Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shifokorlar kaltaklanishiga sabab nima?

Shifokorlar kaltaklanishiga sabab nima?

Foto: «Ysia.ru»

Har bir inson uchun sog‘liq, salomatlikdan ortiq boylik yo‘q. Salomatlik ham kishi uchun omonatdir aslida. Bu omonatni asrab-avaylashda barchamizga yaqin ko‘makdosh, avvalo, shifokorlardir.

Ammo so‘nggi vaqtlarda atrofimizda va ijtimoiy tarmoqlarda shifokorlarni nojoiz so‘zlar bilan haqoratlash, hatto ularni kaltaklash, omma oldida obro‘sizlantirishdek ko‘plab ko‘ngilsiz holatlar tez-tez uchrayotgani barchamizni xushyor torttirishi kerak.

Yaqinda Kun.uz ijtimoiy tarmog‘ida «9 yil mushtlashishga emas, do‘xtirlikka o‘qiganman» — Andijonda tez yordam shifokori kaltaklandi sarlavhali xabarni o‘qib qoldim. Unda yozilishicha, Andijon viloyati Paxtabod tumani tez yordam shifokori bemorning mast qarindoshi tomonidan do‘pposlab, uning burnini sindiradi. Magistraturada o‘qiyotgan yosh vrachning ota-onasi bu voqeadan keyin farzandini tez yordamda ishlashiga qarshi bo‘lmoqda.

Yana bir ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumaniga qarashli Tez tibbiy yordam shifokori T.M chaqiruv bo‘yicha tungi 23:30larda Xalqabod mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi M.Sh xonadoniga borganda bemorni yaqinlari tomonidan kaltaklanishi va shifokorga jiddiy jarohat yetkazilganligi haqida xabar omma e’tiborini tortdi.

Ushbu holat bo‘yicha o‘tkazilgan surishtiruv ishlarida shifokor vaqtida yetib kelmagani va bemorga o‘z vaqtida birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilmagani sababli ushbu xodisa yuz berganligi aniqlanadi. Nima bo‘lgandayam, biz o‘z qo‘limiz bilan o‘tirgan shohimizni kesmasligimiz kerak. Misol uchun, o‘t o‘chiruvchi kechikib kelsa, hamma narsa yonib kul bo‘lsa ham, hech kim ularga qattiqqo‘llik qilmaydi, aksincha, jarima yozishidan qo‘rqib bir chetda dirdirab turishadi. Albatta, har qanday bemor, avvalo, o‘z sog‘lig‘iga o‘zi mas’ulligini unutmasligi kerak.

O‘zimdan misol, bir kuni Toshkent viloyatining Piskent tumani Lolariq mahallasi, Sarbon ko‘chasi 12-uyda istiqomat qiluvchi 67 yoshli onamning qon bosimlari to‘satdan ko‘tarilib ketdi va men tez tibbiy yordam 103 raqamiga qo‘ng‘iroq qildim va ajoyib holatning ichiga tushib qoldim.

Buni qarangki, go‘shakdan «Toshkent viloyatining Nurafshon Kovid markazi eshitadi» degan ovoz keldi. Men esa Nurafshonga emas, Piskent tumani Tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilganimni aytganimda operator qiz «Sizning ma’lumotlaringizni yozib olamiz va Piskent tumani Tez tibbiy yordam bo‘limiga yetkazamiz, hozir tuman bo‘limlari viloyatga ulangan, tartib shunday bo‘lgan», deb javob berdi.

Onamning qon bosimlari 120x190, ahvollari yaxshi emas, oradan 10 daqiqa o‘tsa hamki, tez tibbiy yordamdagilardan darak yo‘q. Shunda yana qo‘ng‘iroq qildim va Nurafshon shahar Kovid markaziga tushdim yana qaytadan onamning yoshlari, uy manzilimiz, telefon raqamimizni birma-bir so‘radi. Asabiylashib ketdim, bemorning ahvoli og‘irlashib turganda bunday savol-javob insonga yoqadimi? Ochig‘i, ancha asabiylashdim. Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida istiqomat qiladigan yaqin qarindoshimning aytishiga qaraganda ularda ham axvol shunday ekan.

Buni qarangki, oradan chamasi 20 daqiqalar o‘tganidan so‘ng, Piskent tumani tez tibbiy yordam shifokori qo‘ng‘iroq qilib, manzilga kelayotganini, kechikishayotgani uchun uzr so‘rashdi. Naqd 35 daqiqada shifokor yetib keldi va birinchi yordamni ko‘rsatdi.

Ularni kuzatar ekanman, nima sababdan men viloyat kovid markaziga tushib qolayotganimni so‘raganimda, ular «o‘zimiz ham tushunmay qolayapmiz, shuning ortidan bemorlarning yaqinlaridan xaqoratli so‘zlarni eshitayapmiz», deyishdi.

Bunday holat keyin ham uch-to‘rt marotaba takrorlandi. To‘g‘ri, o‘sha paytda pandemiya avj olgan va balki, virus bilan chalingan bemorlarga tezkor yordam ko‘rsatish maqsadida bu amaliyot o‘ylab topilgandir. Biroq tizimning ichiga chuqur kirmasdan, tajriba sinov maydonchasi tarzida bunday yangiliklarning o‘ylab topilayotgani ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘layotganini unutmaslik kerak. O‘rtada aybsiz aybdor bo‘lib qolayotgan eng quyi bo‘g‘indagi shifokorlarda ayb yo‘q, albatta.

Yana bir misol. Namangan viloyati Namangan shahridagi 10-sonli oilaviy poliklinikaga tungi soat 2:30larda isitma borligidan murojaat qilib kelgan bemor shifokorni kaltaklaydi va jarohat yetkazadi. Voqeani kuzatib oq xalat kiyib olgan shifokorlarga qattiq rahmim keldi.

Farzandlarim bilan Toshkent shahrining Yunusobod tumani 19 mavzega qarashli oilaviy poliklinikaga bordim. Oilaviy poliklinikada men kabi shifokor huzuriga yoshu qari navbat kutib turibdi. Xonada terapevt shifokori ham bolalarni ham yoshi kattalarni qabul qilib, kerakli muolajani qilmoqda.

Lekin meni o‘ylantiradigan savol shuki, qanday qilib bolalar shifokori yoshi katta insonlarga kasalligi bo‘yicha tashxis qo‘ya olishi mumkin?! Tibbiyot sohasidagi mutasaddilar mana jihat bugun men kabi ko‘pchilik uchun og‘riqli muammoga aylanmoqda.

Toshkent viloyati oilaviy poliklinikalarining biri shifokori menga «Siz jurnalistsiz, shuni yoriting, men kattalar shifokoriman, yosh bolalarni davolash men uchun og‘riqli muammoga aylanmoqda», degan edi. O‘sha ijtimoiy tarmoqlarda shifokorlar kaltaklanishiga sabab bo‘layotgan voqealar zamirida aynan mana shunday tizimli hal qilinmagan muammolar turganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Mas’uliyatsiz, poraxo‘r va o‘z ishini puxta bilmaydigan kimsalar hamma sohada ham bor albatta. Biz huquqiy demokratik jamiyatda yashayapmiz va hamma narsani qonun yo‘li bilan hal qilishga o‘rganishimiz kerak.

Lekin nima bo‘lganda ham Gippokrat qasamiga sodiqlik bilan ish olib borayotgan soha xodimlariga nisbatan har doim mehrli va hurmatli munosabatda bo‘lsak, faqat o‘zimiz yutamiz.

Lobar Shomurodova, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring