Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baxtiyor Sheraliyev

Muammodan qutulish uchun undan qochish emas, uni hal qilish kerak!

Koronavirus yuqtirgan odam tez halok bo‘ladimi? Uning davosi bormi? (yangi virus bo‘yicha savol-javoblar)

Koronavirus yuqtirgan odam tez halok bo‘ladimi? Uning davosi bormi? (yangi virus bo‘yicha savol-javoblar)

Ayni damda Xitoyda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik olim Baxtiyor Sheraliyev koronavirus bo‘yicha ayrim savollarga izoh berdi.

Koronavirus yuqtirgan odam tezda halok bo‘ladimi? Uning davosi yo‘qmi?

Koronavirus yuqtirganlar tezda o‘lmaydi, bunday bo‘lishi mumkin emas. Yer yuzida odamga yuqishi bilan odamni tezda halok qiladigan viruslar yo‘q (filmlardagi fantastikalar real hayotga to‘g‘ri kelmaydi). Vuhan koronavirusi nafas olish yo‘llaridagi shilliq epiteliy qavati hujayralarda yaxshi ko‘payayotgani bois o‘pka zotiljami kasalligini keltirib chiqarmoqda. Virus yuqqan odam shifokor nazoratida bo‘lsa u yuqori ehtimollik bilan tuzalib ketadi.

Kimlar koronavirusdan o‘lmoqda?

Yaxshi savol. Vafot etayotganlarning aksariyati virus yuqtirgunigacha nafas olish sistemasida muammosi bo‘lgan, avvaldan o‘pka zotiljami, o‘pka sili, surunkali bronxitning og‘ir formasi bilan og‘rigan katta yoshli bemorlar bo‘lmoqda. O‘zi shundoq ham zo‘riqib ishlayotgan organizmga koronavirus xavfli ta’sir qilmoqda va shuning oqibatida organizm kislorod qabul qilish bilan kuchli muammoga duch kelmoqda. Yuqoridagi kasalliklari bor odamlar virusdan ehtiyot bo‘lishlari kerak.

Koronavirusdan o‘layotganlarning soni borasida statistika bormi?

Men ham ayni mana shu statistikani izlayapman. Mendagi ma’lumotga ko‘ra koronaviruslardan vafot etganlarning eng yoshi 36 yoshda, eng qarisi esa 89 yoshda bo‘lgan. Lekin hozircha ularning o‘rtacha yoshi qancha bo‘lgani borasida statistikani topa olmadim. Vafot etganlarning barchasi Xitoyda; Xitoydan tashqaridagi davlatlarning birortasida hozircha koronavirus bilan bog‘liq o‘lim holati kuzatilmadi.

Men sog‘lomman. Immunitetim ham yaxshi. Xitoydan uyga qaytayotganimda virus yuqsa davolansam tuzalamannmi yoki shu bilan tamommi?

Avvalo virus yuqishdan xudo asrasin. Lekin virus yuqqach va alomatlari sezilgach imkon qadar shifokorga murojaat qilish kerak. O‘z bilganicha davolashga harakat qilish aslo mumkin emas! Xitoylik mutaxassislarning aytishicha, agar sog‘lom, immuniteti yaxshi bo‘lgan odam virus yuqtirsa unda jarayon xuddi gripp bo‘lgandek kechadi. Ruhiyatni ko‘tarib, yaxshi ovqatlanib, simptomatik davolasa immunitetiga qarab bir yoki ikki haftada tuzalib ketadi.

Quyidagi diagrammada koronavirusdan halok bo‘lganlar va sog‘ayganlar soni ko‘rsatilgan. E’tibor bersangiz so‘nggi ikki kunda sog‘ayganlar soni oshgan va deyarli halok bo‘layotganlar soniga yetib qolgan. Qolaversa nKoV-2019 koronavirusining o‘lim ko‘rsatkichi 2% ni tashkil etmoqda. Bu degani koronavirusga chalingan har 100 odamning 2 tasi halok bo‘lmoqda. Bu ko‘rsatkich Sars koronavirusida 10%, Mersda esa 34% ni tashkil etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring