Nurmat Otabekov «omikron» shtammi haqida gapirdi
Dunyoda koronavirusning yangi shtammi tarqala boshlagani yurtdoshlarimizda ham jiddiy xavotir uyg‘otyapti. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov SSV matbuot xizmatiga bu borada o‘z fikrlarini bayon qildi.
— Viruslar — oddiy, hujayrasiz organizmlar, — deydi N.Otabekov — Ularda o‘zgaruvchanlik yuzaga kelishi tabiiy hol. Masalan, hozirgacha koronavirusning qo‘zg‘atuvchisi, ya’ni SARS-CoV-2ning 7 mingdan ziyod mutatsiyaga uchragan shtammlari aniqlagan. «Omicron» ham shulardan biri.
Biz yangi shtammning tarqalish o‘chog‘i bo‘lgan Janubiy Afrika davlatlari bilan bevosita aviatsiya aloqalari o‘rnatmagan bo‘lsak-da, ushbu kasallik ikkinchi va uchinchi mamlakatlar orqali O‘zbekiston hududiga kirib kelishi ehtimoli yo‘q emas.
SARS-CoV-2ning ushbu yangi shtammi uchun alohida protokol ishlab chiqish masalasini, albatta, vaqt ko‘rsatadi. Shunga qaramay, mavjud diagnostika, davolash va profilaktika imkoniyatlaridan samarali foydalanish bu virus turiga qarshi ham natija beradi, deb hisoblayman.
O‘tgan davrda bizda COVID-19ni davolash bo‘yicha katta tajriba to‘plandi. Bu haqli ravishda xalqaro miqyosda ham e’tirof etilyapti. Shu ma’noda, muolaja jarayonlarini belgilangan davolash standartlari asosida olib borsak, kasallik qanday intensivlikda tarqalmasin, asoratlarsiz tuzalib ketishiga zamin yaratish mumkin.
Karantin bilan bog‘liq profilaktik choralar bekor bo‘lgani yo‘q. Ammo odamlarimiz tibbiy niqob taqish, ijtimioy masofa saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish kabi oddiy qoidalarga ham yetarlicha amal qilmay qo‘ygani achinarli holat.
Yangi shtammning yurtimizga kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalishining oldini olishda shunday profilaktik chora-tadbirlar juda muhim hisoblanadi.
Eng asosiysi, jamoaviy immunitetni shakllantirish, ya’ni ommaviy emlanish ko‘rsatkichlarini oshirish orqali ham epidemiologik vaziyatni barqaror saqlab turish mumkin.
Chunki vaksinalar SARS-CoV-2ning har qanday mutatsiyaga uchragan shtammida samara beradi. Hatto yangi shtammni yuqtirib olgan holatda ham barcha dozada emlanganlarda kasallik yengil va jiddiy asoratlarsiz o‘tadi.
Qolaversa, mamlakatimizda ayni paytda aholiga ixtiyoriy ravishda buster-doza bilan emlanishlari uchun imkoniyatlar yaratib berilgan.
Yurtimizga koronavirusning turli shtammlari har safar xorijdan qaytgan fuqarolarimiz orqali kirib kelganini hisobga olsak, ayni kunlarda kasallik tarqalayotgan mamlakatlarga zarurat bo‘lmasa, vaqtincha bormaslikni tavsiya qilamiz.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq koronavirusning «omikron» shtammi belgilari ma’lum qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter