Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev: «Eng muhim vazifa, avvalo, yoshlar bandligini ta’minlash»

Shavkat Mirziyoyev: «Eng muhim vazifa, avvalo, yoshlar bandligini ta’minlash»

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-aprel kuni yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlatimiz rahbari xabar berdi.

Ma’lumki, 2021-yil mamlakatimizda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili», deb nomlanib, bu borada davlat dasturi qabul qilindi. 27-yanvar hamda 10-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarda joriy yilgi muhim vazifalar yana bir bor qayd etilib, mas’ullar belgilangan edi.

Bugungi yig‘ilishda ushbu vazifalar ijrosining borishi, vazirlar, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari yoshlarga oid ishlarni qanday tashkil etgani ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimiz bo‘yicha 648 ming nafar ishsiz «Yoshlar daftari»ga kiritilgan bo‘lsa, birinchi chorakda shundan 283 mingining bandligi ta’minlangan. Xususan, 175 ming nafar yoshga 45 ming gektar yer maydoni ajratilgan.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida 36 mingta qo‘shimcha to‘garak tashkil etilib, 874 mingga yaqin o‘g‘il-qiz jalb etilgan. «Besh muhim tashabbus» doirasida ta’lim muassasalari, kutubxona va o‘quv markazlariga 97 mingta san’at va sport inventari, kompyuterlar, 562 mingta badiiy kitob yetkazib berilgan.

Lekin, ayrim hudud va sohalarda yoshlar masalalariga e’tibor hali ham talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, Andijon viloyatida birinchi chorakda atigi 5 mingga yaqin yosh doimiy ishga joylashtirilgan. Ammo, ayni paytda hududdagi sanoat korxonalari va klasterlarda 7 mingta doimiy vakant ish o‘rni mavjud.

Ishsiz yoshlarni kasb va tadbirkorlikka o‘qitish, mablag‘ bilan ta’minlashda ham kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Xususan, «1+1» dasturi doirasida 100 ming nafar yoshni o‘qitib, keyin ularga imtiyozli kredit ajratish belgilangan bo‘lsa-da, Savdo-sanoat palatasining quyi tuzilmalari bu ishlarni tizimli tashkil eta olmayapti.

Misol uchun, uch oyda respublika bo‘yicha 21 ming nafar yosh tadbirkorlikka o‘qitilgan. Toshkent shahrida atigi mingta, Namanganda esa 1 100 ta sertifikat berilgan. Buxoroda esa bor-yo‘g‘i 216 nafar yosh kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan.

Bundan tashqari, ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash Surxondaryo viloyatida 30 foizni tashkil etib, bu respublikadagi eng past ko‘rsatkich. Xuddi shu kabi Xo‘jaylida atigi 16 nafar, Furqatda 27 nafar, Ulug‘norda 78 nafar, Angorda 82 nafar ishsiz yoshlar «1+1» loyihasi bilan qamrab olingan.

Yig‘ilishda bunday o‘zibo‘larchilik holatlari qattiq tanqid qilindi. Yoshlar bilan ishlashni lozim darajada tashkil etmagani uchun Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Furqat va Ulug‘nor tumani hokimlari, Shofirkon, Qamashi, Xiva, Chust, Xo‘jayli va Angor tumanlaridagi ayrim sektor rahbarlari lavozimidan ozod etiladigan bo‘ldi. Yana qator mutasaddilar qat’iy ogohlantirilib, vaziyatni o‘nglashi uchun muhlat berildi.

Galdagi vazifalar ijrosini tashkil etish, yoshlar bilan ishlaydigan muassasalarga imkoniyatlarni kengaytirish chora-tadbirlari belgilandi.

«Eng muhim vazifa, avvalo, yoshlar bandligini ta’minlash, munosib daromad olishi uchun ularga sharoit yaratib berish. Bu boradagi eng katta imkoniyat va zaxiramiz bu – tadbirkorlik, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesdir», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlarni yanada kengaytirish va bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi mexanizm joriy etish vazifasi qo‘yildi. Bu tizimda xalqqa ham, tashkilotlarga ham ma’qul bo‘ladigan bir qancha imtiyozlar belgilanadi.

Jumladan, 1-maydan boshlab yoshlarni ishga qabul qilgan korxona va kompaniyalarga ushbu xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq qaytarib beriladi.

Shuningdek, 1-iyundan boshlab, «yoshlar daftari»ga kirgan talabalar korxona va kompaniyalarda amaliyot o‘taganda, ularga 500 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

Birinchi marta ishga kirgan kasb-hunar markazi bitiruvchilari 6 oygacha daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.

«Yoshlar daftari»ga kirgan 5 nafardan ortiq ishsizlar bandligini ta’minlagan tadbirkorlarga 1-maydan boshlab davlat mulki ijarasi uchun 50 foizgacha imtiyoz beriladi.

Shuningdek, ijaraga bino olib, o‘z biznesini boshlayotgan yoshlarga, bir yillik ijara summasining 30 foizigacha qismi qoplab beriladi.

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan yigitlar va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga haydovchilik guvohnomasini olish, bir oylik harbiy xizmatni o‘tash xarajatlari budjetdan to‘lab beriladi.

Shuningdek, 1-iyundan boshlab «yoshlar daftari»ga kirganlarning xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qishi xarajatining bir qismi qoplab beriladi.

Shu bilan birga, 1-iyuldan boshlab xususiy korxonalarda yangi ish boshlagan xodimlarni qayta tayyorlash xarajatining 1 million so‘mgacha bo‘lgan qismiga subsidiya beriladi.

Bundan tashqari, yoshlarning professional ta’lim maktablari, texnikumlarda o‘qishi uchun to‘lanadigan kontrakt summasi daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Yoshlar bandligini ta’minlashdagi yana bir muhim yo‘nalish – qishloq xo‘jaligi. Bugungi kunda respublika bo‘yicha 21 ta tumanda 2 mingdan 4,5 ming nafargacha yoshga dehqonchilik uchun yer ajratilgan.

Davlatimiz rahbari yer olgan yoshlar agrotexnik tadbirlarni bajarib, daromad ola boshlaguncha fermer va klasterlar amaliy yordam ko‘rsatishi muhimligini ta’kidladi.

Bu sohada ham aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «yoshlar daftari»ga kirganlarga urug‘lik va ko‘chatlar xaridi uchun 2 million so‘mgacha subsidiya berish zarurligi qayd etildi.

Moliya vazirligiga subsidiyalar berishning ochiq-oshkoraligini ta’minlash maqsadida «elektron platforma» yaratish vazifasi qo‘yildi.

Yana bir masala – har bir mahalla va xonadonni sifatli tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish uchun malakali o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlarini ko‘paytirish zarur bo‘lmoqda. Birgina tibbiy brigadalarga kamida 7 ming nafar o‘rta tibbiyot xodimlari kerak.

Shuning uchun, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning davomi sifatida joriy yilda qo‘shimcha 20 minggacha o‘rta tibbiyot va ijtimoiy xodimlar shtatini tashkil etish hisobiga minglab yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda «Barkamol avlod» bolalar markazlari bor-yo‘g‘i 175 ming nafar yoshlarni qamrab olgan xolos. Shu bois ushbu muassasalar imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, har bir maktabda ularning tarmoq filiallarini tashkil etish orqali qamrovni oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Turli festival va musobaqalar o‘tkazib, yoshlarni sport, madaniyat va san’atga qiziqtirish, nufuzli xalqaro tanlovlarga olib chiqish izchil davom ettiriladi.

Davlatimiz rahbari har bir oliy o‘quv yurti yon-atrofidagi mahallalar uchun ma’naviyat markazi, madaniyat o‘chog‘i bo‘lishi kerakligi, bu borada rektorlarning o‘rni umuman sezilmayotganini ta’kidladi.

Yig‘ilishda talabalarning yashash sharoitlari masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Bugungi kunda 130 mingdan ziyod talaba ijarada yashamoqda. Bu masala bo‘yicha hukumat tomonidan alohida dastur tayyorlanmoqda. Unga ko‘ra, bunday yoshlarga 1 maydan boshlab ijara to‘lovining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi. Dastlabki bosqichda ushbu tizim orqali 60 ming nafar yoshlar qamrab olinadi. Shu bilan birga, ehtiyojmand talabalarga ushbu xarajatlar hokimliklar va oliygohlar mablag‘i hisobidan ham qoplab beriladi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti eshitildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring