Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor vakilining ishi Toshkent sudida ko‘rilmoqda

Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor vakilining ishi Toshkent sudida ko‘rilmoqda

Foto: «Xabar.uz»

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda «Samarqandda bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi katta tezkor vakili qamoqqa olindi» mavzusida xabarlar tarqaldi. Davlat bojxona qo‘mitasi ushbu xabarlarga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Davlat bojxona qo‘mitasi, shuningdek Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan ham tizimda korrupsiya, poraxo‘rlik va ta’magirlik kabi illatlarni yo‘qotish va ularga qarshi kurashish yo‘lida muntazam ravishda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, 2018-yil yanvar oyida sobiq bojxona xodimi S.Sh.Z. Samarqand shahrida joylashgan «Temir Servis Plyus» MChJga qarashli TIR parkiga borib, u yerda respublika hududidan tranzit ravishda o‘tib ketishi kerak bo‘lgan va bojxona nazorati ostida turgan yuk avtotransport vositasini go‘yoki tezkor tadbir o‘tkazish maqsadida olib chiqib ketmoqchi bo‘lganligi holati aynan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan olib borilgan ichki tezkor tekshiruv harakatlari natijasida aniqlangan va mazkur holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlangan.

O‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi sobiq xodimi S.Sh.Z. o‘z xatti-harakatlari bilan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar talablarini buzganligi uchun bojxona organlaridan bo‘shatilgan.

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan sobiq bojxona xodimi S.Sh.Z.ning bojxoni tizimidan bo‘shatilgandan keyingi harakatlari ustidan olib borilgan qo‘shimcha tezkor kuzatuv tadbirlar natijasiga ko‘ra, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan 2019-yil 8-fevral kuni Jinoyat kodeksining 182 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va to‘plangan ish hujjatlari tergov harakatlarini olib borishlik uchun DXX Tergov boshqarmasiga yuborilgan.

Mazkur jinoyat ishi doirasida fuqaro S.Sh.Z.ga nisbatan 2019-yil 11-fevral kuni qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirgi kunda fuqaro S.Sh.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 182 va 211-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida ko‘rilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring