Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya va AQSh jiddiy to‘qnashuvga kirishiga bir baxya qoldi

Rossiya va AQSh jiddiy to‘qnashuvga kirishiga bir baxya qoldi

Bayden va Putin so‘nggi bor 2021 yil yozida Jeneva shahrida yuzma-yuz suhbatlashgandi.

Foto: Getty Images

So‘nggi vaqtlarda Rossiya va AQSh munosabatlari o‘ta sovuqlashgani ma’lum. Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov ikki davlat o‘rtasida keskinlikning yangi to‘lqinini bartaraf etilganini ma’lum qildi. 

Diplomatga ko‘ra, Rossiya va AQSh mudofaa vazirligi Andrey Belousov va Lloyd Ostin o‘rtasidagi telefon muloqoti sabab jiddiy taranglikning oldi olingan. 

«Aytishim mumkinki, Rossiya tomonidan yuborilgan ishora ayrim alomatlarga ko‘ra Vashingtonga qadar yetib bordi», –  degan Sergey Ryabkov.

Rossiya TIV o‘rinbosari ikki davlat mudofaa idorasi rahbarlari aynan qaysi mavzuda, qachon gaplashgani va jiddiy taranglik aynan qaysi jabhaga aloqador ekaniga oydinlik kiritmagan.

L.Ostin va A.Belousov joriy yil iyun oyida AQSh tomoni tashabbusi bilan telefon orqali suhbatlashgan edi. Ikkinchi marta mudofaa vazirlari 12 iyul kuni Moskva tashabbusi bilan telefon orqali muloqot qilgan.  «The New York Times» xabariga ko‘ra, o‘sha so‘zlashuvda Rossiya vaziri AQShlik hamkasbiga Ukraina Rossiyaga qarshi maxfiy amaliyot hozirlayotgani va uni Vashington ma’qullaganidan yozg‘irgan. L.Ostin bunga javoban «fitna»dan bexabarligini aytgan. Suhbatdan keyin AQSh mudofaa vaziri Kiyev rasmiylari bilan gaplashib, Rossiyaga qarshi amaliyotni to‘xtatgani xabar qilingan.

Moskva va Vashington aloqalari 2022 yil fevral oyida boshlangan Ukraina bosqinidan keyin sovuqlashib ketdi. AQSh prezidenti Jo Bayden rossiyalik hamkasbi Putin bilan so‘nggi marta 2021 yilning iyun oyida uchrashgan, o‘shandan beri oliy darajadagi uchrashuvlar tashkil etilmagan.

AQShning Yevropa bo‘ylab, xususan, Germaniyaga uzoq masofaga uchuvchi raketalarni joylashtirish qarori ham ikki davlat o‘rtasidagi taranglik yanada kuchaytirdi.

Tahlilchilar Germaniyada «sovuq urush» davridan buyon ilk bor Rossiya hududidagi nishonlarga qadar yetib boruvchi raketalar joylashtirilayotganini ta’kidlagan.

«Kommersant’» gazetasi Germaniyada joylashtirilgan AQSh raketalarining ehtimoliy parvoz masofasi va nishonlari chizmasini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, SM-6 rusumli raketalar 740 km masofaga uchishi mumkin. 1800 km ga qadar parvoz qiluvchi Tomahawk qanotli raketalari Moskva va Sankt-Peterburg kabi yirik shaharlarga yetib boradi. Tovushdan tez uchuvchi raketalar (LRHW Dark  Eagle) esa 2775 km gacha parvoz qilib, Murmanskdan to Volgogradga qadar bo‘lgan hududlardagi nishonlarga yo‘q qilish quvvatiga ega.

Qariyb 50 yillik tanaffusdan keyin Qo‘shma Shtatlar raketalarining Rossiyaga yaqin hududda paydo bo‘layotgani Moskvada xavotir bilan qarshilandi. Xususan, Putin  voqealar bu taxlit rivojlansa, mamlakat birinchi navbatda o‘rta va kichik masofaga uchuvchi raketalarni rivojlantirishga doir moratoriydan voz kechishiga shama qilgan. Kremlga ko‘ra, Rossiya AQSh va uning Yevropadagi «malay»lari harakatiga hamohang ravishda boshqa javob choralari ham ko‘radi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring