Namangan hokimi velosipedda, Ortiqxo‘jayev qo‘shiq kuylayapti... «Pareto qonuni» yoki tagi puch siyosiy piarlar haqida
So‘ngi paytlarda bo‘layotgan voqealardan juda kulgim qistaydi. Bizda har doim amaldorlar tomonidan ommaviy trendga chiqadigan harakatlar prezident gapirganidan keyin ro‘y beradi. Hali uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q, prezident kitob xaqida gapirdi. Shundan keyin hamma kattayu kichik, vazirlardan tortib hokimlargacha, o‘zlari o‘qigan maktablarga kitoblar sovg‘a qilishdi. OAVda katta-katta amaldorlarimiz tomonidan o‘qib chiqish tavsiya qilingan kitoblar ro‘yxatlari e’lon qilindi. Hamma xursand, ura-ura bilan o‘tib ketdi bu aksiya ham.
Kuni kecha prezident xalqqa yaqinroq bo‘lish xaqida gapirdi, keyin ko‘pchilik hokimlar boshlab yuborishdi. «Ispancha uyalish» degan termin bor, bilasizmi? Bunda kulgili ishlarni boshqalar qiladi, sening u ishlarga mutlaqo aloqang yo‘q, lekin nimagadur sen uyalib ketaverasan buni ko‘rib. Namangan shahar hokimi velosiped minib yurganini rasmini ko‘rdik, orqasida migalkali militsiya mashinasi. Toshkent shahar hokimi parkda qo‘shiq kuylayapti, ping-pong (stol tennisi) o‘ynayapti.
Albatta, men buni juda yaxshi tushunaman. O‘ziga xos piar bu. Siyosiy piar. Xalq ongida rahbar xalq bilan yaqin degan tushuncha uyg‘otish. Lekin shu «vspishka effekt»ga ega narsalar bir vaqtni o‘zida bir martalik aksiya sifatida aynan prezident aytganidan keyin modaga kiradida, ertaga yana unutiladi.
Nima uchun bizda real harakatlar qilib, xalqning og‘irini yengil qilish bilan emas, arzon, ensani qotiruvchi piarlar bilan ochko ishlashga urinishadi? Axir buning tagida hech narsa yo‘q-ku?
Mana misol uchun bu yil, Rossiya Federatsiyasining Yakutsk shahrida Sardana Avksenteva degan ayol shahar hokimi bo‘ldi. Hokim bo‘lishi bilan birinchi qilgan ishi hokimlikdagi qimmat yapon «jip»lari hisoblangan «Lend Kruzer» xizmat mashinalarini sotib yubordi. Amaldorlarni hokimiyat balansidagi oddiy UAZ mashinalariga o‘tqazdi. Mashinalar sotuvidan tushgan pullarni shahar uchun ijtimoiy arzonlashtirilgan taksilar ishiga sarflashga buyruq berdi.
«Qish Yakutiyadan boshlanadi» deb nomlangan katta festivalga taklif qilingan modeler Irina Krutikovani kelishini bekor qildirdi. Modelerga berilishi kerak bo‘lgan, shahar budjetidan ajratilgan 800 ming rublga esa shahar maktablariga havo tozalagichlar sotib olindi.
«Korsar» deb nomlangan balet konsertini ham bekor qilib, unga ajratilgan 1.5 mln. rublni shahardagi kutubxonalar, bolalar ijodiyot uylari va xalq san’ati markazlariga yo‘naltirdi.
Bulardan tashqari, qancha kerakmas amaldorlar shtatini qisqartirdi, xodimlariga korporativ bayramlarni bolalar uyi, qariyalar uylarida o‘tkazishga buyruq berdi.
Mana haqiqiy foydali piar. Albatta, bu ham o‘z o‘rnida piar. Bu ham siyosiy piar. Lekin bir narsani unutmaslik kerakki, bu piarning tagida real ishlar yotibdi va Yakutsk xalqi o‘z hokimidan qo‘rqishmaydi, o‘z hokimini xurmat qilish tugul, uni yaxshi ko‘rishadi. U qilayotgan piar ishlarning tagi bo‘sh emas. «Majnuntol»ni parkda kuylab yurgan qayoqdayu, xalqqa foydasi tegadigan ishlar bilan piar qilish qayoqda.
Ilm-fanda «Pareto qonuni» degan narsa bor, uning mohiyati shundaki, ilk 20 foiz harakat 80 foiz natija beradi. Qolgan 80 foiz harakat esa 20 foiz natija beradi, xolos. Shu so‘nggi kunlarda bo‘layotgan piar aksiyalari, bu shunchaki o‘sha 20 foiz natija uchun qilingan 80 foiz harakat xolos. Boshida daraxt kesish, monopoliya, uy buzish kabi 20 foizli harakatlar esa 80 foizik negativ natijalarni berib bo‘lgan allaqachon.
Yaqinda Andijon viloyati hokimidan ham haligi uy berish soxtakorliklarini yuvish maqsadida qilingan piarlar chiqib, bir yonib o‘chsa, ajablanmayman.
Biz bu piar aksiyalarni analiz qilganimiz bilan xalqning reaksiyasi ham oldindan hisobga olingan. Aholining hokimlar holatidan nolishi shunaqa arzon va effekti uzoq bo‘lmagan va tezda amalga oshiriladigan piar aksiyalariga start beruvchi qizil bayroqdir. Keyin... Keyin esa bular ijtimoiy tarmoqlarda shunchaki maqtovlar, hazillar, memlar, «milota»lar qilinib xalqqa yedirvoriladi. Muammolar kattaligini yo‘qotadi va xalq ichiga singib ketaveradi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter
Izohlar mavjud emas