Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Normurodov

«Otdan tushgan» ulug‘larimiz, erinchoq artistlar, qisqarayotgan ikki tafovut... Muhim aksiyaga bosh qo‘shaylik

«Otdan tushgan» ulug‘larimiz, erinchoq artistlar, qisqarayotgan ikki tafovut... Muhim aksiyaga bosh qo‘shaylik

Piyodalarni sevish  kerak, piyodalar insoniyatning asosiy qismini tashkil qiladi. Dunyoni piyodalar bunyod etishgan... Hamma narsa taxt bo‘lib, kurrai zaminimiz ko‘rkam tus olgach, avtomobilchilar paydo bo‘lishdi. Piyodalar qurgan ko‘chalar avtomobilchilar ixtiyoriga o‘tib ketdi. Umuman, piyodalarning obro‘siga qattiq putur yetdi.

Bu satrlar 1931 yilda rus yozuvchilari — Ilf va Petrov tomonidan bitilib, ilk avtomobil namunalari ko‘chalarda paydo bo‘lgandayoq, piyodalarning keyingi taqdiri ehtimoliy xavotirga olingan edi.

Oradan salkam bir asr o‘tib, bu xavotir chinakkam xavfga aylanib ulgurdi. Bugun insoniyatning ajralmas  «bisot»iga aylangan avtomobil ohanrabosi sabab, dunyo sivilizatsiyasining ilk bunyodkorlari safiga ham tobora putur yetmoqda.

Toshkentda o‘tgan birgina aksiya sabab, ushbu noyob  «bisot» egalari ham birrovga piyodalarga aylanishdi va ikki toifa o‘rtasidagi tafovut qisqargandek bo‘ldi. Bu toifalar tafovuti bizda shu qadar ahamiyatliki, do‘st bo‘lish, quda-andachilik rishtalari bog‘lanishida, bordi-keldilaru, boshqa aloqalar asosi shunga qarab belgilanadi. Shu sabab ham hech kimning «otdan tushgisi» yo‘q.

Amerika, Yaponiya, Yevropa davlatlarida millionerlarni faqat bankdagi hisob jamg‘armasidan bilish mumkin. Ular oddiy odamlar qatori hiyobonlarda, dengiz qirg‘og‘ida piyoda sayr qiladi, velosiped minadi. Bizda bir kun mashinasiz yurib ko‘ring, mahalladagilar qaytishingizda salomingizga alik ham olmasligi mumkin. Shoyad odamlarni nufuzini, qadrini belgilovchi bu yomon tamoyil, endi ommalashayotgan «Avtomobilsiz kun» aksiyasi orqali yo‘qolib borsa, ajabmas. 

Ko‘pchilik ulug‘larimiz bosh qo‘shayotgan «Avtomobilsiz kun» jamoat loyihasi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 21 fevraldagi farmoni bilan keng jamoatchilik vakillari va ekologiya faollari takliflari asosida har oyda bir marta Toshkent shahrida  amalga oshirilishi  belgilangan edi.

29 mart kuni o‘tgan «Avtomobilsiz kun» jamoatchilik loyihasida vazirlik va idoralar, hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va mas’ul xodimlari ish joyiga jamoat transportida kelib, namuna ko‘rsatdi. Faqat shu aksiyaga ko‘pchilik diqqat-e’tiborida bo‘lgan mashhur shaxslar, xalq artistlari, aktyorlar, shou-biznes vakillari ham bosh qo‘shganida, loyiha yanada ommalashgan bo‘lardi.

Aksiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish, shaharlarda avtomobillar harakatini kamaytirish va jamoat transportini rivojlantirishdan iborat.

Yigirma birinchi asrda insoniyatni jiddiy tashvishga solayotgan muammolardan  biri — atrof muhitni ifloslanishi va atmosferaga chiqarilayotgan  turli chiqindi gazlarni inson salomatligiga yetkazayotgan salbiy oqibatlari.

Ma’lum bo‘lishicha, respublikamizda atmosfera havosiga jami zararli tashlamalarning 58 foizi (1,4 mln tonna) avtotransport vositalari ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 93 foizni (397 ming tonna) tashkil etadi. Demak, shu raqamlardan ham ko‘rinib turibdiki, bu «bisot»imizning  ekologiya ta’siri ancha jiddiy va xavotirli.

Biz avtomobilsiz yurgan har bir kunimiz bilan, avvalo, atrof-muhitni sofligiga katta hissa qo‘shsak, buning yana bir muhim jihati esa piyoda yurib salomatligimizni tiklaymiz. Ma’lumotga ko‘ra, piyoda yurish asab tizimi – miya faoliyati, harakat tizimini yaxshilaydi, asab hujayralarini kislorod bilan boyitadi, tinchlantiradi, uyqu me’yorlashadi,yurak-qon tomirlar tizimi – qon bosimini pasaytiradi, yurak faoliyatini yaxshilaydi. Oyoq mushaklarining ritmik qisqarishi hamda bo‘shashishi qon va limfa oqimini faollashtiradi. Harakat-tayanch tizimi – modda almashinuvini oshiradi, ortiqcha vaznni yo‘qotadi. Nafas olish tizimi – o‘pka faoliyatini yaxshilaydi. Ovqat hazm qilish tizimi – o‘t pufagi va ichaklarning to‘lqinli harakatlarini kuchaytirib, o‘t qopida tosh paydo bo‘lishi va qabziyatning oldini oladi. Endokrin tizimi – yog‘larning erishi va uglevodlarning parchalanishi hisobiga ortiqcha vazn yo‘qoladi, qandli diabetning oldi olinadi. Shuningdek, muntazam piyoda yurish immunitetni mustahkamlaydi. Mutaxassislar har kuni kamida yarim soat piyoda yurishni tavsiya qiladi.

Shunday ekan, o‘zini va kelajak avlod salomatligini o‘ylaydiganlar, endi barchamizga «otdan tushish» payti keldi. Va endi faqat belgilangan «Avtomobilsiz kun»ida  emas, kunda piyoda yurishni odat qilaylik.   

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring