«Aloqabank» tizimida IT infratuzilma butunlay yangilandi (video)
Raqamli texnologiyalar hayotimizning turli sohalariga tobora chuqurroq kirib bormoqda va bank sektori ham bundan mustasno emas.
Bank tizimini raqamlashtirishning asosiy maqsadlaridan biri mijozlar uchun bank xizmatlarining qulayligi va ulardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashdan iboratdir. Mobil qurilmalar va internetning rivojlanishi bilan mijozlar istalgan vaqtda va istalgan joyda moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishni xohlashadi. Raqamli innovatsiyalar banklarga mobil ilovalar va onlayn-banking orqali keng ko‘lamli xizmatlarni taklif qilish imkonini beradi, bu esa moliyaviy boshqaruvni yanada moslashuvchan va qulay qiladi.
«Qulay hayot» loyihasining navbatdagi sonida bugunga kelib bank sektori qanday rivojlanayotgani va uni qanday kelajak kutayotganini muhokama qilamiz.
Bank tizimida raqamlashtirish jarayonlari, yangiliklar va mavjud muammolar xususida «Aloqabank» AT boshqaruv raisi o‘rinbosari Farrux Mahkamovga yuzlanamiz.
— Sohani raqamlashtirish jarayoni qaysi bosqichda, aynan qaysi yo‘nalishlarda ko‘proq texnologik yangiliklar kuzatiladi?
— Bank raqamlashtirish tizimini bir necha yo‘nalishlarda baholash mumkin. Dastlab, bank xizmatlarining qanchalik raqamlashganiga baho berish muhim. «Aloqabank» AT misolida oladigan bo‘lsak, hozirda «Zoomrad» mobil ilovasida 30 dan ortiq xizmat va 300 dan ziyod to‘lov turlari mavjud. Yuridik shaxslar uchun esa «Aloqa biznes» ilovasi ishga tushirilgan.
Yana bir muhim yo‘nalishlardan biri, ekotizim va hamkorlar bilan ishlashdir. Biz turli hamkor tashkilotlar bilan xizmatlarni integratsiya qilish orqali faoliyatni kengaytiramiz va mijozlarga yanada qulaylik yaratish uchun turli-xil start-ap loyihalarini moliyalashtiramiz, ular bilan ham keyinchalik faoliyat turi integratsiya qilinadi.
Raqamlashtirish jarayonlarini baholashda Ayti infratuzilma muhim o‘rin egallaydi. Aytish mumkinki, so‘nggi uch yilda «Aloqabank» tizimida Ayti infratuzilma butunlay yangilandi.
— Qaysi yo‘nalishlarda raqamlashtirishni kuchaytirgan ma’qul deb hisoblaysiz?
— So‘nggi besh yil ichida barcha bank tizimlarida jismoniy shaxslarga elektron xizmat ko‘rsatish jadal rivojlandi. Ammo yuridik shaxslar uchun bunday imkoniyatlar mavjud emas. Ayrim to‘lovlar, depozit va kredit bilan bog‘liq masalalarni hali ham bankka kelib hal qilishga majbur bo‘lishadi. O‘ylaymanki, tadbirkorlarga ham onlayn xizmat turlarini kengaytirish bugungi kundagi dolzarb masalalardan biridir.
Jahon tajribasiga asoslanadigan bo‘lsak, hozirda juda ko‘plab bank tarmoqlarida sun’iy intellektni qo‘llash orqali inson omilini kamaytirishga harakat qilinmoqda va bu samarali usuldir. Hozirda bizning sharoitimizda ham bu tendensiyani joriy etishga ehtiyoj bor deb hisoblayman.
— Statistikaga yuzlanadigan bo‘lsak, aholi qaysi bank xizmatlaridan ko‘proq onlayn foydalanmoqda, nimalardan esa bexabar?
— Zoomrad misolida oladigan bo‘lsam, hozirda 2,5 million foydalanuvchiga ega. Eng ko‘p yuzlanadigan Top 5 xizmatlardan, kartadan kartaga pul o‘tkazmalari, onlayn to‘lovlar, shuningdek oylayn depozit va onlayn konversiyani aytish mumkin. So‘nggi vaqtlarda mikroqarz bo‘yicha ham talab yuqori, 24/7 formatda ishlamoqda va fevral oyidan boshlab, offlayn formatda qarz berish butunlay to‘xtatilgan.
Ko‘pchilik aholi depozit qo‘yishdan foydalanadi, ammo alternativ sifatida investitsiya bo‘limi ham shakllantirilgan va bundan ular bexabar, endi turli korxonalarning aksiyalarini sotib olish imkoniyati mavjud.
— Bank xizmatlaridan foydalanish uchun aholidan ko‘plab ma’lumotnomalar talab etiladi. Xususan bank tizimining my.gov xizmatlari bilan integratsiyasi xususida gapirib bersangiz.
— Ilgari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan faqatgina davlat tashkilotlari foydalanish imkoniyatiga ega edi. O‘tgan yildan boshlab, bank tizimlari ham my.gov.uz bilan integratsiya qilindi va bu bank tizimi faoliyatini anchayin soddalashtirdi. Hozirda Raqamli texnologiyalar vazirligi va Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi bilan ikkita yo‘nalishda hamkorlik olib borilyapti. Zoomrad mobil ilovasida 16 ta davlat xizmatlarini joriy qildik. Shuningdek, ilovadagi identifikatsiya jarayonlarini amalga oshirishda my.gov.uzdagi ma’lumotlar bazasidan foydalanamiz.
— Bank xizmatlarining raqamlashtirish jarayonida, aholi faolligi qanchalik ortdi. Xususan kredit xizmatlaridan onlayn foydalanish, kredit olishga bo‘lgan talabni qanchalik ortirdi?
— Raqamlarda aytadigan bo‘lsam, ilgari bir oyda 30-40 ming mijozga xizmat ko‘rsatar edik, xizmatlarni raqamlashtirish va tashkilotlar bilan integratsiya natijasida bu ko‘rsatkichni 100 mingdan oshirga muvaffaq bo‘ldik.
— Bank tizimini raqamlashtirish bo‘yicha kutilayotgan yangilik va rejalar bilan bo‘lishsangiz.
— Kredit yo‘nalishi bo‘yicha, hozirda faqat onlayn mikroqarz yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, tez orada kreditlar turi ortadi. Onlayn formatda nafaqat bank xizmatlari, balki sug‘urta xizmatlarini ham integratsiya qilish bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti. Shuningdek, tadbirkorlar uchun onlayn xizmat turlari kengaytiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter