O‘zbekiston tomoni 15 ta maktab qurish bo‘yicha YeTTB bilan o‘zaro kelishuvga erishdi
Samarqandda o‘tkazilayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yevropa banki o‘rtasida 2022-yil 8-apreldagi PF-101-son Farmonda belgilab berilgan YeTTB ko‘magida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida maktablarni rekonstruksiya qilish va jihozlash loyihalarini amalga oshirishga doir uch tomonlama Texnik yordam berish shartnomasi imzolandi.
Qayd etilishicha, bu boradagi o‘zaro hamkorlik ishlari 2021-yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston iqtisodiy forumi doirasida boshlangan. Hamkorlik doirasida respublika hududlarida bosqichma-bosqich davlat-xususiy sheriklik asosida yangi davlat umumta’lim maktablari faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi, ularga xususiy sheriklar tomonidan xizmat ko‘rsatilishi va ta’mirlanishi hamda bugungi kunda faoliyat yuritayotgan davlat umumta’lim maktablarini rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha binolar qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Jarayonning dastlabki bosqichi sifatida Yevropa rivojlanish va taraqqiyot banki mutaxassislari tomonidan grant olish va maslahatchilarni yollash bo‘yicha ichki tahlillar o‘tkazildi hamda mamlakatimizning Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi 15 ta maktab loyihaga qamrab olindi. Loyihaning kapital qiymati 55-75 million AQSh dollarini tashkil etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter