Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi bizda ham yo‘lning barcha «kasal»ini aytib beradigan uskunalar bor

Endi bizda ham yo‘lning  barcha «kasal»ini aytib beradigan uskunalar bor

Yaqin-yaqingacha O‘zbekiston avtomobil yo‘llari qo‘mitasi haqida juda ko‘p ma’lumotlarga ega emas edik. Ammo yaqinda faoliyat boshlagan mazkur qo‘mita axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva tashabbusi bilan uyushtirilgan press-tur ko‘pchilik jurnalistlar uchun foydali bo‘ldi.

Dastlab avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot institutida yo‘llarni diagnostika qiluvchi, ya’ni yo‘llar sifatini aniqlovchi zamonaviy texnikalar bilan tanishdik. Mutaxassislar tomonidan har bir texnikaning bajaradigan vazifasi bo‘yicha atroflicha tushuncha berildi. 

Yo‘llar raqamlarda...

O‘zbekiston Respublikasida avtomobil yo‘llari tarmog‘ining jami uzunligi 209 ming 496 km.ni tashkil etadi. Shuning 42 ming 869 km, ya’ni 20 foizi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tasarrufidagi yo‘llar hisoblanadi.

Tasarrufdagi bu yo‘llarning 3993 kilometri xalqaro ahamiyatdagi, 14 ming 203 kilometri davlat ahamiyatidagi va 24 ming 673 kilometri mahalliy yo‘llardir.

141 ming 882 km, ya’ni 68 foizini qishloq avtomobil yo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarini tashkil etadi.

Qolgan 24 ming 745 km, ya’ni 12 foiz yo‘l idoraviy va inspektorlik yo‘llari ulushiga to‘g‘ri keladi.

Yo‘lning «kasal»ini rentgendek ko‘rsatib beradi...

Endi mana shu yo‘llarning holati ochiqrog‘i, «o‘pka»sidan tortib, «jigar»igacha qay ahvoldaligini aniqlaydigan uskunalar mavjud. Aytaylik, Qoraqalpog‘istondagi yo‘lning nosoz joyini Toshkentdan turib aniqlash mumkin.

– Bu uskunalar asfaltning qalinligini, qanday qo‘shilmalar qo‘shib asfalt tayyorlash mumkinligini aniqlash imkonini beradi. Avvallari qo‘limizda yo‘llarni reyka bilan qadamba-qadam yurib o‘lchagan bo‘lsak, endi yo‘lning holatini mashinalardan tushmay aniqlaymiz. Bu mashinalar esa rentgen kabi yo‘llarning ichki va tashqi «kasalliklari»ni kompyuterga uzatadi. Ya’ni, bu uskunalar yo‘llarni ta’mirlash, ularning holati, yo‘ldagi bo‘layotgan jarayonlar, kelgusida ularni qanday ta’mirlash kerakligini to‘liq monitoring qilish, prognozlash quvvatiga ega. Bu mashinalar tufayli ish koeffetsenti oshadi, – deydi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Hojiyev.

«Avtoyo‘linvest» agentligi tomonidani olib kelingan maxsus texnika va jihozlarni xorijdan kelgan mutaxassislar boshqarishmoqda, ya’ni mahalliy mutaxassislarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmoqda.

Masalan  Toyota RAV 4 (mobil skaneri)ning texnik imkoniyatlari bizni ham hayratlantirdi, ham yangilik bo‘ldi. Bu qurilma yo‘l bo‘ylab barcha ma’lumotlarni olish orqali yo‘l tarmog‘ining ro‘yxati va kadastrini yaratish uchun mo‘ljallangan. O‘lchov tizimi lazer skaneridan foydalanadi va masofani GPS va GLONASS yordamida yuqori ko‘rsatkichlarda aniqlab beradi.

Ikkinchi yana bir mashina MFV MK II Toyota  (mobil uskunasi). Uning texnik imkoniyatlari quyidagilardan iborat: yo‘l inshootlari va ularning atrof-muhitini inventarizatsiya qilish imkoniyatini taqdim qiladi, harakatlanish va yo‘ldagi notekisliklar sifatini o‘lchaydi, yo‘l geometriyasi va GPS ma’lumotlarini oladi.

FORD F350 esa barcha ulovlardan ko‘rinishi va funksiyasi ko‘pligi bilan ajralib turibdi: deflektometr uskunasida – yo‘l qoplamasining fizik xossalarini baholaydi, georadar – asfalt qoplamalarining balandligi va tuzilishini tahlil qilish, shuningdek, yer osti kommunal tarmoqlari mavjudligini tekshiradi.

Yana bu mashinaning orqasida ishqalanishni o‘lchash moslamasi ham joylashgan – yuzaki ishqalanish va sirpanish qarshiligi ko‘rsatkichlarini o‘lchaydi. Bunda mashina balloniga asfaltning qay darajada ishqalanishi, tormoz berganda tutib qolishi o‘rganiladi...

WIM tizimidagi dinamik nazorat tarozida yo‘ldan o‘tayotgan, to‘xtab turgan yoki sekinlashtirmagan holda harakatdagi transport vositalarning og‘irligi o‘lchanadi. Bu uskuna aynan yo‘llarni tez abgor holatga keltiradigan, me’yoridan ortiq yuk ortgan mashinalarni aniqlaydi va shundan so‘ng kerakli joyga ma’lumot beriladi. Chunki 20 tonnadan ortiq yuk mashinasi o‘tishi mumkin bo‘lgan joydan 40 tonnalik yuk mashinasining o‘tishi yo‘lning muddatidan oldin yaroqsiz holga kelishiga sabab bo‘larkan.

Avtomatik harakat hisoblagichlar, ya’ni yo‘llarda harakatning intensivligini va transport oqimi tarkibini aniqlash uchun mo‘ljallangan uskuna yo‘lchilarning ishini ancha osonlashtirmoqda. Bundan tashqari, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi yo‘l korxonalari balansida jami 5 051 ta yo‘l texnikalari (avtotransport – 2 613 ta, mashina-mexanizm – 2 438 ta) mavjud.

 Navbatdagi manzil – Yangi O‘zbekiston ko‘chasida «Avtoyo‘linvest» agentligi tomonidan olib kelingan maxsus texnika va jihozlarning funksional imkoniyatlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazilib, amaliy jarayonlari namoyish etildi.

  

Yo‘l va yo‘l bo‘ylab barcha ma’lumotlarni olish orqali yo‘l tarmog‘ining ro‘yxati va kadastrini yaratuvchi texnikalarning hammasi raqamlashtirilgan bo‘lib, yo‘l holati bo‘yicha ma’lumotlar qisqa fursatlarda institut bazasiga kelib tushadi.

Hatto bu jarayonda jurnalistlar ham ishtirok etishdi – haydovchi yonida, ancha masofagacha yo‘llarning holatini kompyuter orqali kuzatib borishdi.

 Laboratoriyada qum, sement, shag‘alning tarkibi ham o‘rganiladi                                        

Keyingi manzilimiz ilmiy-tadqiqot sinov laboratoriyasi bo‘ldi. Laboratoriyalarda xuddi o‘simliklar tarkibi o‘rganilgandek, ushbu maskanda qum, shag‘al, sement kabi qorishmalarning tarkibi o‘rganilarkan. Laboratoriya boshlig‘i Salohiddin Qurbonovning aytishicha bu yerda 6 yo‘nalish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Mintaqamizdagi asfalt qorishmalari, ularning tarkibi o‘rganilarkan. Yo‘llarga organika va noorganika mahsulotlari bilan ishlov berish, ko‘priklar uchun ishlatiladigan qorishmalarni o‘rganish ham shu yerda amalga oshirilarkan. 40 ga yaqin tajriba maydonlari qurilibdi. Germaniyadan keltirilgan laboratoriya jihozlari xodimlarning ishini osonlashtirmoqda. Yaqinda ilmiy ishlar uchun ajratilgan mablag‘lar o‘z natijasini bera boshladi, ya’ni kamchiliklar asta-sekinlik bilan barham etilmoqda.

Press-turdan chiqargan xulosamiz – yo‘lchilar qurgan yo‘llar ellarni-ellarga, manzillarni-manzillarga tutashtiruvchi muhim vositaga aylanib boraveradi.

                                                                                                                  Barno Sultonova

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring