Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT Isroilga talab qo‘ydi

BMT Isroilga talab qo‘ydi

BMTning Falastin bo‘yicha maxsus vakili Francheska Albaneze Isroil hamda unga qurol-aslaha yetkazib berayotgan davlatlardan G‘azo sektorida ommaviy qotilliklarni to‘xtatishni talab qildi.

“(G‘azoda) qancha bolalar ota-onalari, bobo-momolari bilan ochlikdan vafot etdi, tiriklay yoqib yuborildi yoki G‘arbda ishlab chiqarilgan bombalar tufayli qancha odamning tana a’zolari sochilib ketdi va qoplarga solindi?!” – deb yozdi BMT mulozimi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

BMTning Falastin bo‘yicha maxsus vakili Francheska Albaneze avval ham Isroilga qurol-aslaha yetkazishga cheklov qo‘yish, Tel-Avivga qarshi iqtisodiy, siyosiy va diplomatik sanksiyalar joriy etishni talab qilgandi. U, shuningdek, Isroilning BMTdagi a’zoligini vaqtincha to‘xtatish taklifi bilan chiqqan.

Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon 52243 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Ularning asosiy qismi bolalar va ayollardir. Vayronalar ostida minglab jasadlar qolayotgani aytilmoqda.

Euronews xabariga ko‘ra, so‘nggi sutkalarda Isroil hujumi oqibatida G‘azo bo‘lgasida 51 kishi halok bo‘ldi, 115 kishi jarohatlandi. Ular xavfsiz hudud deb e’lon qilingan chodirlarda jon saqlayotgan tinch aholi vakillari edi.  

Ayni paytda G‘azo sektorining 2,3 million aholisi hayotiga ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solmoqda.

So‘nggi 60 kun davomida Isroil armiyasi G‘azoga oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa birlamchi ehtiyoj mahsulotlarini ham o‘tkazmayotir. Xalqaro tashkilotlar hudud aholisi mislsiz insoniy falokat yoqasida ekani haqida bong urmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring