Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ibrat, burch va qarz

Ibrat, burch va qarz

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘z xalqining dardu hasratini, orzu va armonlarini, haqiqiy hayotini bilgan inson yurtga rahbar bo‘lishi, bu o‘sha xalqning yutug‘i, baxtidir. Hech mubolag‘asiz aytsak, biz ana shunday baxtiyorlikdan bahramand mamlakatda yashayapmiz. Bunday deyishga juda ko‘p sabablar bor, keling, ulardan ayrimlariga to‘xtalib o‘taylik.

***

Befarqlik — eng yomon illat. Loqayd kishi jamiyat uchun turgan bitgani xatar. Hushyorlik va ziyraklik esa hamisha yaxshilikka sabab bo‘ladi. Prezidentimiz xatti-harakatida, jiddu jahdida ana shunday doimiy uyg‘oq inson timsoli mujassam.

Samarqandda o‘qirdik. Ijara uyda yashab, oyda bir yoki ikki marta Siyob bozoriga ul-bul xarid qilish uchun borardik. Registondan Siyob tomonga ketishda, kichkina yo‘lning o‘ng betida 21-maktab bor. Ha, Islom Karimov o‘qigan maktab. Shu maktabga qarab ham havasim kelardi, ham achinib qo‘yardim. Havasim kelgani, kimsan: Prezident o‘qigan maktabni ko‘rish bo‘lsa, shunday maktabning aftodahol ekanligidan hayron qolardim. Prezident savod chiqargan dargoh o‘sha yillari nurab-to‘kilgudek bo‘lib yotar, shahar ko‘rki va dovrug‘iga mos emas edi. Samarqandda bir nechta odam rahbar bo‘lib ishladi, ammo Islom Karimov o‘qigan maktab xarobligicha qolaverdi. Faqat 2002 yilga kelib ushbu maktab tubdan yangicha qiyofa kasb etdi. Zero, Shavkat Mirziyoyev viloyatga hokim bo‘lib kelgach, ko‘p o‘tmay shu binoni nazardan qochirmadi, unga mehr ko‘rsatib, ustozi, millat yetakchisi tahsil olgan dargohni gullatib qo‘ydi... Keyinchalik Bosh vazir bo‘lib ish boshlagan Shavkat Mirziyoyev Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi qabul qilinib, yurtimizdagi jamiki xarob maktablar qayta yangilanishiga, ehtiyoj bor joylarga esa yangi maktablar qad rostlashiga sababchi bo‘ldi. Milliardlab mablag‘ talab qiladigan bu ishni amalga oshirish oson bo‘lmagan. Ammo qalovini topib, maktablarni Tojmahalga aylantirgan inson Shavkat Mirziyoyev edi. U Samarqandda Islom Karimov o‘qigan maktabni tamoman boshqa qiyofaga keltirish orqali ta’limda inqilob bo‘lgan — “Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi”ni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishda hech kim kutmagan yo‘ldan borgan edi.

Shu tariqa maktablarni butunlay o‘zgartirishga bel bog‘landi va bunga erishildi. Ammo u kishini yana bir narsa qiynardi. U ham bo‘lsa, o‘quvchilarning, muallimlarning, talabalarning dala ishlariga, jumladan, paxta terimiga jalb etilishi edi. Bu haqda gap borar ekan, davlatimiz rahbari “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida shunday degan edi: “Ahvol shu darajaga yetib borgan ediki, uyimizning tomigacha paxta ekdik, lekin kosamiz oqarmadi. Maktab bolalarini ham paxtaga haydadik. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov o‘z davrida chuqur dard va iztirob bilan “Million egatlarga sochilgan o‘zbek”, deb yozganidek, yuz yil egilib paxta terdik.

Yaqin-yaqingacha har yili taxminan 6-7 million odam paxta terimiga majburan safarbar etilardi.

Afsuski, asosiy ishi ta’lim berish bo‘lgan o‘qituvchilar dala ishlaridan tashqari qurilish ishlariga ham olib ketilardi. Hech kim ulardan borasanmi, bormaysanmi, deb so‘rab ham o‘tirmasdi. Mamlakatimizda tezlik bilan hal etish kerak bo‘lgan o‘tkir muammolar boshqa sohalarda ham yig‘ilib qolgan edi. Hammasi joyida, degan kayfiyat bilan ularni bilib – bilmaganga, ko‘rib – ko‘rmaganga olib, g‘aflat uyqusiga botib yuraverish ham mumkin edi. Lekin bu o‘zimizga, xalqimizga, kelajakka nisbatan xiyonat bo‘lardi.

Ochiq aytmoqchiman: mening tabiatim bunday soxta hayotni mutlaqo qabul qilolmaydi. Xalqimiz menga ishonch bildirdi, ana shu yuksak ishonchni oqlash, el-yurtimizga munosib hayot sharoitini yaratib berish – men uchun hayotimning ma’no-mazmunidir.Men millionlab insonlarning taqdiri uchun mas’uliyatni zimmamga olgan ekanman, islohotlar borasida boshqacha yo‘l tutishim, hammasini avvalgidek qoldirishim aslo mumkin emas.

Takror aytaman: oldimizda turgan ishlarning barchasini o‘zimiz, o‘z kuchimiz bilan qilishimiz kerak, hech kim chetdan kelib biz uchun bironta muammoni hal qilib bermaydi”.

Doimo uyg‘oq

Hamma zamon va makonda shunday: rahbarlar haqida har xil gaplar yuradi. Shavkat Mirziyoyev haqida gap ketganda, u kishini qachon uxlarkan, qachon buncha ishga ulgurarkan, deb hayratlarga cho‘mganimiz rost. Bu savolga esa yillar o‘tib javob topdikki, u kishi shunday tug‘ilgan, shunday kamolga yetgan ekan. Bo‘lmasa, navqiron yoshidayoq poytaxtdagi tumanga rahbarlik qilishning o‘zi bo‘ladimi? O‘zi hokim bo‘la turib, ijara uyda yashasa ham fikru xayoli uysiz odamlarni vatanli qilish, dardmandlar dardiga shifo bo‘lish uchun o‘ta murakkab masalalarga yechim topish, tiqilib yotgan sanoqsiz muammolarni bartaraf etishda bo‘lgan. Bu gapirishga oson. Hozir ham shunaqami: birorta hokim uysizmi? Uysiz emas, o‘ysiz hokim ko‘p... Alloh bandasini yaxshi ko‘rsa, va, u banda ham bir xalq oldidagi javobgarlikni dildan his qilsa, shunday uyg‘oq va elparvar qilib qo‘yarkan.

Shu o‘rinda bir misol: “Xalq so‘zi” gazetasida ishlardim. Bir kuni yarim tunda telefon jiringladi. O‘rnimdan turib avval soatga qaradim: 01:42, keyin telefonga ko‘z tikdim: “Bosh muharrir”. Xullas, Vazirlar Mahkamasiga yetib borishim, qandaydir hujjatlarni tayyorlashda u yerdagi mas’ullarga yordam berish kerakligi bo‘yicha topshiriq oldim. Rosti, tun yarmida ham shunaqa topshiriq bo‘ladimi, deb malollanib Vazirlar Mahkamasiga yetib bordim. Uch-to‘rtta mas’ul kishilar bilan bir xonaga endi yig‘ilgan edik hamki, yana bir kishi kirib keldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsak, Bosh vazirning o‘zlari. U kishi salomlashib, har birimiz bilan so‘rashib, bizga nima ish qilish kerakligini tushuntirdilar, nima yordam kerak bo‘lsa, qilib beramiz dedilar. Shunda... boyagina malollanganimdan uyalib ketdim. Shavkat Mirziyoyevning shijoatga to‘la holatidan ta’sirlandim, o‘zimga kuch oldim. Vatan, yurt manfaati uchun nafaqat yigirma to‘rt soat, balki har doim, hamma vaqt xizmat qilishga shay turish darkorligini tushunib yetdim.

Barcha yo‘llar Sergeliga eltadi

Anchadan beri Qo‘yliq tomonga, Sergeli tarafga o‘tmagan odam shu kunlarda kelsa, tanimay qoladi bu manzillarni. 6-7 yil oldin Qo‘yliq bozori, to Rohat muyulishigacha metro boradi desa, kim ishonardi? Yengil mashinaga qo‘l ko‘tarib, Sergeli tomonga deyilsa, taksi haydovchilari gaplashishni ham ep ko‘rmay ketib qolardi. Endi esa butun dunyoga mashhur o‘sha ibora bilan aytganda, poytaxtning barcha yo‘llari Sergeliga eltmoqda. Zamonaviy turar joylar, muhtasham savdo maskanlari, yer usti metrosi, baland qavatli uylar va ularning hovlisidagi maydonchalar. Vaqtingiz bo‘lsa, kechasi bir marta shu tumanni aylaning: Nyu-Yorkdan qolishmasligiga amin bo‘lasiz.

Xuddi shuningdek, Samarqandda aholining hordiq chiqarishi uchun mo‘ljallangan “Boqiy Samarqand” majmuasini oling. Yaqin-yaqingacha xaroba bo‘lgan bu manzilga shu kunlarda bir boring. Ich-ichingizdan bir iqror keladi: ana mo‘’jiza, ana bunyodkorlik. Bu maskanni ta’riflash qiyin, yaxshisi oilaviy borib, aylaning. Oldindan aytay: bu yerni aylanishga bir kun kamlik qiladi.

Bularning bari shu xalqni yaxshi ko‘rishdan, xalqimiz shuncha yil qiynalib keldi, har bir rahbar ulardan kechirim so‘rashi kerak, degan ulug‘vor va mardona gapning amaldagi tasdig‘idir!

***

Islom Karimov davrida e’lon qilinadigan har bir farmon va qaror ijrosiga mas’ul etib Shavkat Mirziyoyev qayd etilardi. Hujjat imzolangan kundan fursat o‘tmayoq uning ijrosi bajarilardi. Xalqimiz, jamoatchilik o‘sha paytdagi Bosh vazirning ish tutumiga, har bir jarayonni o‘z nazoratiga olganiga, umuman, biror bir masala o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yilmagani Mirziyoyev faoliyati bilan bog‘liq ekanligini tushunib yetgan edi. Bugun ham mamlakat taqdiriga daxldor muammo borki, o‘z vaqtida yechim topmoqda. Avvalgiday yilda bir yoki ikki marta bo‘ladigan majlislarda emas, kunda-kunora o‘tadigan videoselektor orqali shaxsan Prezident boshchiligida dolzarb masalalarning yo‘l-yo‘rig‘i, hal qiluvchi nuqtasi ko‘rsatilib, bartaraf etilmoqda.

E’tibor bering, Prezidentimiz qaysi sohada gapirmasin, o‘sha sohaning ikir-chikirigacha, ba’zan asl mutaxassislar tushunib, his etmaydigan eng kichik jihatlarini ham teran tahlil qiladi. Ikki-uch soat qog‘ozga qaramay gapirish, yana ko‘pchilikni nomma-nom aytib, murojaat qilishi, viloyatlarga borganda, oddiy kasb egalarini ham xuddi qadrdondek ismini aytib chaqirishi zamirida ham ulkan mehr mujassam.

Darvoqe, mehr haqida. Adashmasam, 2021 yilning avgust oyi edi. “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida tadbirkorlar bilan ilk uchrashuv boshlandi. Mavzuga oid juda chuqur mushohadalar bildirib o‘tdi Prezident. So‘ng imtiyozlar, imkoniyatlar haqida gapirdi. Shunchalik sharoit qilib berildiki ularga, beixtiyor hamma ishni tashlab tadbirkor bo‘lgisi keladi odamning. Davlat rahbari yana qanday fikrlar bor deb, ulkan monitorga ko‘z tikdi. Viloyat rahbarlari, hududlarda nom taratgan mashhur tadbirkorlar o‘z fikrlarini bildirishni boshladi. Navbat Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorovga keldi. Hokim endi gap boshlagan edi, Prezident uni so‘zdan to‘xtatib: “Ahvoling, salomatliging yaxshimi?” dedi. Chunki o‘sha kunlari viloyat hokimining jiddiy amaliyotni boshidan o‘tkazgani haqida eshitgan edik. Bozorov mamlakat rahbarining bu savolidan bir zum kalovlanib qoldida, so‘ng hammasi yaxshi, deya dardu bezovtaliklar ortda qolganini bildirdi. Prezident esa unga doim salomatlik va muvaffaqiyat tiladi.

Bir qarasangiz, shunchaki savol-javobga o‘xshab ko‘ringan bu muloqot aslida odamiylikning, yurt rahbari shu mamlakatdagi kattayu kichik har bir kishini alohida e’zozlashining yorqin dalili edi bu. Shuning uchun bo‘lsa kerak, hech mavridi yoki mavzuga daxldor bo‘lmasa ham ishtirokchilar gulduros qarsak chalishgan edi. Bu olqishlar ulkan mehrning ta’siridan paydo bo‘lgan edi.

Vohidovlar, Oripovlar yetishmaydi

Shavkat Mirziyoyevning ijodkorlarni, shoir yozuvchilarni e’zozlashi hammamizga ma’lum. Qalam ahliga bo‘lgan e’tibor kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Bunday ardoq u kishi Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi bo‘lib ishlagan yillardanyoq kurtak otgan. O‘shanda qanchalik ishi, tashvishi ko‘p bo‘lishiga qaramay, Erkin Vohidovdan, Abdulla Oripovdan doimiy xabar olib turgan. Majlislarda, anjumanlarda bu ikki ulug‘ shoirning she’rlaridan namunalar keltirib turishini ham bilamiz. Keyinchalik millatimizning bu ikki dahosiga nima sababdandir munosabat o‘zgarib, hurmat-izzat kamayganda ham Shavkat Mirziyoyev o‘z qarashlarini aslo o‘zgartirmadi. Aksincha eng og‘ir paytlarda ham ularni katta mehr ila yo‘qlab turganini ularning farzandlari, ahli oilasi faxr va g‘urur bilan aytishadi. Xususan, Abdulla Oripovning rafiqasi Hanifa aya Mustafoyevaning aytishicha, Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani, keyinchalik Jizzax va Samarqand viloyatlari hokimi bo‘lib ishlagan chog‘larida ham, mamlakat Bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritganida ham doim Abdulla akani yo‘qlab turgan.

Xalqning suyukli farzandiga davlat rahbari tomonidan bu qadar baland munosabatda bo‘lish hech bir yurtda kuzatilmasa kerak. O‘tmishda bo‘lsa bordir, ammo bugungi shiddatli zamonda, adabiyotu ma’rifat, matbuot va ma’naviyat tushunchalari kimlar uchundir eski davrda qoldi, deya talqin qilinayotgan kunimizda ijodkor shaxsiyati, ziyolilarga mamlakatimiz rahbarining alohida e’tiboridan xulosa chiqaradiganlar kamayib ketgandek, nazarimizda.

Holbuki, uchinchi Renessans poydevori sifatli ta’lim, mustahkam tarbiya orqali shakllanadi. Kitob ko‘rmagan, gazeta-jurnal o‘qimagan, umuman, ziyo omillarisiz o‘sish, yuksalish mumkin emas. Ushbu haqiqat teran anglangan yurtimizda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangidan yangi maktablar tashkil etilmoqda. Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati ham shunday maskanlardan biridir.

Yurtboshimizning: “hozir bizga Abdulla Oripov, Erkin Vohidov kabi odamlar yetishmayapti”, degan gapini eshitgansiz, albatta. Bu gap zamirida ham millatga vatanparvar insonlar har doimgidan ko‘ra bugun zarurligi haqidagi niyatlar mujassam.

Ijodkorlarga qanot bo‘lish, rag‘batlantirish kabi sa’y-harakatlar keyinchalik Zominda asos solingan adabiyot bayramini yuzaga keltirdi. Ushbu mashvarat tufayli 1997 yildan to hozirga qadar qanchadan qancha shoiru yozuvchi kashf etildi. Eng muhimi, bunday e’zoz bugun yanada keng ko‘lam va mazmun mohiyat kasb etayotganini hammamiz ko‘rib, bilib, his etib turibmiz.

Taqiqlar taqiqlandi

O‘zi ilgari g‘alati ishlar bo‘lgan. Chetdan birov eshitsa, kuladigan qora ro‘yxatlar, taqiqlar bo‘lardi. El suygan odamlarga nisbatan cheklovlar, bosimlar bor edi. Dadahon Hasanovdan gapirmang, Sherali kerak emas, Farrux Zokirovga nima yetishmaydi, Ozoda beqiliq qabilidagi gaplar va qo‘pol qilib aytganda “artistlarning yotish turishigacha nazorat qilish” kimlarningdir ish rejasiga aylanib qolgandi. Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgach, bunday bachkana va o‘ta sharmandali holatlarga batamom nuqta qo‘yildi. Odamlar o‘zlari yoqtirgan san’atkorlarning diydorini yana ko‘radigan, ularning ijodidan bahramand bo‘la boshladi.

Masalan, ko‘pchilik Sherali Jo‘rayevning katta sahnalarga qaytishini 2016 yil bilan bog‘laydi. Bu ham to‘g‘ri. Ammo sal ortga, 2002-2003 yillarga qaytsak, bu boradagi mardlik va shijoat namunasini esga olamiz. Xalq o‘z hofizini ekranlarda ko‘rmaganiga, gazeta jurnallarda suhbatu suratlarini sog‘inganiga ancha yillar bo‘lgan paytda Sherali Jo‘rayev Samarqandda konsert berarmish, yana rasmiy tadbirlar o‘tadigan joy — Amfiteatrda o‘tarkan bu konsert degan gap tarqaldi. Bunga, daf’atan hech kim ishonmadi. Shu yaxshi xabar tarqalganda men Sherali akaning uylarida edim. Bir umr millatni ma’naviy yuksaltirishga bel bog‘lagan, millionlab odamlarning qalb qo‘ridan joy olgan hofiz ana shu mujdadan voqif bo‘lgach, yosh boladay quvongani ko‘z o‘ngimda turibdi. Mish-mishlar haqiqat bo‘lib chiqdi. Hofiz nafaqat ko‘hna shahar markazida, balki Urgut va Tayloq tumanlaridagi markaziy stadionlarda ham konsert berib, muxlislar olqishi va qurshovida qolgan edi. Katta iste’dodga keng yo‘l ochib bergan inson esa Samarqand viloyatining o‘sha paytdagi rahbari Shavkat Mirziyoyev edi...

Do‘stlarimiz ko‘paydi

Ko‘z oldingizga keltiring: devor-darmiyon qo‘shningiz boru, ammo u bilan yillar davomida ko‘rishmaysiz, gaplashmaysiz. Sababi mavhum: qo‘shni arpangizni xom urmagan, sizning ham unga xusumatingiz yo‘q. Shunday paytda uzoqdagi qarindoshingiz yoki biror tanishingiz mehmon bo‘lib keldi-yu, gapdan gap chiqib hamsoyalaringiz haqida so‘radi. Tayinli javob yo‘q. Mehmon esa sizning sukutingizni noahillik, oqibatsizlik, mehru muruvvatsizlik hech qachon insonga naf keltirmasligi haqidagi pandlari bilan buzadi. Siz uning bu nasihatlari oldida uyalib qolasiz, ich-ichdan uning haq ekanligini anglaysiz.

Chin, biz yillardirki, qoshu ko‘zdek yaqin ana shunday qo‘shnilarimiz bilan dimoq-firoqda yurdik. Goh o‘zimizni ulardan baland qo‘ydik, gohida ularni unutdik. “Uzoqdagi quyruqdan yaqindagi somon afzal”ligini esdan chiqardik. Endi hammasi ortda qoldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va ShAXS sifatida qarashlari o‘laroq, biz dunyoga yuzlashish uchun, avvalo, qo‘shnilar bilan munosabatlarni mustahkamladik. Tikanlar, zirhlar olib tashlandi. Simli to‘siqlar o‘rnini qardoshlik, do‘stlik, birodarlik haqidagi naqllar to‘ldirdi. Bundan nafaqat biz, balki qo‘shni mamlakatlar aholisi ham behad ta’sirlandi. Ko‘p yillar davomida bordi-keldisi yo‘qolgan odamlar bir-birining bag‘riga talpindi. Mehrga, diydorga zor opa-singillar, quda-andalar bir-birining nafasini, taftini his qildi. Tojiklar, qirg‘izlar, qozoqlar, turkmanlar, afg‘onlar O‘zbekiston qaydasan, deb sog‘inch ila yo‘lga chiqdi. Biz ham ularni yo‘qlab borayotirmiz. Qanchalik go‘zal manzara!

“Kulib yurganim bilan, dardim ichimda...”

Kuzatgan bo‘lsangiz kerak: Prezidentimiz soxtalikni, oldi-qochdi gaplarni umuman yoqtirmaydi. Majlislarda, uchrashuvlarda umumiy gaplarni aytadigan, keraksiz, safsata statistikadan kimdir so‘z ochsa, uni doim to‘xtatgan. Millatning asl farzandi sifatida u kishi mamlakatimizdagi mavjud ahvolni kaftdagiday bilib turadi. Shu bois fikri ojizimcha, u kishini aldash o‘zimizni aldash deb qaralishi kerak. Esimda, Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 13 aprel kuni Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida viloyat faollari ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ko‘zbo‘yamachiliklar haqida gapirib, shunday fikrlar bildirgan edi: “Men osmondan paydo bo‘lib, tushib kelmayman: bir kun oldin qaysi viloyatga tashrif buyurishim haqida ma’lumot yetkaziladi. Lekin, ko‘p joylarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmoqda. Ochig‘i, menga bu noqulay, ko‘zbo‘yamachilik menda nafrat uyg‘otmoqda.

O‘qituvchilarni majburlab chiqarib qo‘yib, obodonlashtirish, ularga ko‘cha supurtirish, “tayyorgarlik”ka jalb etish – siyosatga xiyonat. Bu harakatlar faqat menga emas, siyosatga ham xiyonat”.

Davlatimiz rahbari deyarli 4,5 soat davom etgan yig‘ilish boshlanishi bilanoq “maqtov va qarsakbozlik” davri tugaganini ta’kidladi. Shuningdek, Prezident uchun hozirlanayotgan ko‘zbo‘yamachilik uni ranjitishini aytgandi.

“Men devor ortida nima borligini, O‘zbekistonda qaysi ko‘cha supurilgani yo obodligini juda yaxshi bilaman. Bitta narsani aytmoqchiman: yo‘lni supurganingiz bilan hech nima o‘zgarmaydi, odamlar rahmat demaydi, Bizning do‘stlarimiz ham ko‘p, dushmanlarimiz ham. Siz (mahalliy hokimiyat rahbarlari nazarda tutilmoqda) mana shu ishlaringiz bilan dushmanlarning tegirmoniga suv quymoqdasiz. Butun viloyatlar va tumanlar rahbarlari, mana shuni bilib oling...

Meni yuragimda juda katta armon, azob bor. Xalqimizning qanday ahvolda yashayotganini mendan boshqasi yaxshi bilmaydi. O‘zim kulib yurganim bilan, dardim ichimda. Yurakdan chiqarib aytyapman, do‘st bo‘lsangiz, bu ishlarni to‘xtating…”

Bu gaplardan har birimiz xulosa chiqarib, chin do‘stning ishini qiladigan zamon allaqachon kelganini anglab yetaylik. Toki, devorlar yiqilib, uning ortidagi haqiqat bor bo‘y-basti bilan ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lsin.

Samimiyat g‘alabasi

Mahallamizda Umrqul ota degan nuroniy bor. U kishi qahatchilikni ham ko‘rgan, urush yillaridagi ocharlikkka ham guvoh bo‘lgan. Umrqul boboning aytishicha, hech bir zamonda xalqqa qayishish hozirgidek bo‘lmagan. Otaxon bunga sabab qilib Shavkat Mirziyoyevning tug‘ma xalqparvar ekanligini aytadi. “Tabiat har kimga bunday fidoyilikni ravo ko‘rmaydi. Yurtboshimiz oddiy odamlarning qalbini egalladi”, deydi nuroniy.

Ozarbayjon Yozuvchilar birligi raisi, jahonga mashhur adib Anar fikricha, Shavkat Mirziyoyev tarixni o‘zgartirdi, eskicha qarashlar, qotib qolgan an’analarga chek qo‘ydi. “Prezidentingiz tashabbusi bilan mintaqada do‘stona muhit paydo bo‘ldi. Ilgari hamma o‘z holicha edi. Endi esa davlat rahbarlari bir-biriga nafaqat hamkasb sifatida, balki do‘st va yelkadosh, samimiy hamkor deb qaramoqda. Bugungi davr Shavkat Mirziyoyevdek shaxsning iqtidorga kelishiga muhtoj edi”, deydi yozuvchi.

Turkiyalik adabiyotshunos, professor Sulaymon Kiziltoprak esa O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar samimiyatga yo‘g‘rilganini ta’kidlar ekan, jumladan shunday degan edi:

“Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga tashrif buyurganida juda ko‘p joylar qatori tarixiy masjidlarimizga ham qadam ranjida qildi. Shavkat Mirziyoyevning chin ixlos va katta diqqat-e’tibor bilan masjidlarni tomosha qilganidan hayratlandim. U odatiy mehmonlardan emasligi, tarixiy joylarni shunchaki ko‘zdan kechirmaganligi bilan menda yorqin taassurot qoldirdi. Angladimki, u ota-bobolarimiz e’tiqod qilgan islom dinini yuksak qadrlashi bilan ibratga loyiqdir”.

Bugun O‘zbekiston juda ko‘p sohalarda dadil odimlamoqda. Iqtisodiy taraqqiyot bilan bir qatorda ma’naviy yuksalishga erishilayotgani esa qo‘shaloq muzaffarlikdir. Prezident qo‘shni va qardosh davlatlar bilan ko‘p yillardan beri uzilib qolgan, rasmiyatchilikdan nariga o‘tilmaydigan rishtalarni tikladi. Nafaqat tikladi, balki unga yangicha ruh berdi.

Dehlidagi Jamiya Milliya Islamiya universitetining professori Shohid Taslim O‘zbekistonni alohida mehr bilan tilga oladi. U yurtimizga turli xalqaro anjumanlar tufayli tez-tez kelib turadi. O‘zbekchani mukammal biladi. Navoiy va Bobur, Mashrab kabi bobokalonlarimizning ko‘plab g‘azallarini yoddan biladi.

— O‘zbekiston — allomalar yurti, — deydi Shohid Taslim. — Bu zaminda kamol topgan muhaddislar, olimu ulamolar, tabiblar, shoirlar Yer yuzining barcha mintaqasida ma’lum va mashhur. Jumladan, islom dini ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk olim Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriydek zoti mukarramning ta’limoti bugungi davrimiz uchun ham o‘ta muhim va dolzarbdir. Xuddi shuningdek, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burxoniddin Marg‘iloniy, Zamaxshariy singari ulug‘ murabbiylarning boy ma’naviy merosidan bahramand bo‘lish har bir insonga, ayniqsa, yoshlar uchun koni foydadir. Prezidentingiz ana shu mutafakkirlarning asarlarini keng o‘rganish, tadqiq va targ‘ib etish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bergani tahsinga sazovor.

Tarixi, o‘zligi e’zozlanadigan yurtda o‘sish, o‘zgarish bo‘lishini bugun O‘zbekiston misolida ko‘rib turibmiz.

Har bir mamlakatning ertangi taqdiri bugun voyaga yetayotgan o‘g‘il-qizlar qo‘lida. Ularning zamonaviy bilim olishlari uchun shart-sharoit yaratib berilgandagina ko‘zlangan manzillarga erishish mumkin. Shu nuqtai nazardan olib qaraydigan bo‘lsak, bugungi tanlangan yo‘l oqillik, uzoqni ko‘ra bilish ifodasidir.

Ajdodlardan meros qadriyat va urf-odatlarni ulug‘lash, ularning muborak izidan borish, yoshlarga keng imkon berish, boshini silash, odamlarni e’zozlash, xalqning roziligini olishga intilish — bu chin komillik belgisi, aslida. Biz bugun ana shu yetuklikni, olib borilayotgan siyosatda esa mukammallikni ko‘ryapmiz. Shu bois ishonchimiz yuksak, umidimiz ulkan. Zero, ishonch va umid ertangi yorug‘ istiqbol sari dadil odimlashga, buyuk kelajakni birgalikda qurishga undaydi.

Amal va niyatlar uyg‘unligi

Har bir mamlakatning qudrati, salohiyati, imkoniyatlari nima bilan belgilanadi? Bu savolga yalpi ichki mahsulotning ulkan hajmi, sanoatning yuksak taraqqiyoti, katta daromadi, ishlab chiqarishning barqaror sur’atlari va boshqa omillarni ko‘rsatib javob berish mumkin.

Albatta, ularni aslo inkor etib bo‘lmaydi. Shuning bilan birga davlatning qudrati va salohiyatini tarixiy meros va ajdodlar madaniyati yorqin tarzda aks ettiradi, desak yanglishmaymiz.

O‘zligimiz, nasl-nasabimiz gavhari — ulug‘ bobokalonlarimiz ibrati, qoldirgan boy ilmiy-adabiy merosi, jasorati, pandu nasihatlarini o‘rganishni, saboq chiqarishni maqsad qildik. Shu asnoda ular xotirasiga bo‘lgan ehtiromimizni, vorislik sadoqatini chin dildan, katta g‘ayrat-shijoatlar ila izhor qildik. Chunonchi Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi aziz-avliyolarimiz ruhlarini shod etmoqqa kirishdik.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida tarixiy obidalarni asrab-avaylash, buyuk ajdodlarimizning boy merosini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi, Sherobod tumanidagi Abu Iso Muhammad Termiziy, Qarshi tumanidagi Abul-Mu’iyn Nasafiy ziyoratgohlari va boshqa qadamjolarda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.

Gap shundaki, ana shunday xayrli ishlarning mantiqiy davomi o‘laroq, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning sha’nini, qadr-qimmatini e’zozlagani xalqimiz tomonidan juda katta xursandchilik bilan kutib olingan edi.

U kishining dunyo musulmonlari o‘rtasidagi obro‘-e’tibori juda baland edi. Bu ulug‘ vatandoshimiz Butundunyo mutafakkir ulamolari uyushmasining Ijroiya qo‘mitasi a’zosi, Butunjahon musulmon ulamolari xalqaro uyushmasi, Butundunyo Islom uyushmasi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning, Iordaniya qirollik akademiyasining ham a’zosi edi. U kishi Misr Arab Respublikasining “Nil lavri” oltin nishoni, shuningdek, Rossiya, Liviya va boshqa davlatlarning ko‘plab yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgandi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan islom dinining asl mohiyatini targ‘ib etish, yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashga qaratilgan ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning turli tillarda chop qilingan asarlari yosh avlod uchun ulkan tarbiya va ibrat manbai bo‘lib xizmat qiladi.

O‘tganlarni xotirlash, aziz-avliyolarning ruhlarini shod qilish borasida bajarilayotgan xayrli amallarning savobu samarasi yurtimizga yanada fayzu barakot keltirishi shubhasiz. Negaki, bunday ezgulik asrlar o‘tsa-da, kelgusi avlodlar uchun mangu ibrat bo‘lib qolaveradi.

Ibrat, burch va qarz

Yurtimiz rahbarining tashabbusi va g‘oyalari asosida azizlarimiz e’zozlanishi, umuman, hayotga tatbiq etilayotgan ezgu islohotlarni qadrlash har birimizning burchimizdir. Aslida yuqorida tilga olingan o‘zgarishlar ma’naviy yuksalishga qaratilgan ulug‘vor yangilanishlarning bir zarrasi, xolos. Muhimi, bunday ibratli ishlarning barchasi so‘z va amal uyg‘unligini isbotlab, sizu bizning, shu bag‘rikeng xalq bilan bir tanu bir jon bo‘lib yashayotgan turli elat va millat vakillarining dilbandlari uchun xizmat qilayotganini unutmaslik jonajon Vatan oldidagi qarzimizdir.

Ulug‘lik sharofati

Dunyoning to‘rt tomonida turli talafotlar, mojarolar, kelishmovchiliklar ro‘y berayotgan, oqibat, mehr-muruvvat singari ulug‘ tushunchalar o‘rnini “Bosib olaman”, “Hukmronlik qilaman”, “Yeb bitiraman”, “Men zo‘rman” degan bema’ni da’volar egallab olayotgan bir paytda bularni nega yozyapmiz?

Gap shundaki, har tong yaxshi niyatlar bilan duolar qiladigan ota-onalarimiz bor ekan, bu yurtdan oqibat ketmaydi.

O‘q ovozi o‘rniga muazzam azonlar eshitilib turadigan, bombalar o‘rniga karnay-surnaylar, to‘yu tomoshalar ovozi jaranglab turar ekan, bu rub’i maskunning O‘zbekiston deb atalmish chamanini Tinchlik va oqibat tark etmagay. Agar bittagina odamning ko‘nglida ezgu umid paydo bo‘lsa, adolatni ko‘p tilga oladigan Millat Sardorining sharofatidan bu.

Agar berk yo‘llar ochilib, bag‘rikenglik, do‘stona munosabat ko‘zga tashlanayotgan ekan, bu shomu sahar tinim bilmay ishlayotgan Insonning orzulari ushalayotganidandir.

Keling, Yurtboshimizdan o‘rnak olib, xalq manfaatini ustun qo‘yaylik.

Maqsud Jonixonov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring