Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baxtiyor Sheraliyev

Muammodan qutulish uchun undan qochish emas, uni hal qilish kerak!

Oy qutbida muzliklar bor — ishonchli dalillar topildi

Oy qutbida muzliklar bor — ishonchli dalillar topildi

Foto: NASA

Gavayi va Braun universitetlari tadqiqotchilari professor Shuai Li boshchiligida Oyning qutb tomonida muzliklar borligiga oid ishonchli dalillarni qo‘lga kiritishdi. Bu haqida Milliy fanlar akademiyasi xabarlari («PNAS») nashrida chop etilgan ilmiy maqolada xabar berilmoqda.

Oydagi muzliklar joylashuvi va miqdori Quyosh tizimidagi boshqa osmon jismlari, jumladan, Merkuriy va Sereranikidan keskin farq qiladi. Bu holat Oyning o‘ziga xos shakllanish va hosil bo‘lish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ushbu muz qatlamlaridan kelajakda Yerning tabiiy yo‘ldoshini tadqiq etish vaqtida foydalanish mumkin bo‘ladi.

Professor Li va uning hamkasblari Oy yuzasida suv borligini tasdiqlashda Oyning qutb qismidagi uchta alohida hududni NASA ning «Moon Mineralogy Mapper»​ («M3») uskunasida tekshirib ko‘rishdi.

«M3» uskunasi «Chandrayaan​-1» kosmik apparatiga joylashtirilgan bo‘lib, 2008-yilda Hindiston koinot tadqiqotlari tashkiloti tomonidan ishga tushirilgan. U Oy sirtida muzliklar borligini tadqiq etishga asoslangan asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Uskuna Oy sirtidagi muzliklardan qaytayotgan nurlarni qabul qilishdan tashqari, uning tarkibidagi molekulalarning infraqizil nurlarni yutish xususiyatini tekshira oladi, bu esa Oy sirtidagi suv qaysi agregat holatda, ya’ni suyuq, gaz yoki qattiq ko‘rinishda ekanligini aniqlash imkonini beradi.

«Yangi topilgan oy muzliklari uning qutb tomonidagi ulkan kraterlar soyasi ostida turibdi. Oyning o‘z o‘qi atrofida juda kichik burchak ostida aylanishi tufayli ushbu hududlarga deyarli quyosh nuri tushmaydi va shu bois bu mintaqalardagi harorat -157 darajadan yuqoriga ko‘tarilmaydi», — deyishdi tadqiqotchilar.

Foto: NASA

NASA ning «M3» uskunasida suratga olingan yuqoridagi Oyning janubiy (chapda) va shimoliy (o‘ngda) qutblari tasvirida katta va kichik kraterlar ichidagi ko‘k rangda tasvirlangan muzliklarni ko‘rish mumkin. Yuqori aniqlikda tadqiq etilgan ushbu tasvirlar Oy sirtida rostdan ham muzliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Bundan avvalgi tadqiqotlarda Oyning janubiy qutbida muz qatlamlari mavjudligiga ishora qiluvchi kichik belgilar qo‘lga kiritilgan, lekin bu holatni Oy tuprog‘ining nurlarni o‘zida aks ettirish xususiyati bilan izohlash mumkin edi.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha, Oy yuzasida muz qatlamlarining bo‘lishi, hattoki ular bir necha millimetr qalinlikda bo‘lsa ham, kelajakdagi Oy sirtida o‘tkaziladigan ekspeditsiyalar uchun ulkan resurs vazifasini o‘tay oladi. Undan ichimlik suvi olish yoki uni kislorod va vodorodga parchalash orqali raketalarga yonilg‘i hamda nafas olish uchun kislorod zaxirasiga ega bo‘lish mumkin. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring