Muhojirlikda odam savdosi bilan olti yil «o‘tirib», keksayganda fohishaxona saqlagan ayol hikoyasi
Buxoro viloyati IIB xabarlariga ko‘ra, qariyb kunora o‘z xonadonida arzimagan pul evaziga fohishaxona saqlab kelayotganlar qo‘lga olinmoqda. Ularga nisbatan O‘zbekiston Respublika Jinoyat kodeksining 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi hamda tergov harakatlari olib boriladi. Bu modda bilan ayblangan fuqaroning aybi isbotlansa, u bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.
Xo‘sh, ular jazoni o‘tab bo‘lgach, o‘z xatti-harakatlariga chek qo‘yishyaptimi?
«Xabar.uz» muxbiri aynan ushbu jazo bilan bir necha marotaba ayblanib, to‘g‘ri xulosa chiqarmagan va buni o‘ziga «kasb» qilib olgan keksa ayol bilan suhbatda bo‘ldi.
O‘zini M.R. deb tanishtirgan kogonlik ayol avvaliga suhbatga rozi bo‘lmadi. Uning shaxsini ochiq ko‘rsatmaslik shartiga rozi bo‘ldik. Uch bolasi va hech qayerda ishlamaydigan eri bilan ro‘zg‘or tebratishda ancha-muncha qiyinchiliklarni boshdan kechirganligi sababli umrining qariyb teng yarmini turli xorij davlatlarida o‘tkazgan va odam savdosi bilan shug‘ullangani uchun «o‘tirib» ham chiqqan bu ayol 60 yoshlardan oshgan. Yuzlarini ajin qoplagan bo‘lsa-da, husnini deyarli, yo‘qotmagan.
«Ha-a, husni latofatda tengim yo‘q edi. Mana-man, degan yigitlar borki, oshiq edi. Lekin men yoshlikdagi sevgiyu ishq, deb ota-onamning ray’iga qaramay, kamxarj va sharoiti o‘ta og‘ir yigitga turmushga chiqqandim... Aynan erimning qistovi bilan umrim muhojirlikda o‘tdi... 19 yildan ortiq vaqt Dubay, Turkiya, Xitoy, Rossiya davlatlarida ishladim. Avvaliga o‘zim sotildim, tanfurushlikka majburlashdi, keyin asta-sekin o‘zim ham boshqalarni savdoga chiqara boshladim. Buning badalini esa turmalarda to‘lab chiqdim. Turma ham saboq bo‘lmadi, aybimga iqrorman. Keksalikda, quda-andalikda «131» bilan ikkinchi bor qo‘lga tushdim... » - ayol hech ikkilanmay iqrorlik keltira boshladi.
«Xorijlarga borib-kelishingizga eringiz qarshilik ko‘rsatmaganmi?»
«Yo‘q, suhbat boshida aytdim-ku, erim qistovi bilan muhojirga aylanganimni! Ko‘chadan bir burda nonini topib kelolmasa, nima deya olardi. 1987-1988 yillar ayniqsa, narx-navo, yashash sharoiti odamlarda pasayib ketgandi. Birov birovga narsa ilinarmidi o‘sha zamonda. Minnatli oshdan beminnat tosh yaxshi, deyishadi-ku!
Juda yosh turmushga chiqdim. Uch bolali bo‘lganimda, endi 25-26 yoshlarda edim,-hikoyasida davom etdi ayol,- ularni boqishda rosa qiynalib qoldik. Ular ham ayni yeyman, ichaman, kiyaman, deydigan pallada. Oshnalari birma-bir Rossiyaga ketayotgan erim bir kuni o‘zini bir sinab ko‘rish uchun xorijga ketishini menga maslahat soldi.
«Xorijga borish uchun yo‘lkira falon pul. Bitimizni sotib, sizga pul topamizmi? O‘zi zo‘rg‘a ro‘zg‘or tebratayotgan bo‘lsak»,-dedim.
«Unda sen ket!»-tomdan tarasha tushgandek gapirdi erim. Xaxolab kulgancha: «Qayoqqa?!»-dedim. «Qayoqqa bo‘lardi? Ayollar borib-kelishyapti-ku, Dubayga-da!»-erimdan bunday gapni kutmagandim. Dovdirab qoldim. Ham kulib, ham asabiylashib, munosabatimni bildirdim.
«Ovozingni o‘chir! Buni xohlamasang, mening Rossiya ketishim uchun pul topib berasan! Yo‘lini qil. Mana, man senga yordam beraman... Husni jamoling, qaddi-qomating bichimday bo‘lsa... Axir, bolalarni kam-ko‘stsiz boqishimiz kerakmi?!»
Mening jovranib, yalinib-yolvorishlarimga qaramay, erim meni shu yo‘l orqali pul topishga majburladi.
Bolalar uyquga ketgach, yarim tungacha ulfatchilik davom etar, hovlini yoqimsiz qah-qahalaru, qadahlar jarangi buzib turardi. Erim esa begona erkaklardan o‘zini yashirib, hovli burchagida joylashgan qorong‘u kulbada bolalar bilan tong ottirardi. Bora-bora avaalgi mendan asar ham qolmadi. Hatto, erimni oyog‘im uchida ko‘rsatadigan, unga mutlaqo nopisand qaraydigan bo‘ldim. Uning endi qorni to‘q, usti but bo‘ldi. Rossiyaga ishlashga ketishni xayoliga ham keltirmasdi. Bir kuni men:
«Mana, Rossiyaga ishlashga ketishingiz uchun yo‘lkira ikki, baravar ortig‘i bilan tayyor. Niyatingizga yetdingiz, endi keting, jo‘nang!»-dedim.
«O‘zing keta qol, bolalarga va menga pul jo‘natib tursang, bas! Men bu yerda hovli-joyni sozlab turaman»,-dedi bezbetlarcha. Unga gapirishning foydasi yo‘q, erim allaqachon manqurtga aylanib bo‘lgandi.
Shunday kunlarda «mijoz»larimdan biri qizlarni Dubayga jo‘natadigan tanishi borligini aytib qoldi. U bilan meni tanishtirdi. Yengil-yelpi hayot meni o‘z izmiga solib bo‘lgandi. Meni Dubayga jo‘natayotgan ayol «pishiriq pishirishga borasan» dedi. Men esa tap tortmay, nima uchun ketayotganim sababini bilganim va men pishiriq pishirish uchun emas, o‘z tanimni pullash va ko‘p pul topish maqsadi bilan ketishni istayotganimni aytdim. Shunday bo‘ldi ham. Biroq, Dubaydagi «hayot» men tasavvur qilgandan ham yuz chandon og‘ir ekan. Odam savdosi orqali pullanayotgan qizlar, chindan ham aldanib kelib qolgan juvonlar, «mamaroza»larning qizlarimiz ustidan masxaralab, mag‘zava ag‘darishlari, u shayxdan bu shayxga, bu shayxdan u shayxga pullanayotgan taqdirlar, zindonband bo‘layotgan qismatlar... Ko‘z oldimdan har kun kinolentadek o‘tadi. Bilasizmi, aslida, Dubay donishu fuzalolar, olimu-ulamolar, noyob durdonalar maskani bo‘lgan ulug‘ va saltanatli diyor. Afsuski, butun dunyoga, ayniqsa, O‘rta Osiyo va Sharq mamlakatlari nazdida yomonotliq «issiq o‘lka» nomiga aylandi. O‘sha zaminning pokiza tuprog‘i men va boshqalarga o‘xshagan nobakorlarning qilmishi bilan og‘uli, dog‘li o‘lka nomini orttirdi. Buning jabrini tortayapmiz. Dubayda ancha pishib qolgandim. «Mamaroza» meni o‘ziga «yordamchi» qilib oldi. Ko‘plab qiz-juvonlar juvonmarg bo‘ldi. Ammo ko‘zim «qotib» ketgani uchun bu menga ta’sir ham qilmasdi. Dubaydagi qariyb, yetti yillik hayot mening yashash tarzimni mutlaqo o‘zgartirgan edi. Ammo, Dubayga borib-kelganlarning hammasi ham katta-kichik fohishaxonalarda tanfurushlik bilan shug‘ullanib, pul, mol-dunyoga ega bo‘lishmagan. Ular orasida farroshlik qilib, ko‘chalarda odamlarning oyoq kiyimlarini artib, tozalab, sharmsizlik botqog‘iga botmaganlar ham talay.
1991 yilda ishimizning ishkali chiqib qolgani uchun meni Xitoyga qochirishdi. Xitoyga sotilgan qizlar kechmishi haqida, hatto, eslasam, hozir ham vujudim titrab ketadi. Turmada chekayotgan azoblarim chog‘ida buyam menga kamligini aytib, o‘zimni la’natlaganman. Meni Xitoyga qochirishgach, Dubayga qo‘nishi kerak bo‘lgan o‘ris qizlar reysi Xitoyga o‘zgartirildi. O‘z haq-huquqini bilgan rus qizlar samolyotdayoq norozilik bildirishmoqchi bo‘lganda, ovoz chiqarishsa, shu yerdan «havoga uchirib» yuborilishi bilan qo‘rqitilgan. U yerda rus qizlar hayvonlar bilan... Og‘ir, juda og‘ir... Men ularning bunday qiynoqlarga solinayotganini hazm qilolmadim. Qochib ketay, desam «bos»imiz har qadamimizni poylaydi. Besh oydan ko‘proq vaqt Xitoyda qizlarning qiynoq, azoblarda kun kechirishlariga guvoh bo‘lib, igna ustida yashagandek bo‘ldim. Kunlarning birida uch-to‘rtta qizlar bilan kelishib, ularga ichsurgich dori berdim. Bunday paytda ularning kasalxonaga yotqizilishi, tayin.
Kun peshindan og‘ganda, qizlarda kuzatilgan surunkali ich ketish va ularning «yiqilib-yiqilib» qolayotgani «bos»imizni cho‘chitdi. U qizlarning o‘lishi, sog‘ligi yomonlashishidanmas, bugun «mijoz»larni «quruq» qaytarishdan qo‘rqardi. Zudlik bilan qizlar kasalxonaga olib ketildi. Meni ularga «qo‘riqbon» qilishdi. Bu paytda o‘zim ham o‘zimga va qizlarga tegishli hujjatlaru, pul, taqinchoqlarni olib chiqqandim. Kasalxonada zudlik bilan qizlarga muolajalar boshlab yuborildi. Tun yarmida kasalxonadagi bir shifokorga bo‘layotgan voqeliklarni so‘zlab berdim. Juda yordami zarurligini yig‘lab tushuntirdim. Harqalay, shifokor sergak ekan, uning ko‘magida elchixona bilan bog‘landim. Maxsus xodimlar yetib kelguniga qadar qo‘limdagi qizlarga tegishli bo‘lgan hujjat va pullarni Nastya ismli qizga qoldirib, kasalxonadan uzoqlashib ulgurgan edim. Maxsus xodimlar yetib kelganini ko‘zim bilan ko‘rgach, tun yarmida aeroportga jo‘nadim...
Va shu bilan muhojirlik hayotim Turkiyada davom etdi. Tanish-bilishlar orttirdim. Uch yildan ko‘p vaqt parfyumeriya savdosi bilan shug‘ullandim. Lekin uning daromadidan qanoatlanmadim. Yana avvalgi o‘z «ishim» bilan shug‘ullanishni tusab qoldim. Turkiyaga oyoq bossangiz, tanfurushlik ortidan kun ko‘rishga shay o‘zimizning qizlarga duch kelasiz. Ularga «mijoz» topib berishda ustasi farang bo‘lib ketgandim. Ikki yilda imi-jimida yana eskicha hayotni davom ettirdim. Ijaraga olgan hovlimdagi har kungi qiy-chuvlar ancha ortib, qo‘ni-qo‘shnilarni bezovta qildi, shekilli, adabimni berib qo‘yishdi. Uy egasi kelib, qizu erkaklarga qo‘shib, meni ham urib-tepib, sudrab yarim tunda chiqarib yubordi. Na pul, na taqinchoqlarimni olishga ulgurdim. Bu yerdan tezroq daf bo‘lmasam, politsiyaga xabar berishini aytdi. Bundan battari bo‘lmasdi. Iltijolar qilib, O‘zbekistonga qaytishim uchun aqalli yo‘lkiramni va bir juft kiyimimni olishimga ruxsat berishini so‘radim. Uy egasi esa meni ichkariga kiritishga yo‘latmadi, o‘zimga tegishli bo‘lgan hamma narsani ko‘chaga uloqtirdi. Pul va pasportimni oldim-da, O‘zbekistonga emas, Rossiyaga «uchdim»...
«Bolalaringizni nahotki shuncha yillar ko‘rmadingiz, ularning taqdiri, hayoti sizni qiziqtirmadimi?»-so‘raymiz.
«Bu paytda bolalarim ancha ulg‘aygan, aqlini tanigan, hatto, maktab o‘quvchisi bo‘lishgan edi. Axir o‘n ikki yildan ortiq Dubay, Xitoy va Turkiyada yashadim. Telefon orqali, videovizov orqali bir-birimiz bilan ko‘rishib turardik. O‘zi bilasizmi, farzandingiz jon qadar bo‘lsa ham ularni yillar ko‘rmasangiz, salomat va sog‘lom o‘sayotganini bilib tursangiz, ko‘nikar ekan, odam. Rossiyaga bir yilcha ishlaganimdan so‘ng olti oyga O‘zbekistonga kelib ketgandim. Bolalarim menga xuddi begona, hatto, meni unutib ham yuborishgan edi. Faqat bilganlari shu: ularni bitta Ona, degan xola ta’minlab turadi. Og‘riqli, juda og‘riqli-a?!»-kutilmaganda yig‘lab yubordi ayol.
«Xo‘jayingiz-chi?»-so‘raymiz.
«Hashamatli hovli-joy, oyog‘ining tagida mashinasi bor. Nimaniyam o‘ylardi. Mana, qarang, hozir ham ahvol shu,-nevaralari bilan bog‘da yonboshlab olib yotgan erkakni ko‘rsatadi ayol,- olti oycha bolalarim bilan yashagach, yana chamamda, 7-8 yil Rossiyada muhojirlikda yurdim. Bu muhojirlik davrimning qiyinchiliklari, azoblari haqida gapirgim yo‘q. Sovuq qishda o‘rmonlarda qolib ketishlar, yerto‘ladagi hayot, bir uyda yoxud bir vagonda o‘n beshdan ortiq erkak va ayollarning birga tunab, birga turishlari, birini-biriga ko‘z oldida «almashtirish»lari... jirkanchli hayot tarzi men uchun ham, atrofimdagilar uchun ham oddiy holatga aylanib qolgandi. Biz uy-joy qurilish ashyolari ishlab chiqaradigan sexda ishlardik. Ohak, g‘isht, yana allambalo suvoqlash mahsulotlari ishlab chiqarilardi. Temir-tersaklar tashirdik. 2008 yil edi, adashmasam, ishlash manzilimizdan uncha uzoq bo‘lmagan joydan bir vagonni shaxsan o‘zim ijaraga oldim. Jismoniy mehnat beziktirgandi. Yana eski «kasbim»ni tikladim. Afsuski, oxiri baxayr bo‘lmadi. Qizlar savdosi bilan shug‘ullanayotganim, qo‘shmachilik qilayotganlarimning «misi» chiqdi. Qidiruvga berilganman. Va meni «bir» deganda, topishdi. O‘zim ham bu gal. negadir, yashirinishni, qochishni istamadim. Qilgan qilmishlarimga yarasha bir kun jazo olishimni bilardim. Sud hukmi bilan olti yildan uzoqroq vaqtga qamaldim.
Jazoni o‘tab qaytgunimcha, ikki qiz farzandim turmushga chiqqan, o‘g‘limga kelin tushirilgan edi. Oilang uchun yashab, nima dardu balolarga yo‘liqib, ularning to‘yini qo‘rolmasang, alam qilarkan»,-ichikib so‘zladi ayol.
«Farzandlaringizning turmush qurishidan xabaringiz bo‘lmaganmi?»
«Yo‘q. Turmadaligim vaqtida aytib, duomni olishgan»
«Savolimni ko‘nglingizga og‘ir olmasangiz. Bolalalaringiz ulg‘ayishib, quda-andalar sizning kechmishingizni yuzingizga solishmaganmi?»
«Yo‘q. Yuzimga solishmagan. Ammo, hazar qilishayotganini, jirkanishayotganini ochiq-oydin sezdirib qo‘yishadi. Ammo, erimning bitta mardligi, ular uchun shu ko‘yga tushganimni, bunga o‘zi yoshligida beaqllik qilib qo‘yganini farzandlariga tan olib gapirib bergani ularni ancha hovuridan tushirgan... 2014 yilda ozodlikka chiqqanimdan so‘ng o‘g‘lim va kelinim alohida hovliga ko‘chib chiqishdi. Anchagacha xabar olib turishdi, butunlay tashlab qo‘yishmadi. Ammo, bora-bora, o‘z ishlari, turmushlariga o‘ralashib qolishdi. Avvaliga kunora kelishlar haftaga, haftalar oyga, oy yillarga cho‘zildi. Hartugul, nevaralarimni tez-tez jo‘natib turishadi, nevaralarimni erkalash, ularni ovutish bilan ko‘nglimga taskin izlayman...»-bo‘g‘ilgudek so‘zladi ayol.
«Shuncha tashvish, qiyinchiliklarni boshdan kechirgansiz. Ustiga-ustak, jazo muddatini ham o‘tab chiqqansiz. Nega tovba qilmay, o‘z xonadoningizda yana fohishaxona saqladingiz? Mana, yana uch yil uy qamog‘idasiz. Yoshingiz bir joyga borib qolgan bo‘lsa... »
«Ko‘zingizdan o‘rgangan odat o‘rtansa qolar, demoqchi bo‘lganingizni anglab turibman. Ammo mana bu hashamatli uy-joy, billur idishlaru, qimmatbaho qandillar... sizga hech narsa bermas ekan. Farzandlaring uchun umringni, taqdiringni kuydirsangu, birgina issiq ovqat qilib seni yo‘qlashni ravo ko‘rishmasa, bundan og‘ir musibat yo‘q. Bu, albatta, qilmishlarimga Alloh tomonidan berilgan jazo. Otasi og‘ir betob bo‘lib qolgach ham yo‘qlashmadi. Uni davolatish uchun yana o‘zim bilgan eski «kasb» bilan pul topish payiga tushdim. Vijdonim oldida qiynalamanu, ammo tovbamga tayanmaganim... Xudo urib qo‘ygan bandaman»,-deydi ayol.
Ayol bizni kuzatib qo‘yar ekan, dasturxon ustidagi shirinliklardan tutadi.
«Og‘iz shirin qilish mumkin-ku, yoki hazar qilayapsizmi?»-ichki og‘riq bilan so‘zladi ayol.
«Nega, kimningdir achchiq qismatiga sabablar ko‘p. Agar shunday bo‘lganda, siz bilan suhbatga kelmas edik. Hazar qilishga haqlimasmiz»,-deymiz qandni tatib ko‘ra turib.
Necha-necha qizu juvonlarning iffati hisobiga tiklangan hashamatli hovli-joydan chiqar ekanmiz, ayol:
«Topganim mol-mulk, boylik, yo‘qotganim sog‘lik bo‘ldi. O‘shanda bevoshlik qilib, anu go‘rso‘xta erimning gapiga kirmaganimda, bir oyog‘im u, bir oyog‘im bu davlatda sandiroqlamaganida, husni latofatimni pulga alishlamaganimda bunday xo‘rlik bo‘lmasdi. O‘zimni ham, boshqani ham pulladim. Oxiri topganim – farzandlarim oldida kamsitilish bo‘ldi»,-yig‘lagan ko‘yi birdan sergak tortib, baland ohangda eriga buyruqnamo gapirgan ayol yanayam hayratimizni oshirdi.
«O‘, lavu-latta bo‘lmay o‘ling, mashinani chiqaring garajdan, qizlarni manziliga qoldirib keling!»
Ayol bilan xayrlashib, oilaga tegishli avtomashinaga o‘tirdik.
«Xotiningizni shuncha uzoq yillar xorijlarda xor qildiribsiz-da!»
Savolimizdan hatto pinagi ham buzilmagan erkak:
«Iloj qancha. Bolalarni boqish, katta qilish kerak edi. Shaxsan o‘zim ruxsat berganman!»
«Xorijga tan sotish evaziga kun ko‘rgan ayollarni o‘zimizda erlar boshqacha qabul qilishadi»
«Ariqqa qurbaqa kirib-chiqqanini ko‘rmasangiz, suvi haloldir, degan gap bor»,-yoshi 65 lardan oshgan erkakdan olgan javobimiz shu bo‘ldi.
Xotinining «ishi» ortidan kelgan pul, dunyodan ko‘krak kerib, bir umr shohona hayot kechirgan erkakka nima, deb baho berishni bilmadik. Ayolining yelkasiga muhojirlik xurjunini ortib, sarson-sargardon qilgan va oxir-oqibat ham o‘zining, ham ayolining xo‘rlikda umr kechirishiga sabab bo‘lgan erkaklar birmas, o‘nlab, yuzlab topiladi...
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter