Men boshliqman (hajviya)
Mendan qanaqa boshliq chiqishi mumkin? Yo‘q, jamoa ichida sharmanda bo‘lishni xohlamayman. Axir, biror kimsaga ovozimni ko‘tarib gapirolmasam, kimnidir haqorat qilishimni-ku tasavvur qilish qiyin, umrimda, hatto pashshaga ozor yetkazmaganman. Xo‘sh, nega endi men boshliq bo‘lishim kerak?
– Sen mutaxassissan, – deya ilgari katta lavozimlarda ishlab, endi korxonamizda kadrlar bo‘limini boshqarayotgan, o‘zining so‘zi bilan aytganda, nafaqaga chiqquncha, bir-ikki yil ermak uchun ishlayotgan kishi menga dalda berdi. – Bundan tashqari, boshqa nomzodlardan farqing bor: diplomlisan.
– Yigirma yildan buyon diplomim bor edi, nega ilgari e’tibor bermadilaring?
– Barcha oliy ma’lumotlilar o‘zlarini tijoratga urishgan. Sen esa o‘z kasbingga sodiqsan. Korxonadan ketmading. Yashavor!
– Baribir menga to‘g‘ri kelmaydi. Ishchi-xizmatchilarga qattiq gapirolmayman.
– Gapirasan. Rahbarlar senga achchiq-achchiq gapirganidan so‘ng, sen ham qo‘l ostingdagi xodimlaringga qattiq gapirishga majbur bo‘lasan.
– Xodimlar gap qaytarishsa-chi?
– Nima deyapsan? Rahbarga, hatto u nohaq bo‘lgan taqdirda ham gap qaytarish mumkin emas.
– Axir, men nihoyatda beozorman.
– Rahbarlikka ko‘tarilguncha hamma beozor bo‘lgan. Boshliq bo‘lib bir oz ishlasang, oyog‘ing ostidagi filni ham cho‘molidek ezg‘ilab tashlaysan.
Xullas, kaminani boshliq qilib tayinlashdi.
Bir kunda o‘zgarib qolmadim, menimcha... lekin odamlarning boshqacha bo‘lib qolganiga ishongim kelmaydi. Birinchi kundan hayron qoldirgani – atrofdagilarning menga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgargan edi. Ilgari hamkasblarim bilan salomlashsam, indamay o‘tib ketgan taqdirda ham e’tibor bermasdim. Endi hamma salom berib o‘tadi. Gohida alik olmasam ham, ularning salom bergan yoki bermaganiga e’tibor qaratadigan bo‘ldim. Ilgari hamkasblarim bilan biror masalada kelisholmasak, darrov bahs-munozara avj olardi. Endi esa hech kim mening fikrimga e’tiroz bildirmaydi. Avvaliga ajablandim. Ularni oldingidek bahslashishga chorladim. Qayda! Qarshimda mum tishlagandek, sukut saqlashdan nariga o‘tishmaydi. Keyin o‘zim ham, to‘g‘ri fikr aytayotgan bo‘lsam kerak, degan xayolga bordim. Yana bir oz o‘tib esa, bu qo‘l ostimdagi xodimlarning har gapimni tasdiqlab turishlari natijasida bo‘lsa kerak, mening har qanday aytgan gapim mutlaq to‘g‘ri degan xulosaga keldim.
Kayfiyatim bo‘lmagan vaqtlarda kimga, nima uchunligining farqi yo‘q, to‘g‘ri kelgan xodimimga qattiq gapiradigan, hatto ularni haqoratlaydigan bo‘ldim. Hayron qolaman, qani birortasi miq etsa! Oldiniga, agar gap qaytarishsa, nima deb javob berishimni o‘ylardim. Lekin ularning bosh egib, jim turishlari hech qanday xavotirga o‘rin yo‘qligini ko‘rsatdi. Chunki boshliq – xodim o‘rtasida taomil shunaqa ekan. Men boshliqmanmi, gap qaytarishlari mumkin emas. Boshliq hamisha haq ekan.
Gohida o‘ylab qolaman, nega men ilgari boshliq bo‘lmaganman? Rahbarlik tajribasiga ega kadrlar bo‘limi boshlig‘i endi men bilan o‘ta ehtiyot bo‘lib suhbatlashsa-da, uning ichidan sug‘urib olgudek qilib gaplariga quloq tutaman.
– Bizda rahbarlikka o‘qitishmaydi, – deydi kadrlar bo‘limi boshlig‘i faqat ikkimiz bo‘lishimizga qaramay, negadir ovozini pasaytirib. – Rahbarlikka tayyorlashmaydi. Ko‘pincha buning uchun omad qo‘l keladi.
Demak, menga omad kulib boqqan.
Shunday bo‘lsa-da, men kadrlar bo‘limi boshlig‘ining qachonlardir, men boshliq bo‘lishdan bosh tortgan vaqtlarda aytgan gaplarini esimdan chiqarmayman.
«Sen boshliq bo‘lganing bilan ma’lum ish jarayonida bir vositachisan, xolos. Yuqoridan kelgan topshiriqni jamoaga yetkazasan. Jamoa bajargan topshiriqni yuqoriga yetkazasan. Hech narsaga aralashmasang, o‘zboshimchalik qilmasang olam guliston! Aks holda...»
Aksi bo‘lishi mumkin emas. Men hech narsaga aralashmayman, o‘zboshimchalik qilmayman. Yuqoridan berilgan topshiriqni so‘zsiz bajaraman. Chunki men boshliqman-da!..
Xurshid Nurullayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter