Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Har bir tuman biror sport turiga ixtisoslashadi, hiyobonlar aholi uchun ochiladi

Har bir tuman biror sport turiga ixtisoslashadi, hiyobonlar aholi uchun ochiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5924-sonli Farmoni ijrosi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Nodir Murodov ishtirok etdi va farmon yuzasidan izoh berib o‘tdi.

«O‘zbek bokschilari nomi jahon sport arenalaridan tushmay qoldi. Sport yurtimiz nomini dunyoga tanitmoqda. Ammo biz bu bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Prezident farmonida xalqimiz orasida sport targ‘ibotini kuchaytirish maqsad qilingan.

Muntazam sport bilan shug‘ullanayotgan aholi soni 2025 yilgacha 30 foizga yetkazilishi kerak. Shuningdek turli xalqaro musobaqalarni O‘zbekistonda o‘tkazish masalasi qo‘yilgan. Ayollar o‘rtasida sport targ‘ibotini kuchaytirish lozim.

Prezidentimiz farmoni bilan tuman va qishloqlar qaysidir sport turiga ixtisoslashtiriladi. Hududning geografik joylashuvi, aholining qiziqishi va qaysidir sport turiga bo‘lgan qobiliyatiga qarab ish olib borilishi rejalashtirilgan.

Turizmning rivoji ham sport bilan bog‘liq. Xalqaro marafonlar o‘tkazilishi natijasida yurtimizga kelayotgan sayyohlar sonini oshirishni maqsad qilganmiz.

Professional sportchini murabbiy yetishtirib beradi. Ota-ona uni dunyoga keltirgan bo‘lsa, murabbiy ertalabdan kechgacha zalda bo‘ladi va bolalar bilan shug‘ullanadi. Shu bois murabbiylarni yetarlicha rag‘batlantirishimiz lozim.

Sport rivoji faqat davlatga qarab qolmasdan, xususiy sektorni jalb etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Shunda raqobat ham bo‘ladi. Joriy yilda banklar turli sport inshootlari qurilishi uchun kredit ajratishi ko‘zda tutilgan.

Albatta muammoli jihatlar ham yo‘q emas. Masalan, shunday hududlar borki, sun’iy qoplamali o‘yingohlar qurilgan, ammo odam kam boradi. Chunki hokimlar sport inshooti uchun aholi punktlaridan uzoq joydan yer bergan. Tabiiyki sport bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan odam o‘zi uchun qulay joydagi o‘yingohga borgisi keladi.

Sport inshootini qurishda dunyo standartlariga mos kelishimiz lozim. Hozir butun dunyoda yengil konsturksiyali moslamalar ommalashgan. Yoritish uchun esa quyosh batareyalari o‘rnatilmoqda. Bizda ham shu usulni yo‘lga qo‘yish lozim.

Tadbirkor bu ishlarni amalga oshirmoqchi bo‘lsa, ko‘p ovora bo‘lib qolmaydi. Biz unga tayyor loyiha beramiz. U vaqtini yo‘qotib, loyiha tayyorlab yurmaydi, balki tayyoridan foydalanib, bankdan kredit oladi va o‘yingoh quradi.

Yurtimizda shunday park va xiyobonlar borki, eshigiga katta qulf osib qo‘yilgan. Inson tabiati esa shundayki, toza va ozoda bog‘-rog‘larda sayr qilishni istaydi. Ammo erta tongda bunday joylar qulflab qo‘yilgan bo‘ladi. Biz mana shu bog‘larni odamlarimiz uchun ochmoqchimiz. Buning uchun jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Prezident farmonida mana shunday chora va tadbirlar belgilab qo‘yilgan. Bu farmonni amalga oshirishda matbuot bilan hamkorlik qilishimiz lozim. Sog‘lom turmush targ‘ibotida OAVning o‘rni katta, — dedi Nodir Murodov.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi yurtimizda sog‘lom turmush tarzini yana-da ommalashtirish uchun tadbirlarni davom ettiradi.

Zafar QOSIMOV

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring