Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Ikki qavatli uy qulashida ustalar aybdor bo‘lganmi? Yoki yolg‘on xabardan biror maqsad bormi?

Ikki qavatli uy qulashida ustalar aybdor bo‘lganmi? Yoki yolg‘on xabardan biror maqsad bormi?

Samarqandda ikki qavatli uyning qulashi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda yana bir videolavha tarqaldi.

Videolavha boshlovchi qizning «Ko‘rib hayron qolasan kishi. Mana bular qo‘shnisining ikki qavatli uyi qulashiga sabab bo‘lgan kotlavanni qurgan ustalar» degan gapi bilan boshlanadi. Tasvirda qo‘lida belkurak bilan turgan va masxaromuz kulayotgan 4 nafar ishchi ko‘rinadi. «Ustalar juda xursand ko‘rinadi, – davom etadi boshlovchi. – Aftidan, uy qurdirayotgan odamning hech qanday aybi yo‘q.»

Tasvirning shu joyida Samarqand viloyati, Pastdarg‘om tumani markazida 14 may oqshomida qulagan uy videosi montaj bilan ulangan. Keyin tasvir yana handaqdagi ustalar sahnasiga ko‘chadi. Boshlovchi kadr ortidan davom etib, «ustalar o‘yin qilib o‘yindan cho‘g‘ chiqqan ko‘rinadi. Chunki ustalar qo‘shnining ikki qavatli uyi poydevori ostidan o‘yin qilib eshik ochib ko‘rishgan ekan» deydi. Tasvirda ustalar handaqqa tutashgan bino poydevori ostidan ochilgan darcha o‘rni ko‘rsatiladi va shu joyga ishora qilib «Marhamat, kelinglar» deyishadi. Keyin Samarqanddagi uyning qulash jarayonining old plandan tasvirga tushirilgan joyi ko‘rsatiladi.

Pastdarg‘om tumani Juma shaharchasi, Samarqand ko‘chasi, 28-manzildagi qulagan uy egalari ustalar ayblangan videolavhani yolg‘on, ya’ni feyk deb aytdilar.

«Bu bizni uyimiz emas-ku. Bu umuman boshqa joy. Bizni uyimiz oldida shlokablokdan devor qilinmagan. Uyimiz qulashiga sabab bo‘lgan handaq tunuka bilan o‘ralgan. Bu tasvirda esa ko‘cha tomondan chorpoya turibdi va unga yondash shlokoblokdan devor bor. Bundan tashqari, videoda chuqurlik ikki metrcha qazilgan. Bizning uyimiz orqasi 5 metrcha qazilgan edi», deydi Jamshid Murodullayev.

Xo‘sh, feyk videolavha tarqatishdan maqsad nima? Tuturuqsiz kanallarning odatdagi obunachi yoki layk to‘plashimi?

Xalqimizda bir gap bor, yordam berolmaysanmi, zararing ham tegmasin. Feyk video uysiz qolgan, shusiz ham iztirobdagi xonadon a’zolari yarasiga tuz sepmaydimi? Kamiga montaj orqali yolg‘on ma’lumot tarqatilgan videoni qurilish egalari uyushtirgan degan gaplar ham yoyilmoqda. Mabodo bu gapga asos bo‘lganda ham, bu qurilish ishida noqonuniylikni yanada bo‘rttiradi. Zero, savdo markazi qurilishida ishlayotgan ishchilarning har bir harakati nazoratda bo‘lishi kerak.

Videodan ko‘rinib turibdiki, tasvirdagi «ustalar» Juma shahri va uning atrofiga xos bo‘lmagan shevada gaplashyapti. Video qachonlardir, qayerdadir olingan bo‘lsa ham ishchilar poydevor ostida shunday tajriba o‘tkazayapti ekan, o‘sha joylarda ham o‘zboshimchalik, qurilish normativlarini buzish holatlari borligini ko‘rsatadi. Shu joyida qulagan uy egasining «Ko‘chadan olib kelingan kishilar ishlashdi» degan gapi yodga tushadi.

Shaharsozlik qoida va normalari bo‘yicha qurilishda ishlaydigan usta bo‘lsin, mardikor bo‘lsin, qurilish egasi u bilan shartnoma tuzishi kerak. Bu ishchining xavfsizligi, ish haqini kafolatlashi barobarida qurilish normalariga amal qilish majburiyatini ham yuklaydi. Afsuski, qurilish egalari shartnoma tuzish orqali yuzaga keladigan ortiqcha xarajatdan qochib va yoki beparvolikdan, qator holatlarda umuman qurilish sohasida tajribaga ega bo‘lmagan shaxslar, ishchilarni jalb qiladi, tepasida o‘zi qarab turmaydi.

Mustahkam Tangriyorova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring