Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putinning matbuot kotibi 17 yoshli o‘g‘li sabab noqulay ahvolda qoldi

Putinning matbuot kotibi 17 yoshli o‘g‘li sabab noqulay ahvolda qoldi

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov voyaga yetmagan o‘g‘li Mikaning ijtimoiy tarmoqdagi mojaroli posti yuzasidan izoh berishga majbur bo‘ldi.

17 yoshli Mika Peskov «Instagram»dagi sahifasida Moskvaning Kutuzov shohko‘chasida ro‘y bergan avtohalokatga munosabat bildirar ekan, hali voyaga yetmagan bo‘lsa-da, mashina boshqarishini tan oldi.

«G‘alati ruhiy kayfiyat: har gal biror avtohalokatni ko‘rganimda yoki tanishlarimdan birortasi qurbon bo‘lganida, o‘z-o‘zimga mashinani kallamni ishlatib boshqaraman, kimo‘zarga haydamayman deb so‘z beraman. Ammo ikki-uch kun o‘tgach, yana o‘sha eski ahvol boshlanadi», – deb yozadi Mika Peskov.

Yuqori rutbali amaldorning o‘g‘li qoidabuzarliklar qilib turishiga shama qilgan ushbu post ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozli fikrlar tug‘dirdi. Dmitriy Peskov holatga izoh berar ekan, ushbu fikrlar muallifi o‘g‘li emasligi, balki u boshqa birovning posti bilan bo‘lishganini aytdi. «U mashina haydamaydi!» – dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi.

20 noyabr shanba kuni Moskvaning markaziy ko‘chalaridan birida avtomobillar to‘qnashdi. Rossiyada tilga tushgan avtobloger Said Gubdenskiy voqea joyida, uning hamrohi – Dog‘iston avtomobil sporti federatsiyasi prezidenti Zaur Ibragimov shifoxonada vafot etdi.

Xabarlarga ko‘ra, marhum avtobloger mashinada xavfli harakatlarni namoyish etib internetga joylab borgan. Moskva prokuraturasi ham «BMW» avtomobili haydovchisi bir necha marta jiddiy qoidabuzarliklar uchun javobgarlikka tortilgani, hatto transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilganini bildirgan.

2012 yildan buyon Rossiya prezidenti matbuot kotibi vazifasida ishlab kelayotgan Dmitriy Peskov ko‘p bolali amaldorlar sirasiga kiradi. Uch marta uylangan mansabdorning 3 o‘g‘il, 1 qizi bor.

Bundan bir necha yil avval Dmitriy Peskovning qimmatbaho soati muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Ma’lumotlarga qaraganda, siyosatchi qo‘lidagi «RM 52-01 Skull Tourbillon» rusumli soat eksklyuziv tarzda Shveysariya shirkati tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, narxi 620 ming dollar turadi. Peskovning o‘zi soatni rafiqasi, Olimpiada chempioni Tatyana Navka sovg‘a qilganini bildirgan. Rossiya blogerlari o‘shanda qiyos sifatida AQSh prezidenti Barak Obama 259 dollarli, Germaniya kansleri Angela Merkel 89 yevroli, Fransiya rahbari Fransua Olland 120 yevroli soat taqishi haqida yozgan edi. 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring