Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda o‘z farzandini sotmoqchi bo‘lgan ota-onaga hukm o‘qildi

Buxoroda o‘z farzandini sotmoqchi bo‘lgan ota-onaga hukm o‘qildi

Foto: Pexels

Chaqaloq gapira olsaki: «Meni sotmang», deya uni dunyoga keltirgan ota-onasiga insof so‘rasa. Ko‘zlarini javdiratib, ular bag‘rida yashashga talpinayotganini bildirsa. Afsuski...

Ob-havoning sovug‘iga qaramay, hali dunyoga kelganiga ikki oy ham bo‘lmagan chaqaloqni o‘rab-chirmashdi. Sovuq. Qor. Go‘dakning yuzchalari chimchilangandek bo‘ladi. Ko‘zchalarini pirpiratib yig‘laydi. Yoshlari yuzchalarini yuvib o‘tsa-da, onasining ko‘zlariga ko‘zi tushib, qiqirlaydi. Ko‘krakka talpinadi. Bir tomchi sut uchun dunyoni chinqirib, buzishga tayyor... Afsuski, go‘dakning talpinishlari zoye...

Yo‘q, siz bilan 7 000 AQSh dollariga kelishganmiz. Soppa-sog‘lom bolani sotyapmiz sizga, kasalvandnimas! –  «cho‘rt» kesdi ota.

Ha, bor-yo‘g‘i, 400 dollar kam. Hozircha 6600 AQSh dollarini olib turing. Qolganiga men qarzdor! – dedi bolani sotib olayotgan ayol chaqaloqning sovuqdan qizarib ketgan yuzchalarini silab qo‘yar ekan.

Ota o‘z farzandini sotgani evaziga qo‘lga kiritayotgan 6600 AQSh dollarini ko‘rib, ko‘zlari o‘ynab ketdi. Pulni olib, hali «mijoz» yonidan uzoqlashmagan ham edi, qo‘llarini kishanda ko‘rdi.

«Voqea 2023-yilning dekabr oyida, izg‘irin sovuqda sodir bo‘lgan. H.J. hamda M.M.lar shar’iy nikohdan o‘tib, Buxoro shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida ijarada yashab kelishayotgan bo‘lgan. Noyabr oyida farzandlari M.Yu.ni dunyoga keltirishgan. Yengil-yelpi hayot tarziga o‘rgangan ota-ona farzandni boqib, uni katta qilish mas’uliyatidan qochishgan. Tekin boylik orttirish maqsadida hali tug‘ilganiga ikki oycha ham bo‘lmagan go‘dakni sotishga urinishgan. Ularga «mijoz» bo‘lgan R.N. va M.Q. ga bolani sotib yuborish evaziga 7000 AQSh dollari talab qilishgan. Kelishilgan miqdordagidan 400 dollar kam pulni qo‘lga kiritishayotganda, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlangan», – deydi Jinoyat ishlari buyicha Buxoro shahar sudi sudyasi Jo‘rabek Tojiyev «Xabar.uz»ga voqea tafsilotlari haqida ma’lum qilar ekan.

Avvaliga o‘z ayblariga iqror bo‘lmagan sudlanuvchilar ovoz yozuvlari hamda uni isbotlovchi dalillar oshkor qilingach, tan olishgan. Hech ikkilanishlarsiz bola tarbiyasidan va uni kamolga yetkazish tashvishidan qutilmoqchi bo‘lishganini bildirishgan.

«Sud hukmi bilan sudlanuvchilarO‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybli, deb topildi. Chaqaloqning onasi M.M.ga 5 yil, otasi H.J.ga 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi», – dedi Jo‘rabek Tojiyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring