Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buyragi xasta insonlarga COVID-19 qanchalik xavfli?

Buyragi xasta insonlarga COVID-19 qanchalik xavfli?

Dilfuza Akromxo‘jayeva.

Ochig‘i, koronavirus mavzusi hammani charchatdi. Kimlardir u haqidagi ma’lumotlardan to‘ygan bo‘lsa, kimlardir bu dard qoldirgan asoratlardan, ayriliqlardan hamon o‘ziga kelolgani yo‘q… Ko‘chaga chiqsangiz, bozorga tushsangiz, xuddi hayot iziga tushib ketgandek, ammo Xudo ko‘rsatmasin-u, shifo maskanlariga borib qolsangiz, ahvol hamon jiddiyligiga guvoh bo‘lasiz...

Bugungi suhbatdoshimiz Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining davolash ishlari bo‘yicha bosh shifokor muovini, oliy toifali nefrolog, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dilfuza Akromxo‘jayeva surunkali buyrak kasalligiga chalingan bemorlarda COVID-19 qanday xatar tug‘dirishi va dializga ehtiyoji balandlar nimalarni bilishi kerakligi haqidagi savollarimizga javob berdi.

– Buyragi xasta bemorlarga koronavirus qanday xavf soladi?

– Surunkali buyrak kasalligi bor bemorlarning COVID-19 ga chalinish ehtimoli juda yuqori. Xo‘sh, nima uchun? Chunki ular asosiy kasalliklari, masalan, qandli diabet, gipertoniya, semizlik, ateroskleroz kabilar bilan ham og‘rigan bo‘ladi. Shu bois bu guruhga kiruvchi bemorlar koronavirusga chalinsa, jiddiy asoratlar kuzatilishi, hatto, o‘lim xavfi yuzaga kelishi mumkin.

Ayniqsa, ushbu bemorlarimiz orasida doimiy tarzda sun’iy buyrak o‘rnini bosuvchi terapiya oladiganlar, buyrak transplantatsiyasini boshidan kechirganlar  koronavirusni juda og‘ir o‘tkazishadi. Bizga ma’lumki, fiziologik sharoitda immun tizimi tug‘ma va orttirilgan immunitet hisobiga tanadagi turli yallig‘lanish jarayonlarini nazorat qilish orqali himoyalaydi. Surunkali buyrak yetishmovchiligi bor bemorlar qonidagi doimiy uremik toksinlar gemodializ yo‘li bilan ham to‘liq chiqmasligi sabab ularning immun tizimida uremik intoksikatsiya tufayli o‘ziga xos chuqur patologik o‘zgarishlar yuzaga kelib, immun faollik pasayishi evaziga immunotanqislik holati kuzatiladi. Bu esa o‘z navbatida ikkilamchi oportunistik infeksiyalarning jadal rivojlanib ketishiga yaxshi sharoit yaratib beradi. Ustiga-ustak, bemorlar yondosh xastaliklardan ham aziyat chekishadi. Aynan yurak ishemik kasalligi, gipertoniya va boshqa dardlari sabab bizning bemorlar COVID-19ni og‘ir o‘tkazishga moyildirlar.

Hozirgi vaqtda koronavirus yuqtirganlarning ko‘p qismi oldin buyragi bilan bog‘liq shikoyati bo‘lmasa-da, ushbu xastalik tizimli tusda kechayotgani, ya’ni asosan mayda kalibrli qon tomirlarni jarohatlab (vaskulit va trombotik mikroangiopatiyalar), o‘tkir buyrak yetishmovchiligi asorati yuzaga kelyapti, ya’ni ularda buyraklar funksiyasining o‘tkir buzilishi kuzatilyapti. Natijada bemorlar qaysi profil va qayerda yotishidan qat’i nazar, sun’iy buyrak apparatiga ehtiyoj ortish muammosiga duch kelmoqda. Oddiy tushuntiradigan bo‘lsak, endi COVID ni davoladik deb turganda qo‘qqisdan buyrak to‘xtab qolyapti va dializga muhtojlik yuzaga kelyapti.

O‘zi surunkali tarzda dializga tushgan kasallarimizni shundoq ham bu muolajadan uzib bo‘lmaydi. Ular dializni bir umr olishadi. Mana, qanchalik murakkab va muammoli vaziyat bu…

– Bilamizki, COVID-19, avvalo, nafas a’zolarini zararlaydi. Lekin uning boshqa a’zolarni, jumladan, buyrakni qanday asoratlashi hozircha jumboq, to‘g‘rimi?..

– Ochig‘ini aytaman, men koronavirus bo‘yicha mutaxassis emasman, lekin bemorlarimiz asosan tizimli kasalliklar «iskanja»sida bo‘lgani uchun o‘z xulosalarimni keltirib o‘tishim mumkin.

Bilsangiz kerak, qizil yugurdak (krasniy volchanka) degan surunkali tizimli xastalik bor. U asosan biriktiruvchi to‘qima va qon tomirlarni zararlaydi, revmatologik kasallik hisoblanadi. Bu dardda tizimli, ya’ni autoimmun jarayon kechadi. «Auto» – o‘z immun tizimi, o‘z to‘qimasiga qarshi ishlaydi degani. Natijada nima bo‘ladi? O‘sha to‘qima va a’zo funksiyasi izdan chiqadi. Har qanday autoimmun kasallikda immun mexanizm – antigen-antitana mexanizmi yuzaga keladi. Qizil yugurdakda asos revmatologiya bo‘lsa ham, qarang, nechta a’zo zararlanadi: teri, buyrak, yurak, jigar, tomir, xullas, hammasi birin-ketin tizimli ishdan chiqadi.

COVID-19 ham shunga o‘xshash kechyapti. Virusning kuchliligidan jarayon juda tez rivojlanyapti va kimlardadir o‘pkaning, boshqalarida jigar, yurak, buyraklardagi nozik tomirlarning zararlanishi, tromblar hosil bo‘lishi, ya’ni gemorragik sindromlar kuzatilyapti. Mana shunday autoimmun jarayon hisobiga o‘tkir buyrak yetishmovchiligi holatlari ham kelib chiqayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin, yuqorida ta’kidlaganingizdek, bu kasallik hali biz uchun yangi, ya’ni jumboq.  Ilmiy izlanishlarning esa endi-endi ilk xulosalari aytilyapti.

– O‘z sohangizdagi bemorlarga koronavirus profilaktikasi bo‘yicha qanday maslahatlar bera olasiz?

– Surunkali buyrak kasalligi bilan nazoratda turuvchi bemorlar imkon qadar koronavirusga chalinmaslikka harakat qilishlari zarur. Ma’lumki, COVID-19 insondan insonga havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Shunday ekan, virusning og‘ir asoratlariga moyil kimsalar, jumladan, keksa yoshdagilar, dializ muolajasini oluvchilar, buyrak transplantatsiyasini o‘tkazganlar va boshqa surunkali kasalligi borlar, albatta, barcha profilaktik choralarni qo‘llashlari shart: ommaviy axborot vositalari tomonidan uzluksiz tarzda berib borilayotgan mutaxassislar tavsiyalarini amalda qat’iy qo‘llash, ya’ni o‘z-o‘zini izolyasiya qilish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish darkor.

– Mabodo bemoringiz koronavirusni yuqtirib olgan bo‘lsa-chi?..

– Bordi-yu, surunkali buyrak kasalligi bor va dializ olib yuradigan bemor COVID-19ga chalinib qolgan taqdirda ham muolajasini to‘xtatolmaydi. O‘zi bunday bemorlar haftada uch marta dializ olib turishadi. Ushbu jarayonda bitta xonada 10 – 14 nafargacha bemor 4 soat davomida dializ olib yotadi. Xo‘sh, agar ulardan birida koronavirus alomatlari aniqlansa, qanday chora ko‘riladi? Avvalo, kasallik alomati sezilgan yoki biroz issig‘i chiqqan bemor zudlik bilan dializ markaziga telefon qilib, mutaxassislarni ogohlantirishi va COVID-19ga test topshirishi darkor. Agar natija ijobiy chiqsa, u yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi maxsus gemodializ bo‘limiga o‘tkazilib, o‘sha yerda muolajasini davom ettiradi. Shunga qaramay, muolaja vaqtida va xavfsiz joyga yetguncha tibbiy niqobini yechmay, qo‘llariga tez-tez ishlov berib turishi shart.

Endi surunkali kasalligi bor-u, lekin dializ davriga yetib kelmagan bemorlarda koronavirus aniqlansa, ular COVIDga ixtisoslashtirilgan joylarda davolanishadi. Hozirda u yerlarda ham nefrologlar, boshqa tor doiradagi  malakali ixtisoslashgan mutaxassislar onlayn yoki oflayn tarzda o‘z maslahatlarini berib kelishyapti.

– Bugun COVID-19 sabab boshqa o‘lim ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan kasalliklar chetga surilib qoldi. Shunday emasmi?..

– To‘g‘ri aytasiz. Bilasizmi, nega shifokorlarimiz odamlarga D vitamini va qonning quyuq va suyuqligi juda muhimligini tinmay eslatishyapti deb o‘ylaysiz? Bu surunkali buyrak kasalligi bor bemorlarimizga ham taalluqli. Chunki qon bosimi doimiy yuqori bo‘lib yuradiganlar, chin ma’noda bo‘lmasa-da, baribir surunkali buyrak kasaliga kiradi, agar doimiy tarzda shifokor tavsiyalariga amal qilmay, asosiy qon bosimini bir me’yorda ushlab turadigan preparatlarni o‘z vaqtida qabul qilmasa, nishon a’zolar bo‘lmish yurak, miya, buyrak, qon tomirlar funksiyasi asta-sekin pasayishi mumkin. Demak, bu borada sog‘lom turmush tarziga amal qilish va sog‘lom ovqatlanishning ham o‘rni katta.

Yana aholimiz har xil ma’lumotlarga tayanib, ularni noto‘g‘ri tushunib, shifokorlar buyurgan va ayni paytda salomatligi uchun juda muhim bo‘lgan qon bosimini me’yorlashtiruvchi, qondagi qand miqdorini pasaytiruvchi dorilar qabulini to‘xtatib qo‘yayotgan ekan. Yo‘q, zinhor bunday yo‘l tutmaslik kerak, axir o‘zlariga jabr bo‘ladi-ku. Aksincha, ularni mutaxassis buyurgan tartibda qabul qilishlari, laborator tahlillar nazoratiga e’tibor qaratishlari, o‘z vaqtida shifokor ko‘rigiga borishlari shart. «E, dori ko‘payib ketdi» deb yoki faqat koronavirusni o‘ylab asosiy xastaliklarini esdan chiqarib qo‘yish yaxshi emas.

Hayotning bu kabi og‘ir sinovlarini, yaxshi va yomon kunlarini boshidan kechirgan xalqimiz hozirgi vaziyatni ham to‘g‘ri tushunib, masalaga ongli yondashsa, bu qiyinchiliklar albatta o‘tib ketadi. Biz shifokorlar esa ushbu murakkab davrda xalqimiz salomatligi yo‘lida o‘z bilim va kuchimizni aslo ayamaymiz!

Shohida Isroilova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring