Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

90 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgan Kogonning sobiq prokurori 15 yilga «kesildi»

90 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgan Kogonning sobiq prokurori 15 yilga «kesildi»

Joriy yilning 13-fevral kuni Buxoro viloyati Kogon tumanining o‘sha paytdagi prokurori Bahodir G‘ulomov 90 ming AQSh dollari olayotganda qo‘lga olingani xabar qilingan edi.

16-fevral kuni esa Andijon viloyatining Xonobod shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev Kogon tumani sobiq prokurori haqida to‘xtalib, Bosh prokurorga maxsus topshiriq bergandi. 

Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Abidovning «xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, sobiq prokuror ustidan JIB Samarqand shahar sudida ko‘rilgan jinoyat ishida uning Jinoyat kodeksi 168-moddasi 4-qismi «a» bandi, 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi isbotlangan.

Sud tergovida aniqlanishicha, G‘ulomov tuman prokurori lavozimida ishlab kelib, 2024-yil yanvar oyi boshlarida o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan «New imperial oil» MChJ ekspeditori N.No‘’monov va xavfli retsidivist bo‘lgan Z.Adilov bilan jinoiy til biriktirgan. Ya’ni ular Buxoro viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan «Kogon yog‘ - ekstraksiya zavodi» AJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha jamiyat ta’sischilaridan biri M.I.ning ishonchiga kirib, jinoyat ishi doirasida unga nisbatan ayblov e’lon qilmaslik va jinoiy javobgarlik masalasini hal etmaslik masalasini Buxoro viloyat prokuraturasida ishlovchi mansabdor shaxslar orqali hal etishi mumkinligini aytib, 100 ming AQSh dollari miqdorida pora berishga dalolat qilishgan.

Shundan so‘ng B.G‘ulomov 2024-yil 15-yanvar kuni Buxoro shahridagi «Turon» mehmonxonasi oldida M.I. 2 nafar tanishi orqali yuborgan 100 ming AQSh dollarini jinoiy sherigi N.No‘’monov orqali olgan.

Bundan tashqari, B.G‘ulomov, N.No‘’monov va Z.Adilovlar jinoiy harakatlarini davom ettirib, Buxoro viloyat prokuraturasi tergov olib borilayotgan «Kogon yog‘ - ekstraksiya zavodi» AJga aloqador hamda jamiyat ta’sischisi M.I.ga tanish bo‘lgan to‘rt nafar shaxsni tergovga jalb qilmaslik va jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga takroran 100 ming AQSh dollari miqdorida pora berishga dalolat qilib, firibgarlik yo‘li bilan 44 ming AQSh dollarini 2024 yil yanvar oyida qo‘lga kiritgan. Shundan 10 ming AQSh dollarini Z.Adilov olib, qolgan 34 ming AQSh dollarini N.No‘’monov kelgusida B.G‘ulomovga berish uchun o‘zida saqlab kelgan.

Joriy yilning 13-fevralida esa M.I.ning arizasiga ko‘ra Buxoro shahar markaziy kasalxonasi yonida o‘tkazilgan tezkor tadbirda B.G‘ulomov ariza muallifi M.Ismadjanovdan tanishi N.No‘’monov orqali kimyoviy ishlov berilgan 56 ming AQSh dollarini olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi B.G‘ulomovga nisbatan 15 yil muddatga, N.No‘’monovga nisbatan 10 yil 9 oy muddatga hamda Z.Adilovga nisbatan 11 yil 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring