Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Normurodov

Jahongir Otajonovdan o‘zgacha klip: Bu «ijod»lardan  maqsad nima?

Jahongir Otajonovdan o‘zgacha klip: Bu «ijod»lardan  maqsad nima?

Foto: YouTube

So‘nggi paytlarda o‘zining «qaynoq ijod»larini tortiq qilib charchamayotgan xonanda Jahongir Otajonovning kechagi klipi hammasidan oshib tushdi. O‘zi shundoq ham keyingi vaqtlarda muxlislar toqatini sinab, asablarni yoy kabi tarang tortayotgan xonanda bu safar tannoz ayollar qiyofasida ko‘rinish berdi.

Ayollar o‘rtasida odatga aylanib borayotgan shishirilgan lablar, boshqa  tana a’zolari, qo‘lga chizilayotgan har xil rasmlar (tatuirovka)larni  tanqid qilgan bo‘lib, o‘zi ham birma-bir o‘sha qiyofalarga kiradi. Bo‘yanib, hatto tanasiga sharlar joylab, ayollar ko‘rinishida harakatlar qilgan...

Qaysidir ma’noda u ko‘tarayotgan mavzu asoslidir. O‘zbek ayollari orasida labni shishirish, qomatni o‘zgartirish operatsiyasi avj olayotgani bor gap. Avvallari ayollarimizning latofatini uzun sochlaru, surmali ko‘zlar namoyon etgan bo‘lsa, endi barcha go‘zallik go‘yoki lablarga ko‘chgandek, selfichi qizlarimizning lablari cho‘chchaygan. Agarda jahon yulduzlari Rianna yoki Beyonsega taqlidlar shu tarzda ommalashgan bo‘lsa, bilib qo‘yingki, u qo‘shiqchilar buni ataydan qilishmaydi, bu shunchaki yaqin tarixi qaynoq Afrikaga borib tutashuvchi odamlarga xos tashqi ko‘rinish, xolos.

Lekin oxirgi klipni ko‘rib, Jahongir Otajonov ayollarni tanqid qilishni chindan ham xohlaganmikin degan xayolga boradi kishi. Bosh planda o‘zi — erkak kishi uchun yot obrazlarga kirishi, yasama tana a’zolarini silkitishi g‘alati... Biror aktyorni yollashi yoki boshqa kadrlar bilan asosiy urg‘uni qo‘shiqning o‘ziga qaratsa ham bo‘lardiku?!

Aftidan u  navbatdagi bachkana «shou»si bilan yana omma e’tiboriga tushishni xohlagan.

Shou-biznes, garchi chetdan qaralganda sirli va jozibali ko‘rinsa-da, aslida juda shafqatsiz va o‘ta kuchli raqobat olami. Bunda bugun eng e’zozlilar erta butkul unutilishga mahkum. Bugun hech kim bilmagan bir to‘pori ertaga bir klipi yo qilig‘i (!) bilan taniqli bo‘lib ketishi hech gapmas. Eng yomoni, Jahongir Otajonov kabi qachondir duppa-durust ijodi bilan tanilgan, endi esdan chiqayotganlar «yashab qolish» yoki o‘zini bir-bir eslatib turish uchun hatto janjal chiqarib, shov-shuv ko‘tarishdan ham toymayapti. Xonanda yaqindagina Ozoda Nursaidova bilan «g‘ijillashib» ko‘targan shov-shuvlari hali bosilmay turib, bu klipga qo‘l urdi. U bir paytlar kuylagan «Uchrashmadik», «Arazlamang», «Rashk», «Dog‘man» kabi xalqimiz sevgan qo‘shiqlar ohangi yodi, endi «Oq bulutlar» kabi tarqalib ketgandek.

Biz istardikki, «Qaddi baland» bu qo‘shiqchimiz qancha «O‘ynasa o‘ynasin-u» axloqiy mezonlardan «Cheta chiqmasin», yo‘qsa uning avvalgi ijodiga, uning san’atiga bu bir dog‘ bo‘lib tushishi aniq.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring