi. Qiziq, Bloxin va Mago sobiq do‘stlariga o‘q uzishganida o‘zlarini qanday his etishgan ekan?

Bir paytlar otish paytida Stalinni sharaflagan alohida hukmnomadagi jallodlar asab buzilishiga giriftor bo‘lishdi. Otish guruhini boshqargan, 1937 – 1938 yillarda Moskva viloyati UNKVD «uchlik» qarorini ijro etish bilan shug‘ullangan Isay Berg hibsga olinganining sababi – «kelgusida bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik» va NKVD maxsus guruhi xodimlari o‘rtasida «kayfiyatni ko‘tarish, otilayotgan odamlar – dushmanlar» ekanligini ko‘rsatish kerakligi aytilganida, u shu onning o‘zida iqror bo‘lgan edi: «Biz ko‘plab aybsiz odamlarga qarata o‘q uzganmiz».

Berg Moskva NKVD idorasida ishlaganida bevosita uning ishtirokida mahkumlarni gaz chiqarish yo‘li bilan o‘ldiradigan «qotil-mashina» yaratilgan edi. Bu qisman bo‘lsa-da, jallodlarning asabini asragan. Taganskiy va Butirskiy qamoqxonalaridan tiriklarni ortishar – Butovda esa o‘liklarni tushirishar, hamma ish shundan iborat edi. Stalinni hech qanday ko‘klarga ko‘tarmasdan! Bergning o‘zi tergov chog‘ida izoh berganidek, bunday takomillashuvsiz «ko‘pdan-ko‘p otish hukmini ijro etib bo‘lmasdi».

Bloxin boshchiligidagi otish hukmini ijro etuvchi markaziy guruhga shunday farmoyish berildi: «mahkumlar eng noqulay vaziyatda ham dohiy nomini badnom qilmasliklari uchun ular o‘rtasida tarbiyaviy ishlar olib borilsin».

Sanksiya uchun ruxsat

1937 – 1938 yillar davomida Bloxin eng dongdor otish hukmlarida ishtirok etdi: marshall Tuxachevskiy va u bilan birga hukm qilingan yuqori mansabli harbiylarni otish ishiga rahbarlik qildi. Jazoni ijro etish chog‘ida SSSR prokurori Vishinskiy, Oliy sud harbiy kollegiyasi raisi Ulrix qatnashdilar. Ba’zi paytlari qatl chog‘ida «temir narkom» Yejov ham bu yerga tashrif buyurardi. Uning ishtirokidagi otish ijrosi badiiy sahna asari ko‘rinishini olardi. 1937 yilning kuzida: «Yejov sobiq do‘sti Yakovlevni otish oldidan uni o‘zining yoniga keltirdi – boshqalar ustidan hukm qay tarzda ijro etilishini ko‘rishi uchun». Yakovlev unga shunday so‘zlar bilan murojaat qildi: «Nikolay Ivanovich! Sening ko‘zlaringga qarab menga rahming kelayotganini ko‘ryapman». Yejov javob bermadi, biroq hayajonlangani sezildi va shu onning o‘zidayoq Yakovlevni otib tashlash haqida buyruq berdi.

1938 yili Buxarin, Rikov, Yagoda va «Trotskiychilar blogi jarayoni» bo‘yicha boshqa mahkumlar ustidan ado etilgan hukm ijrosi ham esda qolgan. Yagodani oxirida otishdi, bungacha esa uni va Buxarinni kursiga o‘tqazib, qolgan mahkumlar ustidan hukm qay tarzda ijro etilishini ko‘rishga majbur etdilar. Bu yerda Yejov ham bo‘lib, ustalik bilan o‘ylab topilgan ermakning muallifi edi. U Kreml qo‘riqlash xizmati boshlig‘i Daginga ichki ishlarning sobiq narkomi Yagodani otish oldidan o‘lasi qilib do‘pposlashni buyurdi: «Hammamiz uchun uning boplab adabini ber». Shu bilan birga Bulanovning shishadoshini otish Yejovni ranjitdi va, hatto dastavval unga konyak berish haqida buyruq berdi.

Bloxin o‘zining sobiq hamkasblari, ilgari og‘zini poylab turgan boshliqlaridan necha-necha nafarini otib tashlamadi, deysiz! Aslida fosh qilingan NKVD rahbariyatiga yaqin bo‘lgan Bloxinning ham hayoti xavf ostida edi. Biroq Stalin ishonchli «ijrochi»larni qadrlar va ensadan otishga o‘rgangan kishilarning qo‘riqchi sifatida turgani negadir cho‘chitmasdi.

1939 yilning boshida Beriya NKVDni Yejov kadrlaridan batamom tozaladi. Ayni shu paytda komendant Bloxin NKVDning sobiq kotibi Bulanovga va o‘zi o‘q uzgan narkom Yagodaga juda yaqin bo‘lgani haqida ma’lumot olindi. O‘shanda bu kabi manbalar «fitnachilar rejasi»da ishtirok etish dalili sifatida ko‘rib chiqilardi. Bloxinni hibsga olish haqida qaror hujjatini tayyorlagan Beriya sanksiya uchun Stalinning huzuriga yo‘l oldi. Biroq uni hayron qoldirgan «dohiy» bu taklifni rad etgan. 1953 yili Beriya tergovda shunday ko‘rsatma bergan: «Stalin mening taklifimga rozi bo‘lmadi, bunday odamlarni qamamaslik kerakligi, ular qora ishlarni ado etishayotganini aytdi. Stalin shu zahoti qo‘riqchilik xizmati boshlig‘i N.S.Vlasikni chaqirdi va Bloxinning hukmni ijro etishdagi ishtiroki, uni hibsga olish kerak yoki kerak emasligi haqida so‘radi. Vlasik Bloxinning qatlda ishtirok etayotgani, u bilan A.M.Rakov ham qatnashayotganini aytdi, Bloxin haqida ijobiy fikrlar bildirdi».

Xonasiga qaytgan Beriya gaplashib olish uchun Bloxin va «maxsus guruh» xodimlarini huzuriga chorladi. Narkomning «tarbiyaviy» suhbat yakunlari ijro etilmagan qaror kabi arxivda o‘z aksini topgan: «Mutlaqo maxfiy. Men tomonimdan Bloxin va komendaturaning rahbar xodimlari chaqirildi va ularga qarshi berilgan ko‘rsatmalardan ayrimlari haqida xabardor qilindi. Qattiq ishlash va bundan buyon partiya hamda sovet hukumatiga sodiq bo‘lishga va’da berildi». Stalin Bloxin masalasiga boshqa qaytmadi.

Otish evaziga – mukofotlar!

Odatda mahkumlarni Bloxin xodimlari bilan kutib turgan Varsonofevskiy ko‘chasidagi muassasaga olib kelishardi. Biroq ba’zida qurbonlar uchun Bloxinning o‘zi ham borardi. 1940 yili, otishga hukm qilingan siyosiy byuro a’zoligiga sobiq nomzod Robert Eyxeni Suxanovskiy qamoqxonasidan keltirish talab qilinganida xuddi shunday bo‘ldi. Otuvga yuborishdan avval uni mazkur turmadagi Beriyaning xonasida shafqatsizlarcha do‘pposlashdi. «Eyxeni kaltaklash paytida ko‘ziga og‘ir shikast yetkazishdi. Do‘pposlangan Eyxe josusligini bo‘yniga olmasligini anglab yetgan Beriya uni otib tashlash haqida buyruq berdi».

1940 yilning 6 fevralida esa Bloxin kimsan – narkomning shaxsan o‘zi Yejovga qarata o‘q uzishga musharraf bo‘ldi.

Rahbariyat Bloxinni qadrlar edi. U unvondan-unvonga tez ko‘tarilgan: 1935 yili kapitan, 1940 yili – mayor, 1943 yili – polkovnik, 1944 yili – GB komissari, 1945 yilning iyulidan esa general-mayor maqomiga ega bo‘ldi. Xuddi shu tarzda davlat mukofotlari bilan ham taqdirlandi: Lenin ordeni (1945), uch karra Qizil Bayroq ordeni (1940, 1944, 1945), Vatan urushining I darajasi (1945), Mehnat qizil bayroq (1943), Qizil yulduz (1936), «Hurmat belgisi» (1937) ordenlari, shuningdek, «Faxriy chekist» ikkita nishoni va oltin soat bilan mukofotlandi.

Komendant vazifasida ishlayotganiga 20 yil to‘lganida Bloxin «M-20» («Pobeda») yengil avtomobili bilan siylandi. E’tiborli jihati shundaki, Bloxin va «maxsus guruh»dagi xodimlari jiddiy otuv kampaniyasidan keyin emas, balki undan oldin saxovatlarcha mukofotlanishgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Lubyankada faoliyat ko‘rsatgan yillari mobaynida Bloxin shaxsan o‘zi otib o‘ldirgan odamlar 10 – 15 ming nafarni tashkil etadi.

«Pensiya berilmasin!..»

Stalinning o‘limidan so‘ng va Beriyaning ikkinchi marta «organlar»ga kelishi bilan Bloxin darhol pensiyaga chiqarildi. SSSR ichki ishlar vazirligining 1953 yil 2 apreldagi 107-raqamli buyrug‘iga ko‘ra, u betobligi bois ishdan bo‘shatildi va SSSR OGPU–NKVD–MGB–IIV idoralarida 34 yil «bekamu ko‘st» faoliyat ko‘rsatgani uchun tashakkurnoma e’lon qilindi. Beriyaning izohiga ko‘ra, Bloxinni «o‘tirgan»lik mansabidan ozod etishdi – bir vazifada uzoq vaqt bo‘lgan hamda ishda faollik va samarani yo‘qotishni anglatuvchi shunday rasmiyatchilikka asoslangan atama edi bu. Vaholanki, Bloxinning xizmati o‘tirib ishlashga bog‘liq bo‘lmagan, sog‘lig‘i ancha puturdan ketgan edi.

Shunday qilib, 1953 yili Bloxinni tantanali ravishda orom olishga kuzatishdi. «Dohiy»ning o‘limidan so‘ng uning xizmatiga ehtiyoj yo‘qoldi. Yo‘q, Bloxinning o‘rniga yangi komendant bo‘lib kelgan polkovnik D.V.Brovkin «kechki ish»siz qolib ketish uchun tavakkal qilmasdi, albatta. Shunchaki ish ko‘lami avvalgidek emas edi.

Garchand oldingi qurbonlar o‘rniga o‘zlari sud qilib, intiqom oladiganlar kelgan bo‘lsa-da, Stalindan keyingi yangi rahbariyat davrida sobiq dastyorlar Beriya va Abakumovni qatl etildi. Ularning ishi sinchiklab tergov qilindi va pensiyadagi Bloxinning ham halovati yo‘qolib, tez-tez Bosh prokuraturaga chaqiriladigan bo‘ldi. Beriya va qo‘l ostidagi yaqin kishilarning ishlari yuzasidan sobiq komendantning bebaho ma’lumotlari zarur bo‘lardi. Axir Bloxin eng «ahamiyatli» qatl etishlarning ijrochisi edi! Har holda u aybdor sifatida jalb etilmadi, vaholanki, jinoiy ishlarni ijro etgan. Aftidan, Bloxin shunchaki jallod bo‘lgani va buyruqni bajargani bois, shu qarorga kelishgan. Uning ishi shu, shaxsiy daxldorligi esa yo‘q edi.

Organdagi 36 yillik xizmatlaridan so‘ng vazifasidan bo‘shatilgan Bloxinga 3150 rubl miqdorida pensiya belgilandi. Biroq 1954 yilning 23 noyabrida generallik unvoni olib tashlangach, KGBdan beriladigan pensiyasi to‘xtatildi. Bloxinning oddiy keksalik pensiyasini rasmiylashtirishga ulgurgan yoki ulgurmagani esa noma’lum. Tibbiy xulosaga ko‘ra, Bloxin gipertoniya – qon bosimining ko‘tarilishi va oqibatda yuzaga kelgan kasallikning 3-darajasidan aziyat chekkan. U 1955 yil 3 fevralda infarkt miokardi tufayli hayotdan ko‘z yumdi.

Taqdir hazilini qarangki, Bloxinni o‘z qurbonlarining xoki qo‘yilgan Don qabristoniga dafn etishdi. Otilganlarning murdasi shu yerdagi krematoriyda yoqib yuborilgan va kuli umumiy o‘ralarga sepilgan edi. Bloxinning go‘riga esa siymosi aks etgan chiroyli qabrtoshi o‘rnatishdi. Unutmaslik uchun!..

A.Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring