Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pokiston Hindistonga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshladi

Pokiston Hindistonga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshladi

Pokistonning Geo TV telekanali mamlakat xavfsizlik idoralaridagi manbalariga tayanib, Hindistonga qarshi «Banbyan-ul-Marsus» («Mustahkam devor») nomli yirik harbiy operatsiya boshlanganini ma’lum qildi.

Bir muddat avval Hindiston armiyasi Islomobod yaqinidagi «Nur Xon» harbiy-hava bazasi, Panjobning Chakval tumanidagi «Murid» aviabazasi hamda «Shorkot» havo bazasini nishonga olgani haqida xabar berilgan edi.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif mamlakatning yadroviy arsenalini nazorat qiluvchi Milliy qo‘mondonlik yig‘ilishini chaqirdi. Keyinchalik operatsiya boshlangani haqidagi xabar Pokiston hukumatining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ham e’lon qilindi.

Operatsiya doirasida Pokiston armiyasi Hindiston hududidagi ko‘plab strategik nishonlarga zarba berishni rejalashtirgan. Xabar berilishicha, dastlabki zarbalar natijasida Hindiston va Rossiya hamkorligida ishlab chiqariladigan BrahMos gipertovushli raketalari ombori yo‘q qilingan.

Bundan tashqari, Hindiston elektr tarmog‘ining 70 foizga yaqini ishlamay qolgan. ZKG Top hududidagi shtab-kvartira va Uri shahridagi ta’minot ombori ham vayron qilingan.

Shuningdek, nashr manbalari ma’lumotiga ko‘ra, operatsiya davomida Pokiston Hindistonning Udhampur va Pathankot aviabazalariga, armiya brigadasi shtab-kvartirasiga va yirik harbiy omborga zarba bergan.

«Pokiston qurolli kuchlari so‘nggi paytlarda yuzaga kelgan mintaqaviy taranglikdan kelib chiqib, yuqori shay holatga keltirildi va to‘liq tayyor. So‘nggi harbiy javob faqat mudofaa edi», – deydi Pokiston bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Is’hoq Dar.

Vazirning ta’kidlashicha, xalqaro hamjamiyat «Hindistonga o‘z xatolarining jiddiyligini anglatishda»gi rolini bajarishi kerak. U Nyu-Dehlining so‘nggi ikki kundagi harakatlarini qoralab, ularni «doimiy yolg‘onlar oqimi» deb ta’rifladi.

«Hindiston o‘z provokatsiyalarini davom ettirguncha kuta olmaymiz», – deya qo‘shimcha qildi u.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring